«Gazeta.uz» o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 33 yilligi munosabati bilan oktabrni — «O‘zbek tili oyligi» deb e’lon qildi. Mazkur oylik davomida tahririyat jamoasi har kuni o‘tgan vaqt ichida turli nashrlarda chop etilgan, dolzarbligini hanuz yo‘qotmagan maqola, nutq, fiqralarni qayta berib bormoqda.

«Imloviy dangasalik» yoxud o‘zbek tilining haqiqiy alifbosi qanday bo‘lishi kerak edi?

Negadir bugun alifbo masalasiga to‘xtalganda odamlarda o‘zbek nutqini rus tiliga moslagan kirill alifbosi yoki «pishmagan» lotin alifbosini qayerda qo‘llashu qo‘llamaslik o‘ylantirib kelayotgan «bosh og‘rig‘i»dir. Nega deysizmi? Marhamat, ko‘chaga chiqing, reklamalar, bannerlarga qarang yoki 7−9 sinfda yoki kasb-hunar kollejida tahsil olayotgan o‘quvchining «mobil savodi»ni kuzating…

Albatta, buni faqat alifbo almashinuviga yo‘yib bo‘lmaydi. O‘quvchi alifbo va imloni maktabda o‘rganadi. Bugungi va oldingi maktab bitiruvchisining savodi o‘rtasida ancha farq bor. Demak, o‘qitishda «nimadir» bo‘layapti.

Endi masalaning tub mohiyatiga ko‘chsak. O‘tgan asrning yigirmanchi yillaridan boshlab turkiy xalqlar qatorida bizda ham lotin grafikasiga o‘tish boshlab yuborildi. Albatta, bunda o‘zbek tilidagi unli va undosh tovushlarning aslida qanchaligi bo‘yicha juda ko‘p va xo‘p bahs ketgan (o‘sha davrgacha foydalanilgan arab yozuvida faqat «u», «a» va «i» harflarini bildiradigan belgilar bo‘lgan). Umumadabiy til orqali bu muammoni yechish lozim edi. Bunda tilshunoslar o‘zbek adabiy tili uchun qarluq lahjasining Toshkent — Farg‘ona shevalari asos qilib olindi hamda fonetik jihatdan Toshkent shevasiga urg‘u berilgan.

Tilshunoslar 5, 6, 9, 12, 15 va hatto 17 ta unli tovush borligini ta’kidlashgan. Natijada, 1929−1940-yillar oralig‘ida alifboda bir necha «unli o‘zgarishlar» ro‘y berdi. Shunday pala-partishliklar oqibatida 1934 yildan buyon tilimiz shartli 6 ta unlida qolib ketdi. Turkiy tillarga xos bo‘lgan singarmonizmning katta bo‘lmasa-da, tilimizdagi o‘rniga e’tibor berilmadi.

1940 yildan esa o‘sha davrdagi «og‘a til» alifbosiga yaqinlashish maqsadida kirill alifbosiga o‘tilib, ayni paytda bu leksikamiz, orfoepika va imlomizga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatdi. Tilimizda o‘zlashma va hatto milliy so‘zlarimizni ham rus tiliga o‘xshatib talaffuz qilish boshlandi. Bu hozirgi kunga qadar ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. O‘zlashma so‘zlardagi «H» — bo‘g‘iz tovushi tilimizda bo‘lsa-da, birovlarning «og‘ziga qarab» «G» va «X»ga almashtirdik. Gollandiya, Gamlet, Gerodot kabilar qatori, Geydar (Haydar Aliyev) va Gamzatov (Rasul Hamzatov) degan nomlar paydo bo‘ldi. Eng achinarlisi, bugungi kungacha bu holatni ona tilimizdagi «norma» sifatida qabul qilayotganlarni ko‘rib yana xunobingiz oshadi.

Achinarlisi, o‘zbek tilining tovushlar sistemasi va imlo qoidalarini rus tiliga moslab, bizga yot, lekin kirill alifbosida bo‘lgan «-ya», «-yu», «-yo», «-ye», «-s», «-’», «-» majburlab tiqishtirildi.

