Bugungi kunda turizm sohasi iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri hisoblanadi. Shu bois ko‘plab davlatlar sohani rivojlantirish, sayyohlar oqimini oshirish maqsadida mamlakat infrastrukturasini jahon standartlari darajasida yaratish bo‘yicha qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Tarixiy obidalarga boy, o‘ziga xos an’ana va madaniyatga, mo‘’tadil iqlimga ega O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda turizmni rivojlantirish va bu orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratib, aholi daromadini ko‘paytirish, sohada yetarli shart-sharoitlarni yo‘lga qo‘yishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2022 yil 19 sentabr kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan «Mamlakatimizning ichki va tashqi turizm salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi» videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonning turizm sohasidagi ulkan imkoniyatlari va ulardan foydalanish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, davlat rahbari tomonidan turizmni rivojlantirish uchun imtiyozli kreditlar ajratish masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan ham «Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror doirasida turizm sohasini rivojlantirish maqsadida yuridik shaxslarga mehmonxona va xostellar faoliyatini tashkil etish uchun 22 mlrd so‘mdan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.

O‘zbekiston prezidentining 2021 yil 20 dekabrdagi «Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi» qaroriga asosan 2022 yilda oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar tashkil etish va ularni ta’mirlash hamda jihozlash uchun jami 24 ta jismoniy va yuridik shaxslarga 945 mln so‘m miqdorida imtiyozli kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.

Shuningdek, bugungi kunda oilakredit.uz platformasi orqali jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan arizalar, loyihalarga hokim yordamchisi tavsiyanomasiga asosan belgilangan tartibda oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar tashkil etish va ularni ta’mirlash hamda jihozlash uchun mablag‘lar ajratilmoqda. Kredit bir yilgacha imtiyozli davr bilan besh yilgacha muddatga yillik 14% stavkada jismoniy shaxslar uchun 33 mln so‘mgacha, yuridik shaxslarga 225 mln so‘mgacha taqdim etilmoqda.

Reklama huquqlari asosida.