O‘zbekiston delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi doirasida bosh vazir o‘rinbosari — turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov «All Nippon Airlines» (ANA) aviakompaniyasi vitse-prezidenti Junichiro Miyagava bilan muzokara o‘tkazdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Uchrashuvda Yaponiyadan O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslarni yo‘lga qo‘yish, yaponiyalik sayyohlar oqimini oshirish va turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Junichiro Miyagava, o‘z o‘rnida, O‘zbekiston yaponiyalik sayyohlar uchun jozibador mamlakat ekanini qayd etib, Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlar sabab yaponiyalik turistlarning mamlakat tarixi va madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, ANA aviakompaniyasining Yaponiyadan O‘zbekistonning turistik shaharlari (Samarqand, Buxoro, Urganch) ga aviareyslarni yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra, Yaponiya turistik agentliklar assotsiatsiyasi (JATA) ko‘magida Yaponiyada O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib qilishga oid promo-tadbirlar o‘tkazish, kunchiqar mamlakat turkompaniyalari va OAV vakillari ishtirokida info-tur tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning transport logistikasi, xususan, Samarqanddagi yangi aeroport infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish hamda tegishli tashkilotlar rahbarlari bilan manzilli muzokaralar o‘tkazish uchun ANA aviakompaniyasi rahbariyati tashrifi rejalashtirildi.

Bundan tashqari, «All Nippon Airlines» kompaniyasining Tokio va Osaka shaharlaridan Samarqand shahriga charter dasturlarini amalga oshirish masalasini ishlab chiqishga kelishildi.