Jamiyatimizning ba’zi vakillarida bugungi kunda ham eskirgan kirillni saqlab qolish hissining mavjudligini ulardagi ona tili tushunchasidagi imloviy bo‘shlig‘i bilan izohlash mumkin.

Mustaqillikdan so‘ng, ilk navbatda, lotin yozuvli o‘zbek alifbosini joriy etish boshlandi. Lotin yozuvi bugungi kunda dunyo miqyosidagi yarmidan ko‘p tillarni birlashtirgan xalqaro muloqot alifbosidir. O‘zbek tili ham mazkur «muloqot»dan chetga chiqmagan holda, mazkur integratsiyaga qo‘shildi. Bu haqiqatda ham bizni shiddat bilan rivojlanayotgan axborot asrida kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanishimizda, chet tillarini tez o‘zlashtirish va eng muhimi o‘zbek tilini jahon sahnasiga olib chiqishda, xorijiylarni bizning tilimizga moslashishlarida juda qulay bo‘ladi. Matn terishda esa 5−10% foiz iqtisod qilamiz. Maktab o‘quvchilari esa tez savod chiqarishadi.

Ko‘pchilik yangi alifboga o‘tish jarayonida ommani savodsizlashib qolishi hamda eski manbalardan uzilib qolishini ta’kidlashadi. Bu hamisha ham to‘g‘ri emas.

Birinchidan, mamlakatimizda savodxonlik 99% lik marrani urgan. Undan keyin hamma maktabda xorijiy til, ingliz, fransuz yoki nemis tilini o‘rgangan… bunday omillarni ko‘p keltirish mumkin. Bu zararli fikr asosan, o‘zgarishlarga moyilligi bo‘lmagan qatlamga xos bo‘lgan bahona va «imloviy dangasalik»dir. Ma’lumki, tilimiz tarixida bosib o‘tgan yo‘ldagi arabiy va kirill yozuvidan foydalangan davrda ham «ikkichilar» va eskilikka ko‘nikkan qatlam bo‘lgan va keyin ham bo‘laveradi. Ta’lim tizimini takomillashtirish kerak xolos.

Endi alifboga va imloga to‘xtalsak. 1995 yil may oyida lotin alifbosi joriy etilganda kirilldagi «keraksiz» harflar chiqarib tashlandi… va shunchaki kirill yozuviga to‘g‘ri keladigan harflar bilan almashtirildi, xolos. Aslida harflarni to‘g‘ri almashtirish ham oxiriga yetmadi («X x» — bu lotin yozuvida — iks birikmasini bildiradi). Soddaroq tilda tushuntirsam, qizil rangli avtomobil shunchaki boshqa rangga bo‘yalib, bir nechta keraksiz qismlari olib tashlandi. Lekin kerak bo‘lgan qismni o‘rnatishga kelganda esa… mutaxassislarning ham bu borada o‘zgargisi kelmadi nazarimda.

Muddaoga o‘tsam: amaldagi kirill va lotin alifbolarida imlo bilan adabiy til o‘rtasida, adabiy til uchun asos bo‘lgan lahjalar talaffuz me’yorlari bilan orfografiya o‘rtasida jiddiy tafovut bor. O‘zbek tilining fonetik va orfoepik balansida nomutanosibliklar davom etmoqda. 1934 yildan buyon talaffuzimiz va yozuvimiz hamisha ham bir-biriga yopishmaydi. Har qanday til uchun komfort, ya’ni to‘la to‘kis mos keladigan alifboni tuzish murakkab.

Bu borada Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida lotin o‘zbek alifbosini takomillashtirish bo‘yicha turli soha mutaxassislardan iborat ishchi guruhi tuzilgan. Bir necha bor ishchi guruhi yig‘ilishlari o‘tkazilib mazkur doirada jamoatchilik bilan keng muhokamalar qilinayotganini olqishlash lozim.

Albatta unlilar haqida gap ketganda o‘zbek tilida barcha cho‘ziq va qisqa unlilarni alifboda to‘liq aks ettirish mushkul vazifa. Aslida barcha unli tovushlar turli so‘zlarda turlicha talaffuz qilinadi.

Lekin ba’zilari yaqqol ajralib turadi. Masalan «I — I» harfi amalda ikkita mustaqil «I» va rus tilidagi «Ы» ga yaqin tovushni ifodalaydi. Hamma bunga ko‘nikkan bo‘lishi mumkin, amalda savod chiqarishda noqulay hamdir. Bu tovush uchun barcha turkiy tillarda alohida harf ajratilgan. Misol uchun «bilan», «biroq», «tirnoq», «qizil» kabi so‘zlarda ba’zan o‘quvchilarda birinchi bo‘g‘indagi unli tovushning bor-yo‘qlini anglashi qiyin kechadi va tushirib qoldirish hollari bor. Buni tushunsa bo‘ladi, chunki «Qrim», «Primov» kabi so‘zlar borki, o‘quvchini chalg‘itadi. To‘g‘rida, «Qrim»da tushirib qoldirilgan va «biroq» so‘zidagi birinchi unli tovush amalda bir xil-ku. (Turkiy tillarda «Qırım» tarzida). Nega bu tovush tilimizda alohida aks etmasligi kerak? Lotincha «I i» ga oddiy belgi bilan «Ɨ ɨ» yoki «Î î» tarzida qo‘llash mumkin (Bu lotin yozuvli tillar va xalqaro fonetik alifboda «Ы»ni anglatadi).

Ikkinchisi esa, talaffuzida ikki xilligini farqlasak-da qaysarlik qilib, erinib, alifboga kiritmaganimiz ikki xil «O» masalasida. Aslida bu har ikkita o‘zbekcha (dono, bola, loy) va rus — yevropa tillari (polk, stadion, kola) orqali kirib kelgan amalda o‘zbekcha O‘ ga yaqin tovush (rol). «Yana alifboni murakkablashtirishning nima keragi bor?» deydiganlar bilib qo‘ysin. Bu g‘irt «imloviy dangasalik» va mas’uliyatdan qochishdir. Yozuvda va talaffuzda bemalol ajratish mumkin. Eng asosiy «shpargalka» bu — o‘zbekcha va yevropacha so‘zlar. Misol uchun oddiygina «tok», «rom», «bor» kabi so‘zlar. «Tok» — bu elektr toki va «tok» — uzum novdasi, «rom» — ichimlik nomi va «rom» — mahliyo bo‘lish, «Bor» — kimyoviy element va «bor» — mavjud ekanlik. Farq aniq, tiniq va sezilarli shunday emasmi? Ensasi qotib: «xo‘sh nima kerak endi ikkita qilib» deganlar bilib qo‘yishi kerakki, lotin yozuvi bu shaklan uyg‘unlik hamdir. O‘zbekcha lablanmagan o (Buxoro, Toshkent, palov) yevropa va rus tillarida A bilan belgilanishi bejiz emas. Bu aslida A ning cho‘ziq keng ko‘rinishidir. O‘zbekcha «O» ni lotin yozuvli ko‘pgina tillar «Â» yoki «Ā» bilan yozilishi bejiz emas. Faqat bizdagini bu «O» harfi bilan yoziladi. Buning natijasida biz umumjahon standartidagi shakliy ko‘rinishga erishamiz. Ayni paytda tilimiz go‘zalligi va nozik qirralarini ko‘rsatamiz. Albatta, alifbo biz uchun tuzilishi kerak, o‘zbekcha «O» ni «A» deb yozadiganlar uchun emas. Lekin ayni paytda bu bilan lotin yozuvi qoidalarini buzmasligimiz ham kerak-ku, axir! O‘zbekcha O (ɒ) tovushining tilimizda o‘z o‘rni bo‘lishi kerak. Masalan, Tâshkent, islâm, Andijân, Tâjikistân, Özbekistân, Navâiy, Bâbur ko‘rinishida yozish mumkin.

Ozarbayjon tilida 8 ta, turk tilida 9 ta unli tovush va harf bor. Lekin ularda imloviy xatoliklar kam kuzatiladi. Ingliz tilida 20 ta unli tovush, fransuz tilida 16 ta unli tovush bor. Bunday «noqulaylik»lar ularni dunyo tillari bo‘lishiga va bizni ushbu tillarni o‘rganishimizda hech qanday salbiy ta’sir qilmaydi. O‘z alifbomizga kelganda, yana erinchoqligimiz tutadi.

«Gʻ gʻ» va «Oʻ oʻ» ning yuqoridagi vergullari ko‘pchilikka noqulay. Rus va yevropa tillaridan kirgan so‘zlardagi O tovushi va harfini o‘z o‘rniga qoldirib, «O‘ — Oʻ» uchun ko‘pchilik lotin yozuvli tillarda mazkur tovushni ifodalaydigan, yuqoridagi ikki nuqtali Ö ö shakl ko‘rinishiga o‘zgartirish lozim. Bu hamma uchun va elektron qurilmalarda YUNIKOD (UniCode)da foydalanishda qulay.

«Gʻ gʻ» harfini 1995 yilgi tajribamiz asosida, xalqaro doirada eng ko‘p qo‘llanadigan «Gh gh» ko‘rinishiga, qattiq sirg‘aluvchi «X»ni esa «Kh kh» shaklida o‘zgartirish maqsadga muvofiq (X — harfini alifbodan chiqarish lozim).

Yozuvimizga «S» harfi yoki uni o‘rnini bosuvchi fonemani kiritish maqsadga muvofiq. «C c» shaklida ifodalanishi xalqaro me’yorlarga mos keladi. Buni harf sifatida aks ettirish mumkin. Biocikl, cirk, funkcia, cent, Ciceron, konstitucia, Francia, Ciolkovskiy, internacional… Ayni paytda «Ch — Ch» harfining «yarmi» qayerdan kelganini bilib olish mumkin.

Alohida rus va osiyo tillaridan o‘tgan so‘zlar bundan mustasno bo‘lishi lozim. Masalan: Tsoy, Tsunami, Tszyu

Portlovchi va sirg‘aluvchi «J — J» ham bir-biridan farq qilib turishi maqsadga muvofiq. Aksariyat diagrafli tillarda «Zh» — tarzida ifodalanadi. Bu biroz noqulayroq. Lekin ikkita «J — J» ni ayni payda bir-biridan uzoqlashtirmasdan hech bo‘lmasa «Ĵ ĵ» ko‘rinishida ifodalash mumkin. Masalan: ĵurnal, aĵdod, Ĵak, montaĵ.

Yana bir masala bo‘yicha o‘quvchilarda turli tushunmovchiliklar bor. Bu «-ng» (transkripsiyadagi ŋ) tovushidir. Bu lotin alifbosida alohida harf sifatida kiritilgan bo‘lsa ham boshlang‘ich sinflarda dars berayotgan pedagoglarning bu borada fikri tushunarsiz.

So‘z oxirida (bodiring, keling, tong, kemping) va undoshdan oldin (anglamoq, manglay, singlim va boshqa) kelgandagina «ŋ» — tovushini beradi. Bunda «ng» — bitta tovush. Lekin — «ng» harflaridan keyin unli harf kelgan bo‘lsa, hoxlaymizmi yo‘qmi ikkita alohida harflar tovushini beradi (tanga, tongi, menga, nonga, Namangan, dangal, dangasa va boshqa). Har kim ham so‘zda nechta bo‘g‘in borligini bila olmaydi.

«ng» — [ŋ] masalasiga ehtiyotkorona yondashish kerak deb o‘ylayman. O‘quvchilar va o‘qituvchilarga qat’iy qoidalarni uqtirish kerak. Ya’ni «-ng» so‘z oxirida va undoshdan keyin kelganda ikkalasi bitta harf «(ŋ) va -ng» ning ikki yonida unli harflar kelsa alohida-alohida n va g harflari ekanini darsliklar va albatta birinchi navbatda birinchi sinflar uchun alifboga kiritish kerak. Demak, ikki unli orasida n va g alohida harflar, qolgan holatda esa bitta tovush!

