Toshkent viloyati Parkent tumani «Xo‘ja» mahallasida yashovchi fuqarolardan birining hovlisida zanglagan mis tangalari topildi, deya xabar bermoqda Madaniy meros agentligi matbuot xizmati.

Mahalladagi xonadonlarning birida yashovchi Nasiba Begmatova uyida o‘ra qazdirayotganida mis tangalar topib olgan va bu haqda mutaxassislarga xabar bergan. Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Dilmurod Normurodov va Madaniy meros agentligi bosh arxeologi Alisher Yarqulov hamda mahalla raisi, mahalla proflaktika noziri, uy egalari va arxeolog guvohligida tangalar sanoqdan o‘tkazildi.

Ularning soni 939 ta ekanligi aniqlanib, o‘rganish va davlatga topshirish uchun olindi.

Mis tangalar topilgan joyning o‘zida ko‘dan kechirilib, ularning diametri 115 santimetr bo‘lgan o‘raning yer sathidan 40−50 santimetr chuqurligida, bir joyda to‘plangan holda topilganligi, tangalar topilgan joydagi tuproq orasidan o‘lchami 25×25×5 santimetr bo‘lgan pishiq g‘isht bo‘lagi, moviy rangda sirlangan va sirsiz idishlarning mayda parchalari saqlanganligi aniqlandi.

«Tangalarni dastlabki o‘rganish uzoq vaqtlar davomida yer ostida, nam tuproqqa qorishib chiriganligi sababli ularning har ikkala tomonining yuzalari tekislanib ketganligini ko‘rsatdi. Ularning ayrimlariga ishlov berilib, tozalanishi tangalarda doira shakldagi halqa va uning ichiga arab harflaridagi yozuv bitilganligi ma’lum bo‘ldi. Tangalarga zarb sayoz urilganligi ham ulardagi yozuvlar yaxshi ko‘rinmasligiga sabab bo‘ldi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, tozalangan tangalardan ayrimlarining bir tomonida «zarb Toshkent» yozuvigina o‘qilgan. Ikkinchi tomonini esa o‘qishning imkoni bo‘lmagan. Ammo bundan avval aniqlangan va ularga o‘xshash tangalar bilan qiyosiy tahlil yangi topilgan xazinaning XVI asrning oxiri — XVII asrning boshlariga tegishli ekanligini ko‘rsatdi. Ular topilgan joydan aniqlangan ashyoviy dalillar ham yuqorida ko‘rsatilgan davrda ishlab chiqarilgan.