Argentina

Har safar jahon chempionati boshlanishidan oldin argentinaliklarning chempionlik salohiyati haqidagi fikrlar salmoqli va bir xil yangray boshlaydi. “Albiselesta” 1978 va 1986-yillarda ikki marta jahon chempioni, shuningdek, uchtasida kumush medal (1930, 1990, 2014) sohibiga aylangan. Argentina terma jamoasining ro‘yxati bizga jamoaning imkoniyatlarini faqat chempionlik vektorida ko‘rib chiqishga imkon beradi, ammo so‘nggi yillarda bu jamoada hammasi unchalik ham yaxshi emas edi.

Asosiy argentinalik va ko‘pchilik uchun jahon futboli yulduzi Lionel Messi asosiy terma jamoada o‘ynashni boshlaganidan beri har bir bosh murabbiy ushbu dahoning atrofida jamoaviy o‘yinni qurishdek mashaqqatli missiyaga duch kelmoqda. 2018-yilda Argentina terma jamoasi bosh murabbiyligi lavozimiga yana bir Lionel — Skaloni tayinlandi.

Foto: AFA / Twitter

Copa America-2021'da Messi nihoyat “Albiselesta” bilan chempionlikni qo‘lga kiritdi va yangi murabbiy yetti karra “Oltin to‘p” sohibining imkoniyatlarini ochadigan sxemani topdi.

Argentinaliklar Qatarga yaxshi, muvozanatlashtirilgan tarkibni olib kelishmoqda. U faol hujumkor o‘yin uchun ham, ikkinchi raqamli jamoa sifatida o‘ynash uchun ham mos keladi — bunday holat hozir ushbu jamoada ham kuzatiladi. Hujumkor o‘yin Rodrigo de Paul yoki Paredes va Messi kabi kreativ o‘yinchilar tomonidan ta’minlanadi. So‘nggi chegarada esa xotirjamlikni “Aston Villa” darvozaboni Emiliano Martines saqlaydi.

Argentina asosiy tarkibining birdaniga uchta o‘yinchisi — Lautaro Martines, Lo Chelso va Anxel Di Mariya davom etayotgan mavsumda unchalik ham yorqin ko‘rinmayapti. Ammo, ishonamizki, ularning “sport formasi"dan qo‘rqish milliy terma jamoaga xos ish emas. Musobaqa tarixining asosiy qahramonlariga pley-off bosqichiga qadar yuqori “formaga” chiqib olish tavsiya etiladi — Argentina terma jamoasi Jahon chempionatini Saudiya Arabistoniga qarshi o‘yin bilan boshlaydi, keyin esa asta-sekin o‘yinlarga kuch qo‘shish mumkin.

Meksika

Bu mamlakat terma jamoasi jahon chempionatlarida 17 marta qatnashgan va 1994-yildan buyon doimiy ravishda qatnashib kelmoqda. 1970 va 1986-yillardagi uy turnirlarida “uchranglilar” o‘yinchilari o‘zlarining eng yaxshi natijasiga erishib, chorak final bosqichiga yetib borishgan va “o‘z uyingda devorlar ham yordam beradi” degan siyqasi chiqqan gapning haqiqat ekanligini tasdiqlashdi.

Meksikaning amaldagi terma jamoasiga nisbatan qo‘llaniladigan “texnik futbol” va “eng yaxshi kunlari ortda qolgan faxriylar” mazmunidagi stereotiplar qismangina to‘g‘ri. Argentinalik mutaxassis Xerardo Martino meksikaliklarning o‘yinini ajoyib tarzda o‘zgartirib, jamoaga maksimal natija uchun zarur bo‘lgan “ekspulsivlik” va “faxriylik” nisbatini aniq o‘lchab chiqdi. Agar kerak bo‘lsa, Yevropada o‘zini ko‘rsatgan futbolchilar: Italiyaning “Napoli” klubi vingeri Irving Lozano, Niderlandiyaning “Ayaks” klubi himoyachisi yarim himoyachi Edson Alvares va inglizlarning “Vulverxempton” jamoasi hujumchisi Raul Ximenes tufayli jamoa tez va sodda tarzda harakatlana oladi. Biroq hujumchi boshidan olgan og‘ir jarohatidan tuzalishi uchun juda uzoq vaqt kerak bo‘ldi, bu esa Meksikaning hujumdagi imkoniyatlariga ta’sir qilishi mumkin edi.

Veteranlik balansini jamoa kamchiligi sifatida baholamaslik kerak. Yangilangan jamoani afsonaviy 37 yoshli posbon Gilermo Ochoa va 32 yoshli yarim himoyachi Ektor Errera qo‘llab-quvvatlamoqda. Birinchisini muxlislar va mutaxassislar g‘ayrioddiy qiliqlarini boshqa o‘yinchilarga quvvat ulashishi va umidsiz o‘yinni o‘zgartirish qobiliyati uchun kechirishadi. Ikkinchisi, pul ishlash uchun Yevropadan AQShga ko‘chib o‘tib, terma jamoada o‘ng qanotda faol harakatlanishda davom etmoqda.

Foto: MiseleccionmxEN / Twitter

Meksikaliklar jahon chempionatidagi so‘nggi oltita ishtiroki davomida bir marta ham guruh bosqichida qolib ketishmadi — endi ham, shubhasiz, guruhdan chiqishadi. Meksikaning uchinchi o‘yini Saudiya Arabistoniga qarshi bo‘ladi — unda jamoa nafaqat uch ochkoni qo‘lga kiritishi, balki to‘plar o‘rtasidagi farqni sezilarli darajada oshirishi mumkin. Va bundan keyin nima bo‘lishi nafaqat ularning yuqori maqsadli jamoasiga, balki yuqoriroq kuchlarga ham bog‘liq bo‘lib qoladi. Mayyalar va Asteklarning avlodlari mamlakatida, albatta, ularsiz bo‘lmaydi.

Polsha

Polsha terma jamoasi to‘qqizinchi bor jahon chempionatiga chiqmoqda. Uning asosiy yutuqlari — 1974 va 1982-yillardagi jahon chempionatlaridagi bronza. Guruhdagi raqiblari kabi polyaklar ham murabbiy almashinuvini boshdan kechirishmoqda. Ammo Argentina va Meksikadan farqli o‘laroq, Polsha futbol maydonida futbolni isloh qilish jarayoni slavyan an’analariga xos bo‘lmagan effekt bilan kechmoqda.

Yanvar oyidan boshlab murabbiylik faoliyatini boshlagan 52 yoshli Cheslav Mixnevich o‘shandan beri undan kutilgan individuallikni ko‘rsata olmadi. Polshaliklar guruhdan tez-tez takrorlanadigan ehtiyotkor, archa kabi 4−3−2−1 taktik sxemasi bilan, faqat Levandovskiyning Argentina va Meksikaning juda mohir himoyachilarini ortda qoldirishga qodir iqtidori evazigagina chiqishlari mumkin.

Foto: Leszek Szymański / PAP

“Oq burgutlar” yetakchisida ham hammasi yaxshi emas. Go‘yoki ikkita Levandovskiy borga o‘xshaydi. Haqiqiy Robert Levandovskiy Polsha terma jamoasi safida saralash turnirlarida to‘p suradi. Boshqa bir Levandovskiy — xalqaro turnirlarda final bosqichida Polsha jamoasi uchun to‘p suradi. Terma jamoa safida 129 ta o‘yinda Levandovskiyning hisobida 74 ta gol bor — final bosqichlarda 15 ta o‘yin o‘tkazib, 5 ta gol urgan, shundan 3 tasini Yevro-2020'da kiritgan.

Ijodkorlik nuqtai nazaridan, hozirgi Polsha terma jamoasi “Zbignev Boniyek va Ko.” davridagi jamoadan ancha past va buni quyidagicha izohlash mumkin: “Napoli” klubi a’zosi Piotr Ziyelinski, “Olimpik Marsel” o‘yinchisi Arkadiush Milik, Niderlandiyaning “Feyenoord” klubi futbolchisi Sebastyan Shimaanskiy individual ravishda juda kuchli, lekin ularning barcha mahorati hali yirik turnirlarda jamoaviy tarzda jipslashmagan. Boshida polyaklar Meksika bilan o‘yin o‘tkazishadi, ular ham pley-offga chiqish vazifasini keyingi turlarga qoldirishmoqchi emas.

Saudiya Arabistoni

Saudiyaliklar uchun Qatardagi jahon chempionati ketma-ket ikkinchi va milliy terma jamoa tarixidagi oltinchi musobaqa bo‘ladi. 1994-yilda AQShda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida “Yashil lochinlar"ning Marokash va Belgiya ustidan qozonilgan g‘alabasi va 1/8 finalga chiqqanidan so‘ng, “neft-dollar futboli"ga nisbatan yengil munosabat barham topdi. Lekin bugun jamoadan o‘zgacha natija kutishga hojat yo‘q.

2018-yilda Rossiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida milliy terma jamoa muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Saudiya Arabistoni shahzodalari uzoqdan xorijlik mutaxassis izlamaslikka qaror qilib, yaqin atrofda ishlagan futbol missioneriga e’tibor qaratishgan. Fransiyalik Erve Renar Marokashni JCH-2018'ga 20 yil ichida ilk bor olib chiqqan va Afrika Futbol Konfederatsiyasining eng yaxshi murabbiyi deb topilganidan keyin 2019-yilda Saudiya Arabistoni terma jamoasiga murabbiy bo‘ldi.

Foto: Saudiff / Twitter

Saudiya Arabistonining kadrlar salohiyati kamtarona va to‘rt yil avval Rossiyada porlamagan faxriylar asosan Qatarda o‘ynashadi. Jamoa yetakchisi milliy terma jamoaning tayanch klubi hisoblanuvchi “Al-Hilol"da to‘p so‘ruvchi “arab Neymari” Salim Al-Dosariy hisoblanadi. Biroq bu mavsumda jamoaning gol urish minimalizmi shu qadar cho‘zilib ketdiki, hujum haqida jamoaning asosiy quroli sifatida gapirishga hojat yo‘q.

Katta ehtimol bilan Saudiya Arabistoni terma jamoasi yana himoyaga tayanadi. Uchinchi o‘n yilliklarini o‘tkazayotgan Yosir Ash-Shahrani va Salmon Al-Faraj kabi o‘yinchilarning barchasi bir jamoa “Al-Hilol"dan bo‘lib, Osiyoning sokin futbol dengizida, Arab cho‘lidagi mag‘rur tuyalar kabidir. Biroq, na polyaklar, na meksikaliklar, na argentinaliklar saudiyaliklarning to‘rtinchi qatordan yuqoriga ko‘tarilishiga imkon beradigan darajada qo‘pol xato qilmasalar kerak.

“D” guruhi bilan tanishuv — 8-noyabr, seshanba kuni “Gazeta.uz"da.