«O‘zmilliybank» AJ ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va O‘zbekiston aholisini bank tomonidan davlat moliya subsidiyalari taqdim etiladi degan yolg‘on xabar tarqatilgani haqida ogohlantirdi. Unda firibgarlar fuqarodan ko‘rsatilgan mablag‘ni olish uchun bank nomi va logotipidan foydalangan holda yaratilgan soxta saytda anketa so‘rovidan o‘tishni taklif etadi.

«Biz bank nomi ortida yashiringan firibgarlik sxemalarini inkor etamiz. Chunki ularning soni yil sayin ortib bormoqda. Firibgarlar yirik kompaniyalar, banklar, davlat muassasalari, jamg‘armalar, hatto yurtdoshlarimiz alohida ishonch bildirgan taniqli shaxslarning nomlaridan foydalanadi. Shu bois, firibgarlarning qarmog‘iga tushib qolmaslik uchun hamisha e’tiborli va ehtiyotkor bo‘lish, eng avvalo taklif etilayotgan saytning rasmiy ekanligiga e’tibor qaratish lozim», — dedilar bank vakillari.

Har doim ishonchli ma’lumotlarni olish uchun faqat bankning rasmiy saytidan hamda Telegram`dagi, Facebook`dagi, Instagram`dagi rasmiy axborot kanallaridan foydalanish yoki (+998) 78−148−00−10, 1344 telefon raqamlari orqali bankning koll-markaziga murojaat qilish mumkin.

Bank ogoh bo‘lishni va yaqinlaringizni ham bu firibgarlikdan ogohlantirishni tavsiya etadi. Agar bu kabi xabarni ko‘rib qolsangiz, bank e’tibor bermaslikni yoki bu xabarlar joylashtirilgan manbalar ma’muriyatiga shikoyat bilan murojaat qilishni tavsiya etadi.

Shuningdek, mavzuning davomi sifatida hamda bank kartalari bo‘yicha firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida o‘z kartangizni jinoyatchilardan himoya qilishingiz mumkin bo‘lgan oddiy qoidalarni «O‘zmilliybank» yana bir bor eslatib o‘tadi:

  • begonalarga karta ma’lumotlari (raqam, amal qilish muddati, CVV/CVC, PIN-kod)ni yoki bankning mobil ilovasidagi o‘z akkauntingiz haqidagi ma’lumotlarni bermasligiz kerak;
  • pullarni boshqa kartaga o‘tkazish uchun uning 16 ta belgidan iborat raqamini bilishning o‘zi yetarli. Bank yoki boshqa har qanday to‘lov tashkiloti xodimlari kartangizning amal qilish muddati yoki SMS-orqali olingan tasdiqlash kodlarni sizdan so‘ramaydi;
  • hech qachon bir martalik tasdiqlash kodini begona shaxslarga bermasilik kerak. Firibgarlar ushbu tekshiruv kodi orqali sizning hisobingizdagi pul mablag‘larini ruxsatingizsiz boshqa kartaga o‘tkazishi yoki mobil ilovalar yordamida pullaringizni boshqarishi mumkin;
  • kartani boshqalarning qo‘li yetmaydigan joyda saqlab, begona shaxslarga bermaslik kerak;
  • oson pul taklif qilinayotgan xabarlarga, aksiyalardagi «tasodifiy» sovg‘alarga ishonmaslik kerak, shubhali havolalar va saytlarga kirmaslik, ayniqsa u yerda o‘z karta ma’lumotlaringizni kiritib qo‘ymaskligiz kerak.

Agar xamma shaxsiy mablag‘larga mas’uliyat bilan yondashsa, moliyaviy savodxon bo‘lsa va bu oddiy qoidalarga amal qilsa, jinoyatchilar pullardan foydalana olmaydi.

Reklama.