26 oktabr kuni Huquq ustuvorligi indeksining (Rule of Law Index) navbatdagi natijalari e’lon qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

O‘zbekiston umumiy ro‘yxatda Serbiya, Albaniya, Xitoy, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlarni ortda qoldirib, 140 ta davlat orasida 78-o‘rinni egalladi. Indeksni tuzishda dunyoning 140 ta davlatidan 150 mingdan ortiq uy xo‘jaligi va 4000 ga yaqin huquqshunoslar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazildi, qonuniylik darajasi baholandi.

Infografika: Adliya vazirligi matbuot xizmati

Huquq ustuvorligi indeksi har yili World Justice Project xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan tuziladi va 8 ta indikatorni, xususan, «Hokimiyat vakolatlarining cheklanganligi», «Korrupsiyadan xolilik», «Davlat institutlari faoliyatining ochiqligi (shaffofligi)», «Asosiy huquqlarni himoya qilish», «Tartib va xavfsizlik», «Huquqni muhofaza qilish», «Fuqarolik va jinoiy odil sudlov» kabi indikatorlarni o‘z ichiga oladi.

2022 yilda huquq ustuvorligi faqatgina 54 ta davlatda yaxshilandi, 85 tasida yomonlashdi va 1 ta davlatda o‘zgarishsiz qoldi. Ushbu indeksda O‘zbekiston huquq ustuvorligi bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangan davlatlar qatoriga kiritildi.

«Mazkur indeksda O‘zbekistonga berilgan baho mamlakatimizning xalqaro hamjamiyatda ijobiy imidjini shakllantirishda muhim omil hisoblanadi. Joriy yilda O‘zbekistonning barcha sakkizta indikator bo‘yicha ko‘rsatkichlarida yaxshilanish kuzatildi. Yuqoridagi natijalarga erishishga O‘zbekiston uchun ustuvor xalqaro reyting va indekslar bilan maqsadli ishlashning huquqiy va tashkiliy mexanizmlari yaratilgani ham yordam berdi», — deyiladi xabarda.