Qozog‘iston Birinchi prezident kunini davlat bayramlari toifasidan chiqarib tashlashni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Informburo.kz nashri.

Parlamentning quyi palatasi deputatlari kinematografiya va madaniyat masalalari bo‘yicha ayrim qonun hujjatlariga Birinchi prezident kunini davlat bayramlari qatoridan chiqarishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritish loyihasini ma’qulladi. Qo‘mita 1-dekabr — Birinchi prezident kunini Davlat ramzlari kuni, Shukronalik kuni va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan muhim sanalarga o‘xshatib belgilashni taklif qildi.

Shuningdek, hujjatda boshqa o‘zgartirishlar ham mavjud. Xususan, 25-oktabr — umumxalq bayrami Respublika kuni, 16-dekabr — Mustaqillik kuni davlat bayrami sifatida belgilandi. Shu paytga qadar Mustaqillik kuni milliy maqomga ega bo‘lgan.

Qonun Senat tomonidan ko‘rib chiqilishi va prezident tomonidan imzolanishi kerak.

Ma’lumot o‘rnida, Birinchi prezident kuni bayrami 2011 yil 10 dekabrda qabul qilingan. Bayram 1-dekabrda, 1991-yilda Nursulton Nazarboyevning respublika rahbari lavozimiga saylangan kunda nishonlanadi.