O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 sentabr kuni SHHTning Samarqand sammitida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan BMT bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni barpo etish bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari DiKarloni qabul qildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

O‘zbekiston va BMT o‘rtasidagi amaliy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari, dolzarb xalqaro masalalar, mamlakatda 2030 yilga qadar Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasidagi ishlar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Rozmari DiKarlo Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomini yetkazib, u 2022−2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning BMT tuzilmalaridagi ishtiroki faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surishga qaratilgan beshta rezolyutsiyasi qabul qilindi.

O‘zbekiston 2020−2021 yillarda FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha 32 mintaqaviy konferensiyasida raislik qilgani, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lib kirgani, YUNESKOning kichik yoshli bolalar tarbiyasi va ta’limi bo‘yicha jahon konferensiyasi va Jahon sayyohlik tashkilotining (YUNVTO) Bosh assambleyasini o‘tkazishni rejalashtirayotgani alohida ta’kidlandi.

Tomonlar Orol dengizi halokatining oqibatlarini yumshatish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish va afg‘on xalqiga ko‘maklashish loyihalarini amalga oshirish, Markaziy Osiyoda barqaror taraqqiyotni ilgari surish va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi.