O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari sammitidagi nutqi davomida bir qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Shavkat Mirziyoyev SHHTning 2040 yilgacha rivojlanish strategiyasini tayyorlash boshlanganini ma’lum qildi. Ushbu dasturiy hujjat, uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p tomonlama hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini qamrab olishi va uzoq muddatli rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berishi kerak.

«Avvalo, iqtisodiyot, savdo va investitsiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta’sirchanligini oshirish g‘oyat muhimdir. Bu masala mintaqada barqarorlikni ta’minlash va mamlakatlarimiz aholisi farovonligini oshirishning asosiy shartlaridan biridir», — deya ta’kidladi prezident.

Iqtisodiy hamkorlik

Iqtisodiy barqarorlikka erishish uchun mintaqaviy hamkorlikning ishonchli modellaridan foydalanish zarur. SHHT mamlakatlari o‘rtasida qisqaroq «ta’minot tayanchi»ga ega ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish uchun amaliy harakatlarga o‘tish o‘ta muhimdir, dedi prezident.

U SHHT davlatlari iqtisodiyotlarining bir-birini o‘zaro to‘ldirib borishdagi afzalliklarini hisobga olgan holda, yangi iqtisodiy muloqotini boshlash asosida sanoat va texnologik hamkorlikning umumiy makonini shakllantirishni taklif etdi.

«Uning asosiy vazifasi — savdo va bojxona to‘siqlarini bartaraf etishga, kafolatlangan va barqaror ishlab chiqarish va ta’minot zanjirlarini shakllantirish, mahalliylashtirish va import o‘rnini bosishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi», — qo‘shimcha qildi Mirziyoyev.

Mamlakatlarning o‘rtasida keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlikni ta’minlash va amaliy hamjihatlikning aniq natijalariga erishish maqsadida SHHT mintaqalarining biznes sherikligi haftaligini o‘tkazishni taklif etdi davlat rahbari.

Shu bilan birga, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish va o‘zaro savdoni rag‘batlantirish maqsadida SHHT mamlakatlari Maxsus iqtisodiy zonalari alyansini tuzishni taklif qilindi.

«Biz kelgusi yilda Samarqandda „O‘zbekiston- SHHT“ sanoat zonasi bazasida maxsus zonalar administratsiyalari rahbarlarining birinchi uchrashuvini o‘tkazishga tayyormiz», — dedi davlat rahbari.

Yana bir chora-tadbir sifatida har yili SHHT yirik savdo yarmarkasini o‘tkazishni, uning asosida yagona elektron platforma yaratishni taklif etildi.

«Yana bir muhim masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Shuni tan olish kerakki, mamlakatlarimiz qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari, eksport va import qiluvchilari bo‘lishiga qaramasdan, SHHT maydonchasida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha hali jiddiy hamjihatlikni yo‘lga qo‘ya olmadik. Davlatlarimiz salohiyati ichki bozorlarni boshoqli ekinlar, chorvachilik va meva-sabzavot mahsulotlari, asosiy oziq-ovqat turlari hamda zarur o‘g‘itlar bilan muntazam ta’minlash imkonini beradi. Bundan tashqari, biz ushbu muammoni global darajada hal qilishga hissa qo‘shishimiz kerak», — deya fikr bildirdi Shavkat Mirziyoyev.

Shu munosabat bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarurligini ham qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, «yashil» va ekspress-yo‘laklarni tashkil etishga jiddiy e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Prezident tomonidan kelgusi yili oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha xalqaro konferensiya o‘tkazish taklif etildi.

Transport va logistika

«Bugun biz SHHTning O‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash va samarali transport yo‘laklarini yaratish konsepsiyasini qabul qilmoqdamiz», — dedi prezident.

Mirziyoyev sammit doirasida «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida uch tomonlama bitimning imzolanishini tarixiy voqea, deya atadi.

Qolaversa, sammit ishtirokchilarini strategik muhim loyiha — «Termiz-Mozori Sharif-Kobul-Peshovar» temir yo‘li koridori qurilishini ham qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Shuningdek, transport va kommunikatsiyalar sohasidagi barcha istiqbolli loyihalarni biz kelgusi yili O‘zbekistonda SHHT Birinchi transport forumi doirasida muhokama qilishni taklif qildi.

Ekologiya

Prezident o‘z tarkibida siyosatchilar, jamoat arboblari, olimlar va ekspert-ekologlar, biznes vakillarini birlashtira oladigan SHHT Iqlim kengashini tuzishni taklif qildi.

«Bunday format iqlimga moslashish loyihalarini ilgari surish, cho‘llanishga va tuproq degradatsiyasiga qarshi kurashish, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishdagi hamkorlik samaradorligini oshirishga imkon beradi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu masala Orol dengizi ekologik fojeasining halokatli oqibatlarini bartaraf etish nuqtai nazaridan alohida dolzarb ahamiyatga egaligi ham qayd etildi.