«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib bormoqda.

«Dadangmasman, Ne’mat akangman…»

Yoqimli nutq insonning qiyosi yo‘q ma’naviy boyligi, javohirlar to‘la sandig‘i. Yaxshi so‘z, yaxshi xabar ko‘ngilga quvonch baxsh etadi, yurakka moydek yoqadi, shifobaxsh malhamdek ta’sir qiladi. Xalqimizda tilga doimo e’tiborli bo‘lish, har so‘z, har iborani yetti o‘ylab gapirish, qisqa so‘zlash, muomala odobiga rioya qilish xususida ko‘plab hikmatlar mavjud.

Ulug‘ ustozlar «Tilingizga ehtiyot bo‘ling! Til sabab inson boshiga ko‘p kulfatlar kelishi mumkin. Kishi dilini og‘ritadigan, ko‘nglini sovutadigan, sha’nini oyoq osti qiladigan so‘zlarni aytishdan tiyilinglar, shirinso‘z bo‘linglar. Chunki tildan yetgan ozor nayza ozoridan yomon», deb uqdirishadi. Abu Homid G‘azzoliyning «Til ofatlari» kitobidan iqtibos: «Insonga eng itoatsiz a’zo — til. Chunki bu suyaksiz a’zo­niнг osongina harakatga kelishi va hech bir mashaqqatsiz yugurikligi kutilmagan oqibatlarga sabab bo‘ladi».

Kaykovusning «Qobusnoma» asarida nutq va muomala odobiga alohida e’tibor berilgan. Asarning yettinchi bobida quyidagilarni o‘qiymiz: «Ey farzand, toki qila olsang (ya’ni qo‘lingdan kelsa), so‘z eshitmakdin qochmag‘ilkim, kishi so‘z eshitmak bila suxango‘ylik hosil qilur… Yolg‘on va behuda so‘z aytmak devonalikning bir qismidur. Har kishiga so‘z aytar bo‘lsang, qarag‘il, u sening so‘zingga xaridormu yoki xaridor emasmu? Agarda uni so‘zingga xaridor topsang, unga so‘zingni sotg‘il. Yo‘q ersa, ul so‘zni qo‘yib, shundoq so‘z degilkim, unga xush kelsin va sening so‘zingga xaridor bo‘lsin».

Kaykovus odamlarni to‘rt toifaga bo‘ladi: «Biri ulkim, bilur va bilg‘onin ham bilur. Ul olimdur, unga tobe bo‘lmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmag‘onin bilur, ul qobildur, unga o‘rgatmok kerak. Biri uldurkim, bilur va bilg‘onin bilmas, ul uyqudadur, uni bedor qilmoq kerakdur. Biri uldurkim, bilmas va bilmag‘onin ham bilmas, u johildur, undan qochmoq kerakdur».

Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilik» asarida til odobi, ya’ni o‘qish va bilim olishda tilning ahamiyati, qisqa va mazmunli so‘zlash, tilga ortiqcha erk bermaslik xususida quyidagilar bayon qilinadi: «Til aql va bilimning tarjimonidir. Bilki, kishini nuroniy qiluvchi vosita uning ochiq va mazmundor tilidir… Til kishini izzatli qiladi, kishi tili bilan baxtli bo‘ladi. Til arslondir, qara, u seni doim eshikda poylab yotadi. Ey mag‘rur uy xo‘jasi, hushyor bo‘lki, agar tilingga ortiqcha erkinlik bersang, o‘ylamasdan so‘zlasang, u bir kunmas, bir kun boshingni yeydi…».

Abu Rayhon Beruniy deydiki, til — so‘zlovchi istagini eshituvchiga yetkazuvchi tarjimondir. Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy tilni insonni hayvondan ajratuvchi «gavhari sharif»ga o‘xshatadi. Ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning ushbu so‘zlari ayni haqiqatdir: «Har bir millatning dunyoda borlig‘ini ko‘rsatadurgan oyinai hayoti uning tili va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur».

