19 sentabr kuni FVV qutqaruvchilari «Qamchiq» dovonida yo‘l-transprot hodisasiga uchragan Volvo rusumli yuk avtomobili haydovchisiga amaliy yordam ko‘rsatdi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Ertalab soat 07:20 da A-373 avtomobil yo‘lining «Qamchiq» dovonidan o‘tgan 196 kilometrida, «Toshkent-Vodiy» yo‘nalishda ketayotgan yuk avtomobili haydovchisi tamaki mahsulotini (sigareta) chekib ketayotgan bo‘lgan. So‘ng boshqaruvni yo‘qotib, yo‘lni ajratuvchi beton to‘siqqa urilgan. Oqibatda yuk avtomashinasi ag‘darilib qolgan. Avtomashinada haydovchidan boshqa hech kim bo‘lmagan.

Voqea joyiga zudlik bilan «Qamchiq» maxsus qidiruv, yong‘in-qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari va YPX xodimlari yetib borgan. Qutqaruvchilar maxsus asbob-anjomlar va favqulodda vaziyatlar davlat quyi tizimiga kiruvchi tashkilotlar texnikalari bilan mashinani yo‘l chetidagi xavfsiz hududga olib chiqdi. Haydovchiga amaliy yordam ko‘rsatdi. Hodisa oqibatida tan jaroxati olgan va halok bo‘lganlar yo‘q, deyiladi xabarda.