Toshkent metropolitenining «Alisher Navoiy» bekatida 22 oktabr kuni 19 yoshli qiz Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi sumkasini tekshirayotgan paytda uning ichida bomba borligini aytgan. Bu haqda Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi ma’lum qildi.

2003 yilda tug‘ilgan qiz avtomatik o‘tkazish punktida o‘z xizmat vazifalarini bajarayotgan xodim tomonidan to‘xtatilgan. N.S. ismli qizdan Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimi sumkani ko‘rsatishni so‘raganida qiz sumkasida bomba borligini aytgan.

Ko‘rsatmaga ko‘ra, xodimlar zudlik bilan yaqin atrofdagi hududni o‘rab olgan va voqea haqida navbatchilik bo‘limiga xabar berilgan. Shundan so‘ng, voqea joyiga Ichki ishlar vazirligi Maxsus operatsiyalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi guruhi yetib kelgan. Qiz ham vaqtincha hibsga olingan.

Sumkani ko‘zdan kechirish chog‘ida undan portlovchi moslama topilmagan. Shundan so‘ng dalolatnoma tuzilgan. Xodim qizdan nima uchun sumkasida bomba borligini aytganini so‘raganida N.S. uning kayfiyati yaxshi bo‘lgani va shu tarzda hazil qilishga qaror qilganini aytgan. Qiz poytaxtning Shayxontohur tumani 3-ichki ishlar bo‘limiga olib ketilgan.

Metropolitenda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, podpolkovnik Xasan Xaydarovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Toshkent shahar Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining qarori bilan N.S. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik) va 199-moddasi (Maxsus xizmatlarni qasddan aldab chaqirish) bilan aybli deb topilib, unga nisbatan 5 sutka ma’muriy qamoq jazosi hamda BHMning 1 barobari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.