Davlat komissiyasining 7-son bayoni bilan Rossiya Federatsiyasining (Ukraina bilan chegaradosh) Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi, deb xabar berdi DTM matbuot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, talabalarning o‘qishi ularning arizalariga muvofiq doimiy yashash manzili hududida joylashgan OTMning mos va turdosh (mos va turdosh bo‘lmagan taqdirda mazmunan yaqin bo‘lgan) ta’lim yo‘nalishiga ko‘chiriladi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar joriy yilning 1 noyabridan 20 noyabriga qadar (shu kuni ham) Davlat test markazining my.dtm.uz sayti («Rossiya Federatsiyasidan o‘qishni ko‘chirish» bo‘limi) orqali qabul qilinadi.

Talabalarning haqiqatda muayyan OTMda tahsil olganligini tekshirish 2022 yil 25 noyabrdan 15 dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Shu bilan birga, o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berish bo‘yicha qaror respublika OTMlarining idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilinadi.

Fuqarolarning RFdagi muayyan OTMda haqiqatda o‘qiyotganligi aniqlanmasa ularning o‘qishi ko‘chirilmaydi.

Shuningdek, o‘qishi ko‘chirilgan talabalarning o‘qishini mos kursdan davom ettirishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Bunda aniqlangan fanlar farqi 2022−2023-o‘quv yili davomida bepul topshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11 oktabr kuni Ukrainaga chegaradosh hududdagi Rossiyaning Kursk davlat tibbiyot universitetida o‘qiyotgan o‘zbekistonlik talabalar o‘qishni ko‘chirishni so‘rab Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilgandi. O‘zbekiston elchixonasi diplomatlari vaziyatni o‘rganish va mavjud muammolarni hal qilish maqsadida Kursk viloyatiga jo‘nab ketgandi.