PMTI ekspertlari Garvard va Yel universiteti, Iqtisodiy tadqiqotlar milliy byurosi iqtisodchilari D. Deming va L. Kan (2017), 2010−2015 yillardagi BGT ma’lumotlariga asoslanib, ko‘nikmalarga bo‘lgan talabning o‘zgarishini o‘rgandi.

Ular kalit so‘zlardan foydalanib, o‘nta guruhdan iborat malaka tasnifini taklif qildi. Ushbu tasniflagich turli sohalarda talab qilinadigan shaxsiy va ijtimoiy ko‘nikmalarni, shuningdek, har bir kasb uchun alohida talab qilinadigan kasbiy malakani o‘z ichiga oladi.

Ular ko‘nikmalarni o‘zaro to‘ldirishi, ijtimoiy malakaga talab ortib borayotgani, malakaviy talablarning tashkilotlar va faoliyat turlari bo‘yicha ish haqiga ta’sirini regressiyalar yordamida aniqladi. Ular o‘z tadqiqotida yuqori maoshli mehnat bozorlari va firmalar o‘z xodimlaridan yuqori darajadagi kognitiv va ijtimoiy ko‘nikmalarni talab qilishini isbotladi.

Shuningdek, ekspertlar O‘zbekistondagi ish beruvchilar orasida eng ko‘p talab qilinadigan ko‘nikmalarni aniqlash bo‘yicha tadqiqot o‘tkazdi. Buning uchun mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga oid ma’lumotlar bazasi o‘rganib chiqildi.

Ushbu tadqiqotda PMTI mutaxassislari Head Hunter ma’lumotlar bazasidan foydalandi. Mazkur ma’lumotlar bazasida O‘zbekistonning 12 mingga yaqin kompaniyasi va 370 mingga yaqin ish qidiruvchining rezyumelari ro‘yxatga olingan.

O‘rganish vaqtida ma’lumotlar bazasida 4 mingdan ortiq bo‘sh ish o‘rinlari qayd etildi. Tahlil natijalariga ko‘ra, quyidagilar ma’lum bo‘ldi:

  • bo‘sh ish o‘rinlarining 28% ida ijtimoiy ko‘nikmalar, ya’ni jamoada ishlash, muzokaralar olib borish, yaxshi nutq, muloqot, omma oldida taqdimot qilish qobiliyatlari talab etiladi;
  • vakansiyalarning 18,3% ida chet tillarini (asosan ingliz tilini) bilish talabi ko‘rsatilgan;
  • vakansiyalarning 15,2% ida shahsiy ko‘nikmalar, ya’ni mas’uliyat, stressga chidamlilik, ijodkorlik, motivatsiya, yetakchilik fazilatlarini talab etilmoqda, shuningdek, kompyuter savodxonligi ham eng ko‘p talab qilinuvchi ko‘nikma ekanligi ma’lum bo‘ldi (bo‘sh ish o‘rinlarining 12,5% ida so‘ralgan)
  • bo‘sh ish o‘rinlarining 86% ida ish qidiruvchilardan kamida bir yillik ish stajiga ega bo‘lish talab qilingan;
  • bo‘sh ish o‘rinlarining 11,3% ida oliy ma’lumotli bo‘lish so‘ralgan.

Shuningdek, ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, moliyaviy, kompyuterga ixtisoslashgan, kognitiv, mijozga yo‘naltirilgan, xodimlarni boshqarish, ijtimoiy ko‘nikmalar, rus, o‘zbek va ingliz tillarini bilish muhim ahamiyatga ega.

Bundan tashqari ijobiy qabul uchun moliyaviy (34%), hisoblash (8,6%), kognitiv (20%), mijozlarga yo‘naltirilgan (21%), xodimlarni boshqarish (33%) va ingliz tilini bilish (25%) kabi ko‘nikmalarga ham talab yuqoriligi qayd etildi.