O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi, deya xabar bermoqda uning matbuot xizmati.

Tadbirda Vengriya iqtisodiy rivojlanish vaziri Marton Nad, Savdo-sanoat palatasi raisi Laslo Parrag, OTP Bank raisi Shandor Chani, shuningdek, Gedeon Richter, Bonafarm, Wizz Air, Raba Holding, Meditop, Master Good, Kite kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalar rahbarlari ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha oxirgi 5 yilda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Qo‘shma korxonalar va investitsiyalar hajmi oshmoqda.

Uchrashuvda farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati, elektronika va elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm tarmoqlari va avtomobilsozlik kabi sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda iqtisodiyotning barcha soha va tarmoqlarini tubdan takomillashtirish, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev keyingi yillarda O‘zbekiston iqtisodiy siyosatining asosiy natijalarini: valyuta bozori va foydani repatriatsiya qilish erkinlashtirilgani, davlat aktivlari va banklarni, sanoat va infratuzilma obyektlarini xususiylashtirish dasturi boshlangani va soliq tizimi isloh qilinganini sanab o‘tdi, deyiladi xabarda.

«Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida tadbirkorlar uchun maksimal darajada qulay sharoitlar yaratish, yurtimizda xorijiy biznes faoliyatini kengaytirish borasidagi ishlarni davom ettirish maqsad qilingan. Eng muhimi, xorijiy biznes yangilanishlarimizga ishondi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda ustuvor loyihalarni moliyalashtirish uchun qo‘shma fond tashkil etilishi va u tez fursatda ish boshlashi aytildi.

Faqat Vengriya kompaniyalari uchun mo‘ljallangan alohida sanoat zonasini yaratish va uni barcha zarur ishlab chiqarish infratuzilmasi bilan ta’minlash taklif etildi.

Shavkat Mirziyoyevning fikricha, bo‘lajak qo‘shma loyihalar hamda ularning doirasida vengriyalik sheriklarning ilmiy ishlanmalari, konstruktorlik innovatsiyalari va texnologiyalari o‘zlashtirilishi katta sinergetik samara beradi.

Tadbirda O‘zbekiston tomoni Vengriya ishbilarmonlariga ularning investitsiya rejalarini ro‘yobga chiqarishda to‘liq ko‘maklashishga tayyorligi qayd etildi.

«Har bir tadbirkorni mamlakatimizga kelib, bugungi kunda investitsiyalar uchun eng yaxshi joy O‘zbekiston ekanligiga shaxsan ishonch hosil qilishga taklif etaman!» — dedi O‘zbekiston davlat rahbari.

Shuningdek, O‘zbekiston-Vengriya biznes forumida umumiy qiymati 1 mlrd dollardan ziyod investitsiya, savdo va moliyaviy kelishuvlar imzolangani qayd etildi.

Uchrashuv yakunida ilgari surilgan barcha loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq muddatlar va mas’ul ijrochilar ko‘rsatilgan kompleks «yo‘l xaritasi»ni qabul qilishga kelishib olindi. O‘zbekiston vazirlik va idoralariga vengriyalik hamkorlarga O‘zbekistonda muvaffaqiyatli tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda har tomonlama ko‘maklashish topshirildi, deyiladi xabarda.