Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 22 avgustdagi [468-son] qaroriga muvofiq, 1 oktabrdan boshlab «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimida mol-mulkni boshqa shaxsga o‘tkazish taqiqlab qo‘yilganligi, shuningdek taqiqlab qo‘yish bekor qilinganligi to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar banki joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Shunga mos ravishda yagona portal tizim orqali avtomashinaga taqiq borligini aniqlash bo‘yicha yangi xizmatni yo‘lga qo‘ydi.

Xizmatdan foydalanish bepul va uzoq vaqt talab etmaydi.

Shuningdek, mol-mulkni taqiqlab qo‘yish, uni bekor qilish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron ma’lumotlar bankiga kiritishda:

  • jismoniy shaxsning shaxsiga oid va avtomototransport vositalariga oid ma’lumotlar — Ichki ishlar vazirligi;
  • yuridik shaxsga oid ma’lumotlar — Adliya vazirligi;
  • ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlar — Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi;
  • qishloq xo‘jaligi, melioratsiya va yo‘l-qurilish texnikalariga oid ma’lumotlar — VM huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi;
  • attraksionlar va ko‘tarish inshootlari (minora kranlari)ga oid ma’lumotlar — Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
  • kemalarga oid ma’lumotlar — Transport vazirligi;
  • kichik hajmli kemalarga oid ma’lumotlar — Favqulodda vaziyatlar vazirligi Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining elektron axborot tizimlari orqali real vaqt rejimida amalga oshiriladi.

Xizmatdan foydalanuvchi shaxsning avtotransporti o‘ziga tegishli bo‘lishi kerak. Avtoulovni bosh ishonchnoma yoki ishonchnoma asosida boshqaruvchilar bu xizmatdan foydalana olmaydi.