15 sentabr kuni Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko amaliy tashrif bilan Samarqandga keldi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.

Xalqaro aeroportda oliy martabali mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Aleksandr Lukashenko Hazrati Xizr majmuiga tashrif buyurib, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo‘ydi.

Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashuv o‘tkazildi. Tadbir avvalida Aleksandr Lukashenko Shavkat Mirziyoyevga Belarus Respublikasini ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaga qabul qilish tartibotini boshlash masalasini qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar, ko‘p qirrali amaliy sheriklikni izchil kengaytirish, xalqaro va mintaqaviy siyosat yuzasidan fikr almashildi. Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston-Belarus munosabatlari do‘stlik va sheriklik ruhida muvaffaqiyatli rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

O‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik faollashgan. Tovar ayirboshlash o‘tgan yilda 44 foizga, joriy yilning yetti oyida esa yana 12 foizga oshdi.

Tomonlar ikki mamlakatda savdo uylari va logistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish, oziq-ovqatni tezlashtirilgan tarzda yetkazib berish bo‘yicha «Agroekspress» loyihasini ishga tushirish, tovarlarning kelib chiqishini sertifikatlashtirish bo‘yicha elektron tizimni joriy qilishga kelishib oldi.

O‘zbekiston va Belarus yetakchilari mashinasozlik, agrosanoat, kimyo, farmatsevtika va elektrotexnika tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘ziro manfaatli sheriklikni ilgari surish zarurligini qayd etdi.

Mamlakatlar hududlarining salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi mamlakatda ikkinchi Hududlararo forumni o‘tkazishni taklif etdi.

Tomonlar madaniy-gumanitar yo‘nalishda, birinchi navbatda ta’lim va kinematografiya sohalaridagi hamkorlik faol rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Foto