Ona tilimiz, undagi noyob so‘z va iboralar, hikmatlar, maqol va matallar asrlar davomida shakllangan va sayqal topgan bo‘lib, bu noyob xazina biz va bizdan keyingi avlodlar uchun ham tengsiz meros hisoblanadi. Bu xazinadan bahramand bo‘lgan buyuk ajdodlarimiz al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur singari mutafakkirlar dunyo tamadduni rivojiga salmoqli hissa qo‘shdilar, ayni chog‘da, o‘zlarining buyuk asarlari, ilm-ma’rifatlari bilan bu xazinaning maqomini yanada baland ko‘tardilar.

Nutq o‘z-o‘zidan ravon, ohangdor yoki yoqimli bo‘lib qolmaydi. Cholg‘uchi biror kuyni o‘rganmoqchi bo‘lsa, uni necha yuz bor ijro qilibgina muddaosiga erishadi. Musavvir yangi bir asar yaratguncha qancha zahmat chekadi. Hech kim birdaniga Suqrot yoki Abdulla Qahhor darajasiga ko‘tarilmaydi. Nutq mahoratini egallash uchun yillar davomida tinimsiz mashq qilish, o‘qish, o‘rganish kerak. Qadimgi yunon notig‘i Demosfen o‘zining past, hazin ovozini yaxshilashga jazm qilib, yerto‘laga tushar ekan-da, to‘la shiftiga o‘tkir tig‘li xanjarni osib qo‘yib (boshini dimog‘dorona baland ko‘tarmaslik uchun), uzluksiz mashq qilar ekan. Sharqda voizlik mahoratini tobiga keltirish uchun yosh voizlar tog‘u toshlarga chiqib mashq qilishgan, o‘zlarini muhim bahslarga, ularda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkab holatlarga tayyorlashgan. Ulug‘ Pyotr ovozi past, nutqi ravon bo‘lmagan kishilarni ta’lim muassasalariga qo‘ymaslik xususida farmoyish bergan. Feruzxon maqom yo‘llarini buzib ijro etadigan sozandalarni jazolagan. Vodiy viloyatlarida bugun ham so‘zi dag‘al, tabiatan qo‘rs, qiziqqon, sal narsaga asabiylashadigan odamlarni sovchilikka yuborishmaydi. Negaki, bunday kishilar noo‘rin bir so‘z yoki ibora bilan bitib turgan ishni buzib qo‘yishlari mumkin.

Jaloliddin Rumiy shogirdlaridan: «So‘z ne uchun kerakdur?» deb so‘raydi va bu savolga o‘zi javob qaytaradi: «So‘z — anglamaganlar uchun. Anglaganlarga so‘zning hojati yo‘qdur».

Xalqimizning asrlar davomida shakllangan ma’naviy turmush tarzi, orzu-umidlari, zulm va istibdodga qarshi kurashlari, shu bilan birga, ezgu fazilatlari, bag‘rikengligi, mard va tantiligi, haqso‘z va mehnatsevarligi, eng avvalo, uning so‘zida, so‘zlash va tinglash odobida, maqolu matallarda, hikmatli rivoyatlarda o‘z ifodasini topgan. Til shunday bir bog‘ki, undagi har bir nihol, har bir g‘unchaning o‘rni va zarurati bor, bordi-yu ulardan birortasi parvarishsiz qolsa, bog‘ning ko‘rki buziladi, tarovati susayadi. Binobarin, tilimizdagi har bir maqol va matal, so‘z va ibora, noyob aytimlar, topilma tashbehlar, «kosa tagidagi nimkosa»lar ham shunday maqomga ega. Hikmatli so‘zlar, maqol va matallar, rivoyat va hikoyatlar orqali biz xalqimizning olis o‘tmishiga nazar tashlaymiz, bosib o‘tilgan mashaqqatli yo‘llardan xabardor bo‘lamiz. Shu ma’noda tilni bugungi kunni olis o‘tmish bilan bog‘lovchi ko‘prikka qiyoslash mumkin. Bu ko‘prik bizni ezgu amallarga, insoniy komillikka, saxovatpeshalik va bag‘rikenglikka, halol-poklikka da’vat etadi. «Tilini asragan el boy bo‘ladi, uni yo‘qotgan el esa yo‘lidan adashadi» deganlaridek, o‘zligimizni yo‘qotmaslik, buyuk xazinamizdan bebahra qolmaslik uchun ham tilimizni asrashimiz lozim.

