7 noyabr kuni poytaxtga tashrif buyurgan Sankt-Peterburg shahri gubernatori Aleksandr Beglov va Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev G‘alaba bog‘ida qurilishi rejalashtirilgan Leningrad monumenti haykaliga tamal toshini qo‘yishdi, deb xabar berdi Sankt-Peterburg adminstratsiyasi.

Ushbu haykal qamaldagi Leningraddan evakuatsiya qilinganlarni qabul qilgan o‘zbek xalqiga minnatdorlik belgisi sifatida o‘rnatiladi, deyiladi xabarda.

«Leningradlik-peterburgliklar qalbida qamalda qolgan, Leningradni himoya qilgan o‘zbek askarlariga chuqur minnatdorlik hissi bor. Bizni minglab evakuatsiya qilingan leningradliklarni o‘z yerlariga qabul qilgan respublika aholisi xotirasi birlashtiradi», — dedi Aleksandr Beglov.

Foto: Sankt-Peterburg adminstratsiyasi matbuot xizmati

Shuningdek , u Sankt-Peterburg nomidan Ikkinchi jahon urushi yillarida 5 mingdan ortiq Leningrad blokadasidan omon qolganlarga boshpana bergan O‘zbekistonga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Poytaxt hokimligida Sankt-Peterburg shahrining gubernatori Aleksandr Beglov boshchiligida Shimoliy poytaxtning ijro hokimiyati, savdo-iqtisodiy, madaniy va ishbilarmon doiralari vakillaridan iborat delegatsiyasining tashrifi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.

Aleksandr Beglov Sankt-Peterburgni Toshkent va Rossiyaning shimoli-g‘arbiy mintaqasi bilan hamkorligi uchun aloqa markaziga aylanishga tayyorligini ta’kidladi, bu «shubhasiz, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hajmini oshirishga xizmat qilishini» qayd etdi.

Sankt-Peterburg rahbari, shuningdek, shahar meva-sabzavot, to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berishni kengaytirish, tibbiyot turizmini rivojlantirish, ta’lim, ekologiya, iqtisodiyot, ijtimoiy va yoshlar siyosati, mehnat migratsiyasi, qurilish sohalarida hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini aytdi.

Toshkent hokimi Sankt-Peterburgda O‘zbekiston to‘qimachilik yarmarkasini tashkil etishni taklif qildi va Rossiyaning shimoliy poytaxti investorlari ishtirokida Toshkentda mebel ishlab chiqarishni kengaytirishdan manfaatdor ekanini ma’lum qildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

«Peterburgliklar O‘zbekistondan kelayotgan yuqori sifatli meva-sabzavot mahsulotlarini yaxshi bilishadi va qadrlashadi. Shahrimiz ta’minotni kengaytirishdan manfaatdor. Biz Sankt-Peterburgda O‘zbekistondan mahsulotlarni tarqatish va sotishga yo‘naltirilgan ulgurji tarqatish markazlari tarmog‘ini yaratish loyihasini amalga oshirish imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz», — dedi Aleksandr Beglov. Uchrashuv ishtirokchilari mehnat migratsiyasi sohasida ham aloqalarni mustahkamlash zarurligini ta’kidladi.

Gubernator Otriqxo‘jayevga 2023 yilda Sankt-Peterburgda Toshkent kunlarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqishni taklif qildi. Uchrashuv ishtirokchilari turizmni, jumladan, tibbiy turizmni rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qildi.

Toshkent shahar hokimi Sankt-Peterburgning sog‘liqni saqlash, ta’lim, iqtisodiyot, savdo, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat munosabatlari va boshqa sohalardagi hamkorlik tashabbuslarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Uchrashuv yakunida tomonlar — Toshkent shahar hokimligi va Sankt-Peterburg hukumati o‘rtasida 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy sohalardagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini imzoladi.

Reja savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha bandlarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, shu qatorda mehnat va ijtimoiy siyosat, fan va ta’lim, uy-joy-kommunal xizmat ko‘rsatish, madaniyat va sport, ekologiya, yoshlar sohalarida hamkorlikni chuqurlashtirishni nazarda tutadi.