2 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Senat.uz rasmiy saytini hakerlar buzib kirdi. MY5 kanalida efirga uzatilgan reportajda buni 14 yoshli yigitlar qilgani aytildi. IIVning Kiberxavfsizlik markazi esa buni inkor etib, kiberhujumni namanganlik fuqaro bajarganini ma’lum qildi.

Rasmiy saytga hujum bo‘lgan paytda uning ichiga «Kiberxavfsizlik markaziga salomlar» hamda «sizning tizimingiz hakerlar jamoasining logotipi tomonidan buzib kirildi» degan yozuv qoldirilgandi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rasmdan skrinshot

MY5 telekanalida berilgan reportajga ko‘ra, MarshGolden jamoasining 6 nafar o‘smirlari 2018 yildan boshlab turli davlat tashkilotlarining rasmiy saytlarini buzib kelgan. Jamoa boshchisi sifatida keltirilgan fuqaro birinchi hujumini 2019 yilda kundalik.com saytiga uyushtirgan va o‘zining baholarini to‘g‘rilab olgan.

Foto: MY5

U paytda [sayt] ancha zaif edi. Jamoa yig‘ib hamma bilan ish qilishni boshlaganmiz. Unda baholarimizni to‘g‘rilab olganmiz. 2 noyabr kuni soat 11:00 da hali beri sayt zaif vaqtida davlatga saytning zaifligini ko‘rsatish maqsadida Senat.uz saytiga kiberhujum amalga oshirdik, deya ta’kidladi u.

Kiberxavfsizlik markazi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bu ishni qilgan haqiqiy haker Namangan viloyatining Norin tumanida yashovchi fuqaro bo‘lgan. Ular buni 3 noyabr kuni aniqlagan.

«Men Namangan viloyatining Norin tumanida tug‘ilganman. Bu hujumni 2 noyabr kuni tahminan soat 11:00 larda bajardim. Shunchaki saytning zaifligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edim. 28 oktabr kuni web-saytning egalariga bu haqida report [ogohlantirish] qilingan, lekin, javob kelmadi. Shu sabab bu ishni qilgim keldi», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, MY5 kanaliga intervyu bergan gumondorlarning hamma aytgan gaplari yolg‘on.

«Bu intervyudagi hamma aytilgan gaplar yolg‘on. MarshGolden`ni men yaratganman. Telegram kanal ham menga tegishli, uning admini ham menman, dedi fuqaro.

Namanganlik fuqaro bu ishlarning noqonuniy ekanini bilmagani, soha xodimlari uning uyiga kelib, buni tushuntirganini ma’lum qildi. «Qilgan ishimdan pushaymonman», — deya qo‘shimcha qildi u.

Hozirda voqea bo‘yicha daliliy ashyolar yig‘ilib, holatga huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlar ish olib bormoqda.

Senat sayti esa 2 noyabrning o‘zida faoliyatini qayta tiklash choralarini ko‘rdi.