Sobiq tuzum sharoitida o‘zbek tili tanazzulga yuz tutgani, unga e’tibor susaygani mana, salkam o‘ttiz yildirki, to‘xtovsiz ta’kidlab kelinmoqda. Bu — bor gap, ammo shu o‘ttiz yil ichida bu kemtik to‘g‘rilandimi, tilimizning maqomi o‘ziga munosib darajada balandladimi, degan savolga javobimizdan qoniqmaymiz. Albatta, ma’lum ishlar qilindi. 1989 yilning 19 oktabr kuni bo‘lib o‘tgan mamlakat Oliy Kengashining navbatdagi sessiyasida o‘zbek tili mamlakatimizda davlat tili deb e’lon qilindi. Mustaqillik Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan aniq belgilab qo‘yildi, tilimiz bayroq, gerb, madhiya kabi muqaddas timsollardan biriga aylandi.Uning qaddi-bastini tiklash chora-tadbirlari belgilandi. Ko‘plab tashkilotlarda bu ish uchun mas’ullar tayinlandi. Rasmiy yig‘inlar «Assalomu alaykum» degan tabarruk kalom bilan boshlanib, o‘zbek tilida olib borilishi, xohlovchilar uchun o‘zbek tilini o‘rganish kurslari tashkil etilishi ko‘nglimizni ko‘tardi. Ularda saboq olganlarga «O‘zbek tilini o‘rganish kurslarida o‘qidi», degan hujjat berildi. Qancha odam bu kurslarni shitob bilan tugatdi, bu xususdagi ma’lumotnomalar mutasaddi idoralarga jo‘natildi. Ammo… ming taassufki, bu ishlardan pichoqchaga sop bo‘lgudek ham natija chiqqani yo‘q. Biror kishining «Men O‘zbekistonda shuncha yil yashab, o‘zbek tilini bilmasligimdan xijolatda edim, mana, ozroq harakat qilib, ishxonada, mahallada, ko‘cha-ko‘yda odamlar, qo‘ni-qo‘shnilar bilan muloqot qila oladigan bo‘ldim», deganini eshitganimiz yo‘q. «Zo‘r bilan bo‘lgan imorat oxiri vayronadur», degan gap bor. Buning ma’nosi shuki, har qanday tilni majburlab, reja-topshiriq asosida, hammani bir joyga to‘plab o‘rgatib bo‘lmaydi.

Istiqlolning dastlabki yillarini yodga olaylik. Ko‘p sohada murakkab muammolar yo‘limizga ko‘ndalang bo‘lib turar, ichki va tashqi xurujlar asosiy e’tiborni o‘ziga qaratgan, ularning oldini olish uchun tunu kun ishlash, shusiz ham qotgan boshni yanada qotirishga to‘g‘ri kelardi. Shunda faollardan birida «Til masalasini biroz kechiktirib tursak bo‘lmasmikin, qaysi tilda bo‘lmasin, bir-birimizni yaxshi tushunib turibmiz-ku, nimasi yomon», degan «beozorgina» taklif paydo bo‘ldi va u ko‘plarga moydek yoqdi. O‘zbek tilini o‘rganish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkaziladigan xonalarning eshiklari yopilib, bu ishga xohlovchilarni jalb qiluvchi e’lonlar yopishtirilgan joyidan sidirib olindi. Mashg‘ulotlar qanday o‘tayotgani va ularning natijasi haqida hisobot so‘rash taqa-taq to‘xtadi. Qo‘shtillilik tarafdorlari yengil nafas oldilar. Oqsoqol yozuvchimiz Ibrohim Rahimning «Tilimizni hakka cho‘qiganmi?» sarlavhali maqolasi bois adabiy jamoatchilikda yuzaga kelgan jonsaraklik ham asta-sekin so‘ndi.

1989 yili Belgiyaning qadimiy Bryugge shahrida bo‘lganimizda, mahalliy universitetning istarasi issiq yosh xodimi biroz iymanib kelib, davramizga qo‘shilganini hamon eslayman. «Ismim Yoxan Vandevalle, sizlar bilan suhbatlashishni juda-juda xohlayman», dedi u o‘zbek tilida. Uning biyron so‘zlarini, shirali talaffuzini eshitib xursand bo‘ldik. Yoshligida ota-onasi bilan dam olgani Turkiyaga borganida, ikki hafta mahalliy bolalar bilan o‘ynab, o‘ttiz-qirqta turkcha so‘zning ma’nosini bilib olibdi-yu, bu tilni o‘rganishga jiddiy kirishib ketibdi. Bir yarim yilda savodi yaxshigina chiqqach, o‘zbek, tojik, qozoq tillarini ham o‘rgana boshlabdi. Hozirgacha jahon xalqlarining o‘ttizdan ortiq tillarida so‘zlasha olar ekan.

Hamrohlarimizdan birining: «Shuncha tilni o‘rganish sizga nima berdi, hayotingizda qanday o‘zgarish sodir bo‘ldi?» — degan savoliga Yoxan «Boshqa tillarini o‘rganishim menga shu xalqlarning tarixi, madaniyati, urf-odatlaridan xabardor bo‘lish imkonini berdi, dunyoqarashim o‘zgardi, bilimim kengaydi, cho‘x muhimi — ona tilimga, tarix va madaniyatimizga hurmatlarim kuchaydi, tilini, adabiyotini o‘rgangan xalqlar yoshlari bilan suhbatlashish, yangi do‘stlar orttirish niyati paydo bo‘ldi. O‘zbekistonda bo‘ldim. Juda ajoyib joy, tili shirin, hamma mehmondo‘st, bolalar cho‘x ko‘p, xursand bo‘ldim, bizda jujuqchalar oz», deb javob qaytardi.

Yoxanning shu javobini eslar ekanman, xo‘sh, bizda nega shunday bo‘lmadi, shu yerda tug‘ilib o‘sgan, voyaga yetgan, bobosi, ota-onasi va o‘zining umri shu yerda o‘tayotgan, kelajak nasllari ham shu yurtda umrguzaronliq qiladigan odamlar nega endi, o‘ttiz-qirqta oddiy muomala so‘zimizni, besh-oltita odatimizni, bir-ikkita axloqiy qadriyatimizni, aqalli salom-aligimizni o‘rganishmadi, degan savol paydo bo‘ladi. Ammo shu zahoti ichimdan kelayotgan «Tilimizni o‘rganmaganlardan o‘pkalamaylik, aybdor — o‘zimiz», degan raddiyani eshitaman.

Tayson ismli amerikalik tadqiqotchi olim yurtimizga kelib, qisqa vaqt ichida o‘zbek tilini, urf-odatlarimizni, choyni o‘girib ichishni, qo‘lni yuvganda panjalarni silkitmaslikni, nonni teskari ushlamaslikni, qo‘lda osh yeyishni chunonan o‘rganib oldiki, uning ravon nutqini tinglagan, choyni to‘kmay uch marta qaytarishini ko‘rgan kishining zavqi keladi.

Bir gal u bilan bozor oraladik. Ayni pishiqchilik payti. Qovunchi dehqonlar oldiga kelamiz. Tayson o‘rtacha qovunni qo‘liga olib, necha pul, deb so‘raydi (u o‘zbekchani grammatika qoidalari orqali o‘rgangani bois, bizga o‘xshab, «nechchi» demaydi). Dehqon bobo: «Pajalista, 5 rub», deydi. Tayson o‘rischa bilmagani uchun, ajablanib menga o‘giriladi. Tushuntiraman. Hamrohim qovunning narxini tushunadi, ammo yoshi bir joyga borib qolgan oqsoqol dehqon Eski Jo‘va bozorida o‘zbekcha gapirmay, nuqul «Patxadi narod, svoy agarod» deyayotganiga tushunmaydi.

