4 oktabr kuni ertalab soat 7:22 da Shimoliy Koreya Yaponiya osmonida o‘zining ballistik raketasini uchirdi, deb xabar berdi Yaponiyaning NHK telekanali. Bu Shimoliy Koreyaning so‘nggi besh yil ichida Yaponiya ustidan birinchi raketa uchirilishi va umuman, joriy yilda 23 marta uchirilishi.

Yaponiya hukumatining ta’kidlashicha, taxminan 20 daqiqalik parvozda raketa Tinch okeaniga qulashdan oldin 4500 km dan ortiq masofani bosib o‘tgan. Yaponiya Mudofaa vazirligi bu Shimoliy Koreya raketasi uchun rekord masofa ekanligini alohida qayd etdi.

Yaponiya aholisiga boshpanalarga borish va vayronalar tushishidan ehtiyot bo‘lish tavsiya qilindi. Raketaning uchirilishi natijasida qurbonlar haqida ma’lumot berilmagan.

BMT Shimoliy Koreyaga ballistik va yadroviy qurollarni sinovdan o‘tkazishni hamda ruxsatsiz boshqa davlatlar yo‘nalishida yoki ustidan raketa uchirishni taqiqlaydi.

NHK raketa uchirilishini Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreyaning KXDR tomonidan kuchayib borayotgan tahdidga javoban mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha birgalikdagi faoliyati bilan bog‘ladi.