Toshkent shahri, Sirdaryo, Farg‘ona va Namanganda narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanganlar aniqlandi. Bu haqda DXXning joylardagi boshqarmalari xodimlari o‘tkazgan reyd tadbirlarida ma’lum bo‘ldi.

Xususan, Toshkent shahrining Yunusobod tumanida 46 yoshli buxorolik va 64 yoshli jizzaxlik ikki fuqaro 874 gr «opiy» moddasini 18 ming AQSh dollariga sotmoqchi bo‘lgani haqida xabar berildi.

Tezkor tadbirda Tojikistondan keltirilgan ushbu narkotik moddaning asl egasi Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi 66 yoshli shaxs ekani aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.


Yana bir holatda, sirdaryolik 46 yoshli fuqaro (muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan) 37 yoshli toshkentlik tanishi bilan Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanida uchinchi shaxsdan ikki dona o‘ramdagi narkotik modda olgan. Aniqlanishicha, u qo‘shni Tojikiston o‘tkazilib, xufiyona joyga yashirib ketilgan bo‘lgan, deyiladi DXX xabarida.

Tafsilotlarga ko‘ra, ikki shaxs uni o‘zaro teng bo‘lishib, biri Bo‘ka tumani tomon, ikkinchisi esa Toshkent shahri tomon ketgan.

DDXning Sirdaryo viloyati boshqarmasi va bojxona xodimlari ulardan birini Ohangaron tumanida 988 gr «gashish» bilan, ikkinchisini esa Toshkent shahrining Yashnobod tumanida 887 gr «gashish» moddasi bilan qo‘lga oldi.



Shuningdek, Farg‘onaning Quvasoy shahrida yashovchi 35 yoshli, muqaddam sudlangan fuqaroni Qirg‘izistondan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan 1 kgdan oshiqroq «gashish» moddasini kelgusida sotish maqsadida viloyatiga olib kelgan vaqtida DXX xodimlari qo‘lga olgani ma’lum bo‘ldi.



Yana bir holatda ikki farg‘onalik fuqaro Qirg‘izistondan keltirilgan 974 gr «gashish» moddasini Quva tumanida qabul qilib olib, viloyat markaziga ketayotgan vaqtida ushlangani aytilmoqda.

Tezkor reyd tadbirlari Namangan viloyatining Mingbuloq tumanida ham o‘tkazildi. Unda Andijonning Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi muqaddam sudlangan fuqaro va yana bir shaxs 430 gr. «gashish» moddasini sotmoqchi bo‘lgan vaqtida qo‘lga olindi.

Ma’lum bo‘lishicha, ular Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan mazkur giyohvandlik vositasini Qo‘rg‘ontepa tumanida yashovchi, 22 yoshli (muqaddam sudlangan) shaxsdan olganligi aniqlanib, u ham ushlandi.


Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.