Kinematograflar uyida «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston prezidentы Shavkat Mirziyoyevning festival qatnashchilariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi.


«Tinchlik, ma’rifat va taraqqiyot uchun» degan ezgu g‘oya asosida o‘tkazilayotgan mazkur anjumanda jahonning 35 davlatidan 300 dan ziyod kino ustalari ishtirok etayotgani yarim asrdan ortiq tarixga ega bo‘lgan Toshkent xalqaro kinofestivali bugun — Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha mazmun va qiyofaga ega bo‘lib, san’at olamida yanada munosib obro‘-e’tibor topib borayotganidan dalolat beradi.


Ochilish marosimi oldidan qizil yo‘lakcha tashkil etildi. Undan o‘zbek va jahon kinosining 800 ga yaqin yulduzlari yurib o‘tdi. Marosimda O‘zbekiston kinematografiya agentligining ko-produksiya bo‘yicha xorijiy hamkorlari, shuningdek, O‘zbekiston kinematografiya agentligi bilan hamkorlik qilishni rejalashtirgan o‘nlab mamlakatlarning kinematografiya sohasi rahbarlari ham ishtirok etdi.


Sevimli yulduzlarini kutib olish va olqishlash uchun yuzlab toshkentliklar va poytaxt mehmonlari kelishdi.

Tadbirni amerikalik aktyor Armand Assante olib bordi. Ochilish marosimi doirasida O‘zbekiston prezidentining kinofestival ishtirokchilarga tabrigi o‘qib eshittirildi, shuningdek, «Jahon kinematografiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun» mukofoti sovrindorlari taqdirlandi.


Mukofotlar Armand Assante, Elyor Ishmuhamedov, Takeshi Kitano, Kshishtofu Zanussi, hind aktyorlari Umesh Mehra va Zinat Amanga topshirildi.

Ochilish marosimida Lyuk Besson, Sergey Bezrukov va Burak Ozchivit kabi mashhur kinaktyorlar ishtirok etishdi.


O‘zbekiston kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov «Ipak yo‘li durdonasi» XIV Toshkent xalqaro kinofestivalining ochilishi haqida rasman e’lon qildi.


Agentlik rahbari so‘zining yakunida kinofestival ishtirokchilari nomidan yangilangan kinofestival, samimiy tabrik, ko‘rsatilayotgan e’tibor, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar uchun O‘zbekiston prezidentiga chuqur minnatdorlik bildirdi.

Reklama.