Ijtimoiy tarmoqlarda YPX inspektorlari Nexia-2 rusumli transport vositasini to‘xtatishga urinib, oynasini sindirgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavsizligi boshqarmasi rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 1 noyabr kuni taxminan soat 17:00 larda 2004 yilda tug‘ilgan Akbar X. ismli shaxs guvohnomasiz Nexia-2 mashinasini boshqarayotgan vaqtida yo‘lda uch marotaba YPX inspektorlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatni davom ettirgan.

To‘rtinchi marotaba Yunusobod tumani Amir Temur va Shaxrisabz ko‘chalari kesishgan chorrahasida YPX inspektori M.Turdiyev tomonidan jezl va xushtak yordamida to‘xtash ishorasi berilganda, haydovchi katta tezlikda harakatni davom ettirgan.

Bir nechta xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan harakatini davom ettirayotgan ushbu avtomobil harakatini cheklash maqsadida boshqa transport vositalari to‘xtatilgan. So‘ng Amir Temur — Alisher Navoiy — Shaxrisabz ko‘chalari kesishgan chorraxada YPX inspektori D.Ganiyev tomonidan transport vositasi to‘xtatib qolingan.

Haydovchi o‘zini shubhali tutganligi, xodimlarning eshikni ochish va transport vositasidan tushish haqidagi qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, transport vositasini ichkaridan qulflab olganligi sababli, transport vositasining oynasini sindirish orqali haydovchining eshigi ochilgan va haydovchining transport vositasini boshqarish imkoniyati cheklangan.

Mazkur holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194-moddasi («Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilgan.