sentabr-oktabr oylarida Buxoro, Samarqand, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo, Namangan, Farg’ona va Xorazm viloyatlarida davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanib kelinayotgani holatlari joyiga chiqqan holda o‘rganildi, deya xabar bermoqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot xizmati.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu viloyatlarda jami 1378 nafar davlat xizmatchisi (138 nafari hokim va hokim o‘rinbosarlari, 148 nafari davlat banklari boshqaruvchisi va ularning o‘rinbosarlari, 1092 nafari hokim yordamchilari) davlat xizmati bilan birga (rahbar yoki ta’sischi sifatida) tadbirkorlik faoliyati bilan ham shug‘ullanib kelayotgani aniqlandi.

Shuningdek, agentlik tomonidan hududlarda davlat tashkilotlarining mansabdor shaxslari va ularning yaqin qarindoshlariga tegishli korxonalar davlat xaridlarida ishtirok etib, g‘olib bo‘lgani aniqlandi.

Xususan, 2021−2022 yilning 6 oyi davomida Buxoro viloyatida 340 ta holatda 34,3 mlrd so‘mlik davlat xaridlaridan 19 ta holatda tashkilot rahbari va moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, 72 ta holatda buxgalteriya xodimlari, 24 ta holatda ombor mudiri va ta’minot xodimlari, 30 ta holatda injener va texnik nazoratchilar, 20 ta holatda shartnomalarning huquqiy ekspertizasini amalga oshiruvchi yuristlar va qolgan holatda boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo‘lgan.

Shu kabi Surxondaryo viloyatida 155 ta holatda 16,1 mlrd so‘mlik davlat xaridlaridan 67 ta holatda bosh hisobchi, hisobchi va iqtisodchilar, 60 ta holatda xo‘jalik va ombor mudirlari, 28 ta holatda bo‘lim boshliqlari va boshqa xodimlar xarid ijrochisining ta’sischisi (benefitsiari) bo‘lgani aniqlandi.

Masalan, Surxondaryo viloyati hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi tomonidan 2021 yilda amalga oshirilgan Termiz shahridagi 6-maktab binosini rekonstruksiya qilish bo‘yicha 8 mlrd so‘mlik davlat xaridida ushbu kompaniyaning yetakchi mutaxassisi ta’sischiligidagi MCHJ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgan.

Xuddi shunday, Samarqand viloyatida 277 ta holatda 10,9 mlrd so‘mlik, Farg‘ona viloyatida 158 ta holatda 8,1 mlrd so‘mlik, Sirdaryo viloyatida 20 ta holatda 1,6 mlrd so‘mlik, Qashqadaryo viloyatida 66 ta holatda 1,1 mlrd so‘mlik, Navoiy viloyatida 14 ta holatda 0,3 mln so‘mlik davlat xaridlari bo‘yicha tuzilgan shartnomalarda affillanganlik va manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilgan.

Ushbu holatlarni bartaraf qilish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik haqida taqdimnomalar kiritilgan, shuningdek, davlat xaridlarida aniqlangan qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xizmatchilari tomonidan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish orqali korrupsiyaviy xavf-xatarlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish va bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.