Keyingi masalaga qo‘shimchalar xususida. Hozirgi o‘zbek adabiy tili imlo qoidalarida so‘z yasovchi, so‘z o‘zgartiruvchi va boshqa qo‘shimchalarni qattiq o‘rnatilgan morfologik qoidalar asosida yozish qoidasi mavjud. Qo‘shimchalar imlosida jarangsiz va jarangli undoshlar bir-biri bilan bog‘lanmayapti. Imloda esa o‘quvchilar savodini chiqarishida noqulay. Turkiy tillar imlosiga qaralsa, tovush o‘zgarish hodisasi qanday aytilsa shunday yozish qoidalashtirilgan. Ya’ni fonetik yozuv qoidasiga murojaat qilish, maktabda va tilni o‘rgatishda murakkabliklarni yo‘qotadi. O‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilar bilan ishlashni qulaylashtiradi.

Tilni zo‘rlab talaffuz qilishga majburlash esa umuman tushunarsiz holat. Masalan, bo‘libdi, tutga, Toshkentga, o‘qishdan, o‘tgan, yaratgan, ketguncha, bog‘ga, yotib, otday, to‘qday kabi so‘zlarni amalga 100% holatda «bo‘lipti — boʻlipti», «o‘qishtan — oʻqishtan», «o‘tkan — oʻtkan», «yaratkan — yaratkan» tarzida jarangsiz undosh bilan o‘qiymiz va nutqimizda ham shu ko‘rinishda talaffuz qilinadi. E’tibor qilinsa, tarixiy manbaalarda aynan fonetik yozuv qoidasidan ko‘proq foydalanishgan. Abdulla Qodiriyning mashhur asari «O‘tkan kunlar» deb nomlanishi bejiz emas (Bunda albatta atoqli otlar va o‘zlashma so‘zlar mustasno bo‘lishi kerak. Masalan «arabdan», «arxeologga» kabi ko‘rinishlar).

Shundan kelib chiqib adabiy tilimiz morfologiyasi va leksikasida qo‘shimchalarni jarangli yoki jarangsizgidan kelib chiqib o‘zgartirishlar kiritish lozim. Misol uchun jo‘nalish kelishigi qo‘shimchasi so‘z jarangsiz undosh bilan tugasa, «-ka», jarangli undoshlar va unlilar bilan tugasa -ga tarzida ifodalash qoidasini o‘zlashtirish lozim. Jo‘nalish kelishigi va boshqa «-Q va -G‘» undoshi bilan tugagan so‘zlarga «G» undoshi bilan boshlanadigan qo‘shimchalar qo‘shilishidagi tovush o‘zgarish xodisasini adabiy norma sifatida qabul qilish lozim.

Masalan, «bo‘lipti — boʻlipti», «o‘qishtan — oʻqishtan», «o‘tkan — oʻtkan», «yaratkan — yaratkan», «boqqa — boqqa» ko‘rinishda qoidalashtirilishi lozim.

Bu boradagi qoidani barcha qo‘shimchalar uchun kiritish lozim. Masalan, shakl yasovchi, ravishdosh «-b», «-ib» qo‘shimchalari «-p», «-ip» tarzida talaffuz qilamiz.

Fonetik asosda qo‘shimchalarning yozilishini o‘zbek tiliga qaytarish kerak, aynan fonetik yozuv tilimizning chiroyini, go‘zalligini ko‘rsatadi va eng muhimi — barcha uchun qulay.

Yana bir tilimizga yot holat bu yumshoq unlidir. 1995 yili bir qismi o‘zbek tili ohangiga to‘g‘rilanib «rejissor», «budjet» kabi ko‘rinishga keltirildi (aslida bu so‘zlar xalqaro doiralar va kelib chiqqan tilida ham shunday yoziladi). Lekin bu bir nechta so‘z bilan chegaralandi, xolos. Bu narsani tilimizga noo‘rinligini inobatga olib mazkur jarayonni oxiriga yetkazish lozim. Qaytaraman, yumshoq unli tilimizga yot hodisa!

