SHHTning asosiy kuchi — u qandaydir blok yoki yopiq tuzilma bo‘lishdan yiroqligi, deya ta’kidladi O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.

Uning qayd etishicha, mazkur tashkilot hamisha turli ko‘rinishdagi hamkorliklar uchun ochiq va Samarqand sammiti ham tashkilot xalqaro o‘zaro tushunish, ishonch va hamkorlik barpo etish uchun platforma ekanini isbotlashi kerak.

«SHHT sammiti qandaydir qarama-qarshiliklarni kuchaytirish yoki yangi devorlarni barpo etish, yangi chegaralarni belgilash emas, balki yangi ko‘priklarni qurish, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishga qaratilgan anjuman bo‘ladi», — deya qayd etdi Senat raisi o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev SHHT sammiti arafasida e’lon qilgan maqolasida tashkilotni «madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, o‘z tashqi siyosiy yo‘nalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan o‘ziga xos davlatlararo tuzilma», deb atadi. Shu sababli tashkilotga qo‘shilish istagidagi davlatlar soni ortib bormoqda, dedi u.