«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib bormoqda. Navbatdagi — tilshunos, jurnalist Bahodir Qobul muallifligidagi 1991 yilda yozilgan maqolada nafaqat muammo va kamchiliklar, balki aniq yechim va takliflar ham bayon etilgan.

Avlodlar ta’nasiga qolmaylik

Bu (turk)larga yaqin bo‘lish uchun eng asosiy yo‘l ularning tillarida so‘zlashishdir, chunki ular bu tilda so‘zlashuvchilarga yaxshi quloq soladilar, o‘zlarini yaqin tutadilar, ularga zarar bermaydilar. Hatto o‘z panohida turgan boshqalarning gunohlarini xam kechib yuboradilar.

Mahmud Koshg‘ariy.

Birinchi

Tilimiz uchinchi bor qaytadan Movarounnahrda davlat tili maqomini oldi. Birinchi bor turkiy tilga devon tili rutbasi benazir Alisher Navoiy uni «tillar botqog‘idan» olib chiqqanidan so‘ng berilgandi. O‘sha voqeadan keyin oz emas, ko‘p emas, roppa-rosa besh asr o‘tibdi.

Paysalga solingan ish o‘z ahamiyatini yo‘qotganidek, ijrosi asossiz kechiktirilgan Qonunning ham qadri bo‘lmaydi. Bu xususda greklarda yaxshigina ibora bor: «Amalga oshmaydigan har qanday Qonundan qahvaxonaning gapi afzal!» Ushbu Qonunning mohiyati, bajarilishi va kishilarimiz ongiga qay darajada yetib borayotgani hamda ular qanday faoliyat ko‘rsatayotganliklarini o‘zim yashayotgan va ishlayotgan Samarkand viloyati misolida bir oz tahlil qilmoqchiman.

O‘tgan muddatda viloyat bosmaxonasida muhr tayyorlaydigan yozuv mashinkalariga o‘zbekcha harflar o‘rnatadigan maxsus ustaxona ochilib, ishga tushirildi. Ular xizmatidan qo‘shni viloyatlar ham foydalanishlari mumkin. Qonun qabul qilinganligining bir yilligi tantanali nishonlandi. Bularning barchasi quvonchli, albatta. Quvonchlar esa o‘zbekistonlikman deganning barchasiniki! Jumhuriyatimiz boshidan kechirayotgan achinarli kunlar-chi?! Ular qachon quvonchga aylanadi? Qonun to‘lig‘icha yetti-sakkiz yildan keyin amalga oshar ekan deb o‘ylash borib turgan noqobillik, qolaversa, ota-bobolarimiz ruhiga bepisandlik, xiyonatdir.

Ma’lumki, Qonunning faqat 4, 7, va 8-moddalarini amalga oshirishgagina uzoq muddat berilgan. Shuningdek, bu uch modda barchaga birday taalluqli bo‘lib qolmay, balki davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ishlayotgan, tub yerli xalq tilini bilmaydigan amaldorlargagina tegishlidir. Til bilmaydigan rahbar bilan ishlash o‘ta noqulay. Ayniqsa, o‘zga tilda senga aql o‘rgatib tursa. Inshoolloh, nasib bo‘lsa, elimiz bu boradagi o‘zining naqd gapini halizamon aytgusidir.

Lekin shu narsa ayonki, jumhuriyatimizdagi anchayin idoralarning (birinchi navbatda firqa qo‘mitalari) rahbarlari Qonunning 28-moddasini pisand etmayaptilar. Mazkur moddada esa ular zimmasiga o‘zlariga bo‘ysunuvchi soha doirasida Qonun talablariga rioya qilinishiga shaxsan javobgarliklari ko‘rsatilgan. Amalda esa Qonunni tan olmaslik, bilib bilmaslikka olish (aslida bular zamirida o‘zbek tilini mensimaslik illati yotadi) oqibatida o‘zibo‘larchilikka, sansolarlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

Har qanday viloyatda bunday tashkilotlar, idoralar ro‘yxati ancha uzun ekanligiga imonim komil. Ammo o‘sha ro‘yxat boshida O‘zbekiston SSJ iqtisodiyot qo‘mitasi hamda O‘zbekiston komfirqa Markazqo‘mi singari davlat va jamoat tashkilotlari turganligiga nima deysiz?!

