Hukumatning 628-sonli qarori bilan «Gidroponika usulida chorva mollariga ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilgan chorvachilik subyektlariga subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu xaqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Gidroponika — tuproqsiz sun’iy muhitda o‘simliklarni yetishtirish usuli.

Nizomga muvofiq, gidroponika usulida ozuqa yetishtirish uskunalarini xarid qilish xarajatining 20 foizi, uskuna qiymatining 100 mln so‘mdan oshmagan qismi respublika budjetidan qoplab beriladi.

Subsidiya olish uchun my.vetgov.uz yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali hududiy «Chorvanasl» markazi tuman vakiliga murojaat qilinadi.

Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:

  • ️uskunalarni o‘rnatish bo‘yicha shartnoma va hisobvaraq-faktura hujjatlari nusxasi;
  • ️uskunalar import qilinganda bojxona yuk deklaratsiyasi nusxasi.

Vakil arizani ko‘rib chiqish uchun tuman komissiyasiga taqdim qiladi va komissiya arizani ko‘rib chiqib 5 ish kunida xulosa beradi.

Xulosa my.vetgov.uz orqali «O‘zbekchorvanasl» agentligiga yuboriladi. Agentlik 1 ish kunida subsidiya berish yoki rad etish to‘g‘risida ariza beruvchini xabardor qiladi.

Agentlik yil davomida subsidiya oluvchilardan tushgan arizalarni umumlashtirib pul ajratish uchun Moliya vazirligiga buyurtma beradi.

Moliya vazirligi 1 ish kunida subsidiyani ariza beruvchining hisobraqamiga o‘tkazib beradi.