Toshkentda 8−9 sentabr kunlari bo‘lib o‘tgan Parlamentlararo ittifoq davlatlari parlamentlarining ayol rahbarlari sammiti yakunida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Senat matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, mamlakatlar parlamentlarining ayol yetakchilari (spikerlari), deputat ayollar, xalqaro tashkilotlar vakillari qatnashgan sammitning ikkinchi kunida Parlamentlararo ittifoq bosh kotibi Martin Chungong nutq so‘zladi.

Shuningdek, Tanzila Narbayeva ham so‘zga chiqib, O‘zbekistonda ham gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan islohotlarga to‘xtalib, mazkur masala davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangani ta’kidlab o‘tdi.

Anjumanning yakunlovchi sessiyasida sammit parlamentlarning gender masalalarga javob berishga, xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilishga, tinchlik, barqarorlik hamda farovonlikni samaraliroq ta’minlashga tayyorligi va bunga qodirligini sarhisob qilish imkoniyatini yaratgani qayd etildi. Sammit yakunlari bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.