«O‘zbekiston SSJning davlat tili haqida»gi Qonunini amalga oshirish davlat dasturi qabul qilinganidan buyon uni bajarish borasida jumhuriyat iqtisodiyot qo‘mitasidan olgan hujjatlarimizning birontasi davlat tilida emas! Dardingni kimga aytishingni bilmaysan kishi. Istehzoli bo‘lsa-da, aytishim kerak, jumhuriyat iktisodiyot qo‘mitasida mazkur ish bilan A. B. Fyodorova degan xodima shug‘ullanadi. Boshqacha qilib aytganda, davlat tiliga homiylik vazifasi shul zotga yuklatilgan. Til bilmaslik ayb emas, biroq til bilan o‘ynashgan yomondir!

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan atama qo‘mitasi ishini ham qoniqarli deb bo‘lmaydi. Mazkur qo‘mita haligacha davlat boshqaruv organlariga o‘zi tasdiqlagan atamalar ro‘yxatini taqdim etgan emas. Okibatda bir qator tushunmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Shu o‘rinda odob doirasidan chiqib bo‘lsa-da, bir gapni aytishni lozim toydim. Zero, yuzga aytganning zahri yo‘q: o‘sha atamaqo‘mda faoliyat ko‘rsatayotganlarning anchaginasi bir vaqtlar o‘zbek tilining ostiga suv quyganlardandir. Xoinlikning esa katta-kichigi bo‘lmaydi. Qolaversa, hurmatli domla, O‘zbekiston SSJ Fanlar Akademiyasining muxbir a’zosi Azim Hojiyev ta’kidlaganlaridek, «u yoki bu sohada yangilanishi lozim bo‘lgan atamalar (terminlar) ayrim mutaxassislar vahima kilib yurgan darajada emas».

TAKLIFIM: atama ko‘mitasi ishiga olimlar jalb etilib, uning a’zolari ro‘yxati markaziy matbuotda e’lon qilinsa. Shuningdek, ma’lum muddat berilsakim, ishlarning yakuni (albatta, nisbiy)ning muddati aniq belgilansa.

Menga tinchlik bermaydigan, qolaversa, umuman kurakda turmaydigan yana bir holat haqida fikr yuritmoqchiydim. Ma’lumotlarga ko‘ra, Qonunni amalga oshirish uchun 1128,6 million so‘m sarflanishi kerak emish. Jumhuriyat bo‘yicha ish qog‘ozlarini kayta yangilash uchun 76,8 million so‘m sarflash, konsert va teatr zallariga videomagnitofonlar olish maqsadida 0,48 million so‘m, oliy ta’limgohlarni kompyuterlar, lingofonlar va videomagnitofonlar bilan jihozlashga 253 million so‘m, xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlashga ham millionlab so‘m sarflanishi ko‘zda tutilgan. Bir qarashda bu ko‘pday tuyuladi. Biroq, aslida bularning barchasi «Qonunni bajarib bo‘lmaydi» deyishayotgan vallomatlar chirog‘iga moy kuyadi, xolos. Janoblar, axir yetmish yilda maktablarimizni o‘ris tilidagi kompyuter, videomagnitofon, lingofon bilan to‘liq ta’minlay olmadinglar-ku, nega endi og‘irlikning barchasini sho‘rlik o‘zbekning davlat tili haqidagi Qonuniga keltirib taqaymiz?!

Jumhuriyat bo‘yicha ish qog‘ozlarini yangilash xususida ham shu gapni aytish mumkin. Bir tashkilot ikki-uch yilda o‘zining ish qog‘ozlarini qayta tayyorlash uchun bosmaxonalarga buyurtma beradi. Shunday ekan, bu ish xachakalla demasdan, bosiqlik bilan, tadbirkorlik bilan hal etilsa six-da, kabobda kuymaydi. Tomoshagohlarga, teatrlarga o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan videomagnitofonlarning o‘zbek tili devoniga xizmat qilishini esa hazm qila olmayman. Bunday biryoqlamalik bilan ishga kirishmaslik kerak. Qonunni kishilar ko‘ziga olabo‘ji qilib ko‘rsatmaslik lozimdir.

Yana bir narsani hech tushuna olmayman: viloyatimizda (boshqa viloyatlarda ham ahvol maqtagulik emas!) 287 ta faqat o‘ris tilida mashg‘ulot olib boriladigan bolalar bog‘chasi bo‘lsa, ularning birontasining mudirasi ham o‘zbek tilida tarbiyaviy ish olib borishu hujjat yuritishni bilmas ekan. Vaholanki, ularning aksariyati shu yerda tug‘ilib-o‘sgan kishilardir. Mudiralarni qayta o‘qitish, malakasini oshirish uchun roppa-rosa 115600 so‘m zarur. Bir iloj qilib, shuncha pul ham topilishi mumkin. Biroq ishonchim komilki, 287 mudiradan yettitasining ham malakasi qiyomiga yetib qolmaydi. Tarbiyachi ruh muhandisidir. Arablar aytganidek, «tarbiyachini tarbiyalashga urinish telbalikdan boshqa narsa emas!»