Yosh ingliz tadqiqotchisi Afrika jangalzorlarida yashaydigan yovvoyi qabila hududiga borib qoladi. Kundalik asarida yozishicha, bir hafta mobaynida yovvoyilar bilan imo-ishora orqali so‘zlashadi, ikki oydan ке­йин ularning eng muhim o‘n-o‘n beshta so‘zini o‘rganadi, bir yildan ке­йин tillarini durustgina tushunib, ular bilan apoq-chapoq bo‘lib ketadi, qabila a’zolariga muallimlik qilib, o‘z mamlakati, boshqa hududlarda yashaydigan odamlar, kemalar, aysberglar, samolyotlar, baliq ovlaydigan qurollar, turli kasalliklar, zaharli o‘t-o‘lanlar, dengiz va okean jonzotlari haqida so‘zlab beradi.

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Xorijiy davlatlarning O‘zbekistondagi elchixonalari xodimlari, ayniqsa, muhtaram elchilar qisqa vaqti ichida tilimizni, rasm-rusumlarimizni o‘rganib olishadi-ku, «Assalomu alaykum, O‘zbekistonday go‘zal yurtga elchi bo‘lib kelish men uchun sharaf», deyishadi-ku o‘zbekchasiga. Zaruratni his qilgan odam tilnigina emas, boshqa narsalarni ham o‘rganadi. Taassufki, biz til o‘rganish, urf-odatlarimizni hurmat qilish zaruratini paydo qila olmadik. Havo birdan isib ketsa, birov aytmasa ham yengil kiyinamiz, sovib ketsa issiq kiyinib olamiz-ku, xuddi shunday, boshqazabon hamyurtlarimizni «Bir joyda yashab turib, shu yerning nonini yeb, suvini ichgandan keyin tilini o‘rganmasak uyat bo‘lar ekan», degan xulosaga keltira olmadik. Aksincha, «Pajalista, patxadi narod, palavina saxar, palavina myod», deb turaverdik. Oqibat shunga yarasha bo‘ldi…

Muammoga boshqa tarafdan yondoshaylik — bugun, shu tarzda ketaversak — ertaga, undan keyin, xuddi sobiq tuzum paytida bo‘lganidek, davraga, yig‘inga, mashvaratga bitta boshqa tilli kishi kelib qo‘shilsa, darhol uning zaboniga o‘tamiz, bu bilan ilg‘or, zamonaviy kishi ekanligimizni namoyon qilmoqchi bo‘lamiz, aslida esa o‘zimizni o‘zimiz behurmat qilamiz.

Viloyatlarimizdan birida bizga bugungi faol ibora bilan aytganda «vunderkind» bolalarni ko‘rsatishdi. Qoyil qolmaslikning iloji yo‘q — har bittasi kamida uchta xorijiy tilni biladi, biyron so‘zlashadi, shu tillarda she’r o‘qiydi, qo‘shiq kuylaydi, voizlik qiladi. Ammo… yetti otasi o‘zbek bo‘lgan bu iste’dodlarning deyarli barchasi o‘zbek tilida duduqlanib, chala-chulpa gapiradi, «Dorixona» so‘zini talaffuz qilsa, urg‘uni har ikki «o»ga qo‘yadi. Yana misol kerakmi? Bundan besh-olti yil avval iste’dodli shogirdlari bilan chet elga borgan hurmatli olimlarimizdan biri mezbonlarga mamlakatimiz talaba-yoshlari ingliz tilini puxta bilishlarini namoyon etmoqchi bo‘ladi. Shogirdlar avvaldan tayyorlangan matnlarni zavq bilan aytishadi, jamoa bo‘lib ingliz tilida qo‘shiq kuylashadi. Ammo… mezbonlar ulardan O‘zbekistonda kechayotgan bugungi jarayonlar, bayramlar, tarixiy shaharlar, yoshlarning qiziqishlari, urf-odatlar, diniy marosimlar haqida so‘rashganida, o‘zbekcha qo‘shiq kuylab berishni iltimos qilishganida, bir-birlariga qarab jim turib qolishadi. Ushbu satrlar qog‘ozga tushayotganida hurmatli ziyolilarimizdan biri teleko‘rsatuvga qatnashib, «Nabiram ingliz tilida bemalol gaplasha oladi, yana qo‘shimcha fransuz, koreys tillarini o‘rganmoqda, prosto molodets», dedi. Yaxshi gap, ammo shu yosh yigitchaning o‘zbekchasi qanday ekan-a? — deb o‘ylab qoldim.