Lotin yozuvini lotin yozuviga o‘xshatish vaqti keldi, nazarimda. O‘zlashma so‘zlardagi «-iya», «-siya», «-yeya» bilan tugaydigan so‘zlarni «-ia» (Italia, Finlandia), «-cia» (Konstitucia, integracia), «-ea» (Korea) orqali yozilishi qoidalashtirilishi lozim.

Boshqa o‘zlashma so‘zlar imlosida ham «rus standarti»dan voz kechish vaqti keldi. Geografik obyektlar va atoqli nomlar borki, haligacha Manhettean, Pekin, Nankin, Tan, Shanxay, Xokkey, Laxor, Pxenyan, Dxarmendra, Xirosima, Doxa ko‘rinishida yozilmoqda. Bu nomlarning asl ko‘rinishlari rus tilida — «ng» (ŋ) va «-h» (h) bo‘lmagani uchun shu holatda bo‘lgan. Lekin ona tilimizda bu tovushlar ming yillardan buyon mavjud. Beijing, Nanjing, Tang, Shanghay, Lahor, Pyongyang, Dharmendra, Hiroshima, Doha — bu ham o‘zbek ohangiga, ham xalqaro shakliy yozuv qoidalariga, ham mazkur so‘zlarning asl variantiga mos tushadi. Bu o‘zgarishlarni imlomizda aks ettirmaslik, lotin yozuviga o‘tishdagi haqiqiy ma’nosizlikdir. Chunki, o‘zlashma so‘zlar masalasida yozuvimiz rus tilining lotincha transkripsiyasiga aylanib qolmasligi lozim.

Albatta yozuv imloni o‘zgartirish hamma uchun «yoqimli» qabul qilinmasligi tushunarli. Oxirgi 22 yil davomida ko‘pchilik zada bo‘lganini sezish mumkin. Ularni ham tushinish lozim. Boshida oddiy fuqarolar uchun pasport, diplom va boshqa guvohnomalarni, 2−3 yil ichida nashrlarni, umuman, jamiyatni yangi qoidalarga moslash yengil bo‘lmasligi tabiiy holat. 1995 yildan beri maktablarni lotin yozuvida 12 ta «qaldirg‘ochlar» bitirdi. Tilshunoslar uchun yangi qoidalarni o‘zlashtirish va lug‘atlarni chop etish vazifasi turgani rost.

Lekin 1995 yilda qabul qilingan yangi lotin alifbosini jamiyatda chuqur qabul qilinmaganining sababini — bu xalq, ayniqsa, katta avlod vakillari o‘rtasida kerakli darajada targ‘ibot olib borilmagani bilan izohlash mumkin. Globallashuv davrida yosh avlodning bu boradagi g‘alatiliklarni to‘liq qabul qilmasligini tushunish mumkin. Bugun aksar telekanallarimizga ahamiyat bersak, ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha bir qancha ko‘rsatuv va teledarslar, ommabopligini oshirish bo‘yicha videoroliklar efirga chiqayapti. Ammo o‘zbek tilining bu bordagi ko‘rsatuvlari yo‘q.

Aniq bilishimiz kerakki, isloh qilinadigan lotin yozuviga to‘liq o‘tish va unga ketadigan sarf-xarajatlar aslida, mamlakatimizning kelajagi uchun kiritilgan INVESTISIYADIR. Bizdan so‘raladigan narsa bu masalada ikkilanmaslik. Zero, xatoni to‘g‘rilash uchun bizda imkoniyat bor ekan, kech emas. Dono xalqimiz aytganidek, ko‘z qo‘rqoq — qo‘l botir!

O‘zbek tili alifbosi va joriy imlo qoidalarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhi a’zosi Mehroj Usmonov.

Ushbu maqola matni sof.uz saytidan olindi.