Qonunning 27-moddasida davlat tiliga va boshqa tillarga mensimay yoki xusumat bilan qaragan mansabdor shaxslar, arizalar va shikoyatlarni qabul qilishdan bosh tortganlar SSJI va O‘zbekiston SSJning amaldagi qonunlari asosida javobgarlikka tortiladilar, deyilgan. Amaldagi qonunlarni yod biladigan ma’muriy-huquqiy idora xodimi ham davlat tiliga nomunosib yo‘l tutgan shaxsga nisbatan hech qanday jazo qo‘llamaydi.

TAKLIFIM: mazkur Qonun yangi tahrirda yozilib, muddatlar masalasiga jiddiy qaralgan holda Oliy Kengashimizda qayta ko‘rilsa. Zero, hukumatning obro‘yi u chiqargan Qonunning hayotiyligi va adolatliligidadir! «Xalq so‘zi» ro‘znomasi esa Qonunning bajarilishini muntazam nazorat qilib borsa.

Ikkinchi

«O‘zbekiston SSJning davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinishi bilan jumhuriyatimiz bo‘ylab joylar nomlarini yoppasiga qayta (masalaga yoppasiga yopishish bizga kalxo‘zlashtirish davridan kolgan bo‘lsa kerak!) nomlashga kirishib ketishdi. Har yaxshining bir yomoni bor deganlaridek, bu jabhada ham anchayin kishilar demokratiya (xalqparvarlik)dan — xalqning niqob qilinishini, johillikni; torqobiqdan — dunyoviy kenglikni ajrata olmayotirlar. Bizning viloyat ijroiya qo‘mitasi nom qo‘yish komissiyasiga nohiyalardan kelayotgan takliflar bilan tanishib chiqqan kishi yoqasini ushlamay iloji yo‘q. Boshka viloyatlarda ham ahvol xuddi shunday. Bunday deyishga markaziy matbuotdagi axborotlar sabab bo‘lyapti. Yaqinda nohiya ijroiya ko‘mitalaridan biri Moldovada harbiylikni o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan askarning nomini abadiylashtirish haqida qaror qabul qilib, tasdig‘ini qonun-qoidaga binoan viloyat ijroiya qo‘mitasidan so‘radi. Moldovadagi harbiy qismdan va nohiya harbiy komissari bergan ma’lumotnomada, askar harbiy mashq bajarayotib mardlarcha halok bo‘ldi, deyilgan. Mana sizga jumboq. Ma’lumotnoma so‘ngida harbiy qism komandiri askar nomini abadiylashtirishni ma’qullaydi-yu, ko‘rsatgan mardligi nimadan iborat ekanligini aytmaydi. Tabiiyki, viloyat nom qo‘yish komissiyasi bu taklifni rad etdi.

Yana bir misol. Nohiyalardan biri marhum fan nomzodi xotirasini abadiylashtirish haqida qaror qabul qilgan. Sabab, «qishloqdan chiqqan yosh olim bo‘lib, erta vafot etgan; ko‘proq yashaganda katta ishlar qilgan bo‘lardi» emish. To‘g‘risi, marhum haqida gapirish nojoizdir. Biroq, nohiya ijroiya ko‘mitasidagilar masalaga jiddiy qaramaganliklarini ta’kidlamoqchiman.

Ma’lumot uchun: hozirgi kunda Samarqandda 180 nafar fan doktori, 1800 nafar fan nomzodi xizmat qilmoqda…

