27 oktabr kuni MDH ishtirokchi davlatlari Parlamentlararo assambleyasi Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Senat matbuot xizmati.

Majlisda Hamdo‘stlik mamlakatlari parlament delegatsiyalari, hamkor xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Parlament a’zolari saylov, referendum va ularni kuzatish to‘g‘risidagi ko‘plab namunaviy qonunlarni ko‘rib chiqdi. Bundan tashqari, xavfsizlik, fan va ta’lim, intellektual faoliyat va boshqa sohalarga oid qator namunaviy hujjatlar ko‘rib chiqilmoqda.

Hamdo‘stlik davlatlarining deputatlari va senatorlari kelgusida o‘z davlatlarining milliy qonunchiligida namunaviy qonunlarda mavjud bo‘lgan huquqiy normalardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Namunaviy qonun ijodkorligi assambleyaning asosiy faoliyat yo‘nalishi hisoblanadi.

Xabarga ko‘ra, MDH PA faoliyatining 30 yili davomida 600 dan ortiq hujjatlar ishlab chiqilib, MDH mamlakatlari parlamentlariga taqdim etilgan. Federatsiya Kengashi rahbari Valentina Matviyenko assambleyaning Samarqanddagi sessiyasi doirasidagi tadbirlar dasturi keng ekanini aytdi.


«Biz O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ushbu majlisini Samarqandda o‘tkazish taklifi uchun minnatdorchilik bildiramiz. Assambleyaning 30 yilligi nishonlanayotgan yilda assambleya faoliyatida birinchi marta yalpi majlis va MDH PA Kengashi Sankt-Peterburgdagi qarorgohidan tashqarida o‘tkazilmoqda», — dedi Matviyenko.

Tanzila Narbayeva o‘tgan 30 yil davomida mazkur tadbir Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bilan bog‘liq dolzarb masalalarni birgalikda muhokama qilish va muhim qarorlar qabul qilish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilganini qo‘shimcha qildi.


«Assambleya MDH makonida demokratik jarayonlar, parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shmoqda. Uning mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlikni ta’minlashdagi roli ortib bormoqda», — dedi Senat raisi.

Kengash ishtirokchilari MDH PA huzuridagi Ekologiya va tabiatdan foydalanish bo‘yicha Ekspert kengashini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi hamda Kengash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqladi. Shuningdek, Kengashi bosh kotibi Dmitriy Kobitskiy 2023−2025 yillarga mo‘ljallangan MDHda namunaviy qonun ijodkorligining Istiqbolli rejasi loyihasi va Parlamentlararo Assambleyaning kelgusi yil uchun ish rejasi haqida so‘z yuritdi.

Majlis kun tartibidagi masalalar muhokamasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi raisi Nuriddin Ismoilov, Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi Sagiba Gafarova, Armaniston Milliy Majlisi raisi Alen Simonyan, Belarus Milliy Majlis Kengashi raisi Natalya Kochanova, Turkmaniston Milliy Gengeshi Majlisi raisi Gulshat Mammedova ham ishtirok etdi.