Shu o‘rinda aytib o‘tmasak bo‘lmas. Bir guruh el-yurt hurmatiga sazovor kishilar yaqinda ikkinchi til masalasini ko‘tarishdi. Shunchaki taklif bo‘lganida, mayli edi. Erkin zamon, ko‘ngilning ko‘chasi keng. Ammo bu — «chuqur» o‘ylangan, ko‘tarish vaqti aniq topilgan taklifligi ko‘rinib turibdi. Shunga qaramay, ularni koyish fikridan yiroqman. Sababi, faqat bizda emas, sobiq ittifoqning deyarli barcha hududlarida, hatto uzoq-yaqin xorijiy davlatlarda (masalan Afrikada) ham dunyoqarashi, fikrlash tarzi sovet mafkurasi ta’sirida metinday shakllangan, shu mafkuraga hali-hanuz sadoqatli odamlar bor. Sobiq tuzum uzoq yillar davomida olib borgan g‘ayriinsoniy siyosatning natijasi bu. Ammo… kim uchundir ixtiyoriy tanlov, kim uchundir taqdirning tanlanmagan taqozosi deyish ham mumkin. Ikkinchi til haqidagi taklifdan biz uchun g‘oyat muhim xulosa kelib chiqadi: ogoh bo‘lmasak, tilimizning mavqei haqida qayg‘urmasak, o‘zimizni o‘zimiz yerga uraversak, ha-hu demay yonimizda, atrofimizda, bir jamoa, bir mahalla, bir choyxona, bir dasturxonda ayni shunday fikrlaydigan odamlarning yangi avlodlari ham paydo bo‘ladi. Yig‘inlarda ular bilan yonma-yon o‘tiramiz, nahoroshlarda qoshiqlarimiz sharaq-shuruq ovoz berib, navbatma-navbat laganga bosh uradi. Qo‘limizni duoga birga ochamiz. Lekin tilimiz, dilimiz boshqa-boshqa. Hayratlanarli emas, achinarli bir holat.

O‘zbekistonga kelgan amerikalik, buyuk britaniyalik yoki yaponiyalik sayyohga bizning shu tillarda amal-taqal qilib so‘zlashimiz ular uchun jiddiy voqea emas. Yonlarida tarjimonlar bor, kerakli narsalarni tushuntirib berishadi. Ularga bizning o‘zbekcha talaffuzimiz, o‘zbekona fikrlashimiz, tilimizning ohangini «asliyat»dan eshitish, ishoning, g‘oyat muhim. Fransuzlar tolmas san’atkorimiz Munojot Yo‘lchiyevaning qo‘shiqlarini nega bor vujudlari bilan, ko‘zlaridan quvonch va hayrat yoshlari dumalab tinglashadi — ular qo‘shiqning sehrli ta’sirida xalqimizni, yurtimizni, vohayu vodiyni his etishadi, hali ko‘rmagan noyob tarixiy obidalarimizni, buyuk ipak yo‘llarini, bugun ham ezgu niyat bilan ulug‘ safarga otlanayotgan hikmat karvonlarini tasavvur qilishga harakat qilishadi. Munojotxonim o‘zining noyob san’ati, yuksak ijro mahorati bilan xorijlik muxlislarga O‘zbekiston deb atalmish jannatmonand diyorning maftunkor manzaralarini, odamlarining beg‘ubor qalbini musavvir yanglig‘ namoyish etadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Yaponlarning, koreyslarning, xitoy yoki hindlarning musiqasiga, so‘zlash, salomlashish odobiga, talaffuzda tovushlarning o‘zaro uyg‘unlashuvidan hosil bo‘ladigan ohanrabo mayinlik va beg‘uborlikka e’tibor berganmisiz? So‘z, jumlagina emas, harflar, tovushlar, urg‘u, bo‘g‘inlar, tutuq belgilarigacha sof milliy libosda-ya! Bu bilan ular haqli ravishda фaхр­лaнaдиlar, bu boylikni bebaho xazina yanglig‘ asrab-avaylab, kelgusi avlodlarga bus-butun qoldiradilar. Tilimizning jarangi, latofati, ifoda imkoniyatlari hech bir xalqning tilidan qolishmaydi, ammo buni e’tirof etgan holda, unga asta-sekin ziyon yetayotganini sezib turib ham qulog‘imizni qimirlatmay turaversak bo‘lmas.