Qishloq kengashlari tomonidan kelayotgan takliflarda esa qo‘rg‘onlardagi ko‘chalar, maktablar, shifoxonalar, hatto fermalarga ham kishilar — birinchi brigadir, birinchi kommunist, birinchi faxriy, birinchi paxtakor nomini berish ko‘rsatilgan. Ana shunday holat Poyariq nohiyasida bo‘ldi. Bu yerda Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi, nomi abadiylashtirishga arzigulik xizmatlar ko‘rsatgan, qator nishonlar egasi Bopil Hasanov nomi bo‘rdoqichilik fermasiga berilishi haqida qaror qabul qilingan. Viloyat komissiyasi qarorni ma’qul topmadi. Sababini izohlash shart bo‘lmasa kerak. Shuningdek, Ulug‘ Vatan urushi janggohlarida ishtirok etib bir-ikki orden-medal olib qaytgan kishilar nomini ham maktablarga qo‘yishni so‘rab, o‘nlab takliflar tushmoqda. To‘g‘risini aytadigan bo‘lsak, ushbu takliflarning 95 foizini tasdiqlash zamon talabiga ham, musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega janggohlardan orden-medal olib kelganlar nomi maktablarga berilar ekan-u, frontda jonini jabborga berganlarga yo‘q? Qolaversa, nahotki har bir urushda qatnashgan odam nomim maktab yoki ko‘chaga berilsin deb jangga kirgan bo‘lsa? Shunday deya jon bergan bo‘lsa?! Ularning xotiralari Vatanimizning eng kichik qo‘rg‘onidan tortib eng katta kentida ham abadiylashtirilgan-ku! Ulardan bizga qolgan xotira mana shu Vatan! Vatanni balo-qazolardan saqlashimiz ular xotirasini saqlaganimiz bo‘ladi! Shunday emasmi?!

Qator qishloq kengashlari ba’zi qishloqlarni muqaddam nohiya firqa qo‘mitasining birinchi kotibi bo‘lib ishlagan kishilarning nomlariga qo‘yishni taklif qilmoqdalar. Savol tug‘iladi: nega endi aynan shu kishining nomi qo‘yilishi kerak?

«Ha, endi nohiya rahbari bo‘lganda kishlog‘imizni obod qilgan-da», deyishadi talabgorlar. Ularga: «Nohiya kotibi bo‘lgach, qishloqni obod qilish uning vazifasi hisoblanadi. Qolaversa, birgina qishloqqa mas’ul emas u. Nohiya birinchi kotibi bo‘lish qahramonlik sanalmaydiyam», degingiz keladi.

O‘tgan yili Kattaqo‘rg‘on shahar ijroiya qo‘mitasi shaharning 83 ko‘chasi nomini o‘zgartirish haqida taklif bilan chiqqandi. Ishonasizmi-yo‘qmi, shundan 78 ko‘chaga kishilar nomi qo‘yilgan. O‘ylab qolasan: nahotki Kattaqo‘rg‘onda nomiga ko‘cha qo‘ysa arziydigan kishilar shuncha ko‘p bo‘lsa? Bo‘lsa bordir. Biroq ko‘cha nomlarini faqat va faqat kishilar nomlariga qo‘yish shartmikin. Qolaversa, marhumlar ruhi shu bilan shod bo‘lib qolmaydi-ku. Vaholanki, ota-bobolarimiz nom qo‘yishni haqiqiy san’at darajasiga olib chiqqanlar. Bugungi kunda ularning bu san’atini Leningrad, Moskva, Kiyev, hatto Londonu Parij oliygohlarining olimlari o‘rganmoqdalar. Ularning ta’kidlashlaricha, dunyoda biror-bir xalq o‘z turar-joylarini bu darajada g‘o‘zal, betakror, mazmundor, ta’bir joiz bo‘lsa, sirli atay olmagan.

Afsuslar bo‘lsinkim, biz sovet davri kishilari ota-bobolarimiz izidan borish o‘rniga ular yurgan yo‘llarga «loy» chapladik. Yuzlab yillik tarixga ega bo‘lgan Xo‘jand, Kattamachit, So‘fimiyon, Sultonqishloq, Boymahalla, Eshonxo‘ja singari qishloqlarning nomlarini o‘zimizning tilu dinimizga yot bo‘lgan nomlar bilan atadik. Samarqand viloyatida ayni vaqtda Chapayev, Frunze qishloqlari Chernishevskiy, Dobrolyubov, Tolstoy mahallalari bor. Bosqinchi va johil Vereshagin singari, shuningdek, yaqin o‘tgan siyosatimiz mevalari bo‘lgan poyintar-soyintar (Buldozer, Ekskavator, Raketa, Artilleriya, Diviziya) ko‘cha nomlarini aytmay qo‘ya qolaylik.

Viloyatimizda V. I. Lenin sharafiga yuzga yakin joy atalgan. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli, albatta. Biroq men hanuzgacha viloyat suyak sili kasalliklari shifoxonasiga (shifoxonaga nomni tegishli vazirlik tavsiya etadi) ham V. I. Lenin nomi berilganiga tushuna olmayman. Bu inqilob sardoriga hurmatimizning cheksizligimi yoki suiiste’mol qilishmi?

