Xalq ta’lim vazirligi Kundalik.com platformasi bilan bog‘liq eng ko‘p berilgan savollarga javob berdi. Unga ko‘ra, ota-onalar uchun obuna bo