Ikki og‘iz so‘z — ingliz tilini o‘rganish haqida. Biz uni dunyodagi barcha tillardan zo‘rligi, alifbosi mukammalligi uchun emas, bugungi zamonaviy ilmiy manbalar asosan shu tilda ekanligi uchun o‘rganmoqdamiz. Bunday ilm boshqa bir tilda bo‘lganida, tabiiyki, o‘sha tilni o‘rganar edik.

Biz rus tilini o‘rganar ekanmiz, bu adabiyotining «cheksiz ummoniga xos tolstoycha donishmandlikni, sholoxovcha hayratlanarli dramatizmni, chexovcha beqiyos odamparvarlikni va borliqni bunincha nozik idrok etishni…» (Ch.Aytmatov) o‘rganamiz. Fransuz, ispan, hind yoki koreys tillariga qiziqar ekanmiz, bu adabiyotlardan ham ayni shunday fazilatlarni qidiramiz. Bugun dunyo mamlakatlarida O‘zbekistonga, xalqimiz tarixi, madaniyati, adabiyoti va san’ati, hunarmandligi va boshqa sohalarga qiziqish kuchayayotganining boisi ham shunda.

Matbuot jim emas: tilga e’tiborsizlik haqida tinimsiz yozilmoqda. Ammo biz yozib charchamayapmiz, qulog‘i tom bitgan ma’murlar esa ko‘rib ko‘rmaslikka, bilib bilmaslikka olishdan charchayotganlari yo‘q. Boz ustiga, ayrimlari qaddilarini g‘oz tutib, «Qaysi gazeta, yana yozibdimi, qo‘yavering, obunasi pachava, hademay qog‘oz matbuotning kuni tugaydi, qulog‘imiz tinchiydi.»., deya pisanda qilmoqdalar. Пoйтaхт­niнг serqatnov ko‘chalaridan biri o‘rtasidagi pannoda «plov»ga cheksiz muhabbat izhor qilingan. «Otopitelnыye sistemы» jumlasi o‘zbek tiliga «Issiq qilish» deb o‘girilgan. O‘zbekning tili, mo‘’tabar taomini masxaralashning bundan ortiq namunasi bo‘lmasa kerak. Mana, necha yildirki, kir yuvish kukuni nomidagi ko‘k choyni miriqib ichib yotibmiz. Ba’zi ko‘chalar til, nom nuqtai nazaridan shunday qiyofaga kirdiki, xorijlik mehmon uning O‘zbekiston hududida ekanligiga shubha qilishi hech gap emas. Madaniy-maishiy muassasalar, yemakxona, ichmakxona, kiyim-kechak bichmakxonalarga, namoyish zallariga nom tanlashda qaysidir uzoq mamlakatdan kelgan ajnabiy mutaxassis maslahat berayotganga o‘xshaydi.

