3 noyabrda «Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlarni tayyorlash hamda ilmiy tadqiqotlar tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori [PQ-414-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda uning filiallarida ta’lim dasturlari xalqaro reytingda yuqori bo‘lgan xorijiy OTM dasturiga ko‘ra shakllantiriladi.

2023/2024 o‘quv yilidan quyidagilar kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlarini topshirishdan ozod qilinadi va ularga maksimal ball beriladi:

  • O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi faxriy unvoniga ega sportchilar;
  • Xalqaro toifadagi O‘zbekiston sport ustasi yoki xalqaro grossmeyster sport unvoniga ega sportchilar;
  • O‘zbekiston sport ustasi yoki O‘zbekiston grossmeysteri sport unvoniga ega sportchilar;
  • Olimpiya va Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari dasturiga kiritilgan sport turlari bo‘yicha respublika chempionatlarida oxirgi bir yilda g‘olib (1-o‘rin) bo‘lgan sportchilar.

Jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlarida 2023 yil 1 yanvardan Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi joriy qilinadi.

2023 yil 1 yanvardan «Jismoniy tarbiya va sport mashg‘ulotlari nazariyasi va metodikasi» ixtisosligi bo‘yicha pedagogika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi Ilmiy kengash tashkil qilinadi.