Bularning barchasiga birinchi navbatda siyosatdan yiroq siyosatdonlarimiz, olimlarimiz, ziyoliman deb bo‘yinbog‘ taqib yurganning har biri aybdordir!

Sharqda ko‘chalarga kishilar nomini qo‘yish rasm emas. Ayniqsa, musulmon olamida. Bu haqda din ahllari o‘z fikrlarini bildirsalar juda o‘rinli bo‘lur edi.

Savollar tug‘ilaveradi: «Nega Amir Temur Samarqand shahri nomini o‘zgartirib, o‘z nomi bilan atattirmagan ekan? Nega Muhammad Tarag‘ay Samarqand ko‘chalariga ustozlari nomini bermadi ekan? Axir jahongir bobomizning shunday qilish uchun yuz emas, ming marta haqqi bor edi-ku? Axir Samarkand degan shahar borligini dunyoga tanitgan shul tabarruk zot emasmi?

Bu yerda, menimcha, yerga — ona tuproqqa nisbatan cheksiz hurmat hissi yashirin bo‘lsa kerak. Xalq bekorga «Yerning har yerda o‘z oti — o‘zi bilan» demagan. Boshqacha aytganda, yer o‘ziga o‘zi nom bergan. Xuddi shundan kelib chiqib, joylarga nom qo‘yilgan. Semizkent — Samarqand (boy shahar) ham bundan mustasno emas. Toshkent, O‘ratepa, Farg‘ona, Nukus haqida gapirib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Bunday nom berish san’ati (fanda onamastika deyiladi)ning ildizi «Devonu lug‘atit turk»ka borib taqaladi. Mahmud Koshg‘ariy hazratlari ana shu asarlarida Oqterak, Qorayig‘och, Olayig‘och singari oymokonimlarga izoh bergan.

Nom ko‘yish tartiblarini belgilaydigan O‘zbekiston Vazirlari Kengashining 1981 yil 27 maydagi Nizomi ham, bizningcha, bir qator masalalarda hayotdan ortda kolgan. Birorbir kattaroq joyga (aeroport, vokzal) nom berish uchun nega Moskvadan ruxsat so‘ralishi kerak ekan? Yoki bir hududda bir kishi nomida ikki joy atalmasligi ko‘rsatilgan-u, hudud deganda kaysi o‘ram nazarda tutilishi aniq belgilanmagan. Yoki o‘sha hududda A. Navoiy, A. Jomiy nomi ikkita bo‘lsa nima qilibdi? Bunaqa g‘ujala masalalar esa Nizomda talaygina. Joylarda tuzilib, endigina atak-chechak ish boshlayotgan nom qo‘yish komissiyalari o‘zlarining vakolatlarini aniq tushunib yetmayotirlar. Oqibatda qishloq Kengashlari jumhuriyat Vazirlar Mahkamasi zimmasidagi ishni o‘z bo‘yniga olishgacha yetib bormoqda. Ma’lumki, amaldagi qonun-qoidalarga ko‘ra tegishli hududdagi joy nomlarini nohiya ijroqo‘mlari beradilar. Kishilar nomini abadiylashtirish vakolati esa viloyat ijroiya qo‘mitasiga topshirilgandir. Yaqinda Samarqand shahar ijroiya ko‘mitasi viloyat ijroiya qo‘mitasining vakolatini o‘z zimmasiga olganligi uchun uning qarori bekor qilindi.

Taniqli turkshunoslarning aytishicha, bir vaqtlar nom so‘zi hozirgi nomus so‘zining o‘rnini xam bosgan ekan. Xalqdagi «Nomusing o‘chdi — noming o‘chdi», «Yigit bo‘lsang, nomingga dog‘ tushirma» singari iboralarni eshitib, bu gapda jon borligiga imon keltirasan kishi.

Modomiki, tilimiz nomusimiz ekan, bu masalada doimo hushyor va doimo adolatli, xalqchil bo‘lishimiz kerak, toki yillar o‘tib, kelajak avlodlarimiz o‘z yurtlarida o‘z tillari haqida qaytadan qonun chiqarib, bizlarni sharmandalar qatorida sanashmasin! Zero, avlodlar ta’nasidan og‘irroq jazo yo‘q!

Tilshunos, jurnalist Bahodir Qobul.

«Yoshlik» jurnali, 1991 yil, 6-son. Matn Ziyo.uz`dan olindi.