«Zo‘r TV» telekanalining ko‘pchilikka ma’qul keladigan ko‘rsatuvlari bor, albatta. Ammo tilimizni oshkora kamsitadigan, odob-axloqimizga to‘g‘ri kelmaydigan bachkana ko‘rsatuvlar ham talaygina. Har bitta ko‘rsatuv nomiga bittadan xorijiy so‘z qo‘shish nima degani? Bu xususda kuyunchak olimimiz Rahmon Qo‘chqor g‘oyat ta’sirchan maqola yozdi, lekin gap egasini topmadi. «Betimning qattig‘i — jonimning huzuri» bo‘ldi, tamom-vassalom. O‘zini hurmat qiladigan xalq bunga toqat qilmasligi kerak.

Ochig‘ini aytganda, tilimizni asrash borasida qilayotgan ishlarimiz, unga hurmatimiz nochor ahvolda. E’tiborsizlik kundan-kunga ildiz otmoqda, bu holni xaspo‘shlashga urinmaylik. Teleko‘rsatuv, radioeshitirish, kino va sahna asarlarida, voizlarning ma’ruzalarida o‘zbek adabiy tili jiddiy lat yemoqda. Ko‘rib, bilib turibmiz. Ikki-uch til bir-biriga qorishib ketdi, bo‘tqaning o‘zi. «Idora», «do‘kon», «tijorat», «sarmoya», «kafolat», «bo‘nak», «bay ochish», «ochiqlik», «buyurtma», «poydevor» kabi qanchadan-qancha latif so‘zlarimiz o‘rniga boshqa tillardagi so‘z va iboralarni to‘g‘ri kelsa-kelmasa ishlatmoqdamiz. Qo‘shni qirg‘izistonliklar ulug‘ adib Chingiz Aytmatovning hayoti va ijodi to‘g‘risida har biri 120 bosma taboqdan iborat uch jildli ilmiy-adabiy ensiklopediyani nashr etishdi. Bizda Zahiriddin Muhammad Boburga bag‘ishlangan, ensiklopediya talablariga to‘la javob bera oladigan jiddiy tadqiqotdan boshqa yana biror jiddiy ish bormi?

O‘zbekiston xalq yozuvchisi Ne’mat Aminov bir gapni aytib bergan edi. U kishining bir tanishlari boshqa tilda so‘zlashishga shu qadar berilib ketgan ekanki, telefon jiringlasa, go‘shakni ko‘tarib, beixtiyor «Da-da» der ekan. Ne’mat aka har gal shu tanishiga qo‘ng‘iroq qilganida, navbatdagi «Da-da»ni eshitib, «Dadangmasman, Ne’mat akangman», der ekan. Bir rahbar rasmiy idoralarda uzoq muddat ishladi, yaxshi ishlar qildi, ammo kim bilan gaplashmasin, telefon go‘shagini qo‘yishdan oldin, albatta: «Yest aka, tushundim aka, konechno, yest» deb qo‘yardi. Uning uchun «Xo‘b bo‘ladi» deyish eskilik sarqiti edi, nazarimda.

Shu o‘rinda Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanidan bir iqtibos keltirishga zarurat bor deb o‘ylayman: «Ibtidoiy tarbiyani rus maktablaridan boshlab bo‘lmaydi, uni milliy maktablarga berish kerak… Milliy hissini o‘stirib, o‘z millatini taniganidan keyin rus maktabiga berish kerakki, hunarga, ixtisosga tegishli ilmlarni o‘qisin. Undan keyin Germaniya, Fransiya, Angliya mamlakatlariga, hatto dunyoning narigi chekkasidagi Amerikaga yuborib o‘qitish kerak».

Til — tirik, harakatchan vujud, u ham xuddi inson kabi parvarishga, diqqat-e’tiborga, mehr-muruvvatga muhtoj. To‘g‘ri parvarishlangan nihol o‘sib-ulg‘ayib mevaga kirgani kabi, tilga e’tibor ham har yangi avlodga shunday ma’naviy meva beradiki, unga qiyos topishning iloji yo‘q. Bu haqiqatni unutadigan bo‘lsak, yillar o‘tib o‘zbek tilini o‘rganish kurslarini boshqalar uchun emas, o‘zimiz uchun qayta tiklashimizga to‘g‘ri keladi.

Ahmadjon Meliboyev.

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil 6-son. Matn Ziyo.uz`dan olindi.