Ijtimoiy tarmoqlarda Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahridagi IIB binosidan 14 yoshli o‘smir murdasi chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, Uchko‘prik tumani Sulton MFYda yashagan 2007 yilda tug‘ilgan R.A. 16 oktabr kuni Buvayda tumani Yangiqo‘rg‘on qishlog‘ida joylashgan «Ansor» savdo majmuasida o‘g‘rilik qilmoqchi bo‘lgan. IIB xodimlari uni qo‘lga olganidan so‘ng, Qo‘qon shahridagi viloyat IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirgan.

«17 oktabr kun voyaga yetmagan R.A. ning sog‘lig‘i yomonlashib, hushidan ketganligi sababli shahar tez-tibbiy yordam xodimlari chaqirilib, unga yordam ko‘rsatilishiga qaramasdan, shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtida vafot etgan», — deyiladi xabarda.

Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki xulosasiga ko‘ra, marhumning o‘limiga «bosh miya kalla yopiq shikasti, miya qattiq parda ostiga qon quyilishi, bosh miya moddasining lat yeyishi» sabab bo‘lganligi ko‘rsatilgan.

YouTube`dagi kanal muallifi Olimjon Xaydarov 19 noyabr kuni 15 yoshga to‘ladigan o‘smir savdo do‘konlarining birida 16700 so‘mlik mahsulot xarid qilib, pulini to‘lamay chiqib ketganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shundan so‘ng bola Qo‘qon shahar IIBning uzoq vaqtdan beri jinoyat sodir etib kelgan bir necha o‘smirlar ham bo‘lgan Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaziga joylashtirilgan. Qayd etilishicha, bir guruh o‘smirlar uni kaltaklagan va mazah qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Qo‘qon shahar prokuraturasi tomonidan 18 oktabr kuni Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi «d» bandi (Jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tergov harakatlari davomida, jinoyatga bevosita aloqador ikki nafar shaxsga nisbatan ayblov e’lon qilinib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Shuningdek, holat yuzasidan IIB Voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazi xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi tayinlandi.