2 noyabr kuni prezident tomonidan «Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun [O‘RQ-799] imzolandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qonunga ko‘ra, geografik obyektlarga jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berishga yo‘l qo‘yiladi.

Bunda O‘zbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin prezidentning qaroriga asosan hamda, qoida tariqasida, nomlari mavjud bo‘lmagan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nisbatan amalga oshiriladi.

Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risida takliflar tayyorlash jarayonida mahalliy aholining fikri hisobga olinadi.

Takliflar kelib tushganidan keyin muhokama qilish uchun ularni 5 ish kunida tegishli organlar o‘zlarining rasmiy nashrlarida, rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.

Shuningdek, takliflar muhokamasi ular e’lon qilingan sanadan e’tiboran 15 kundan kam bo‘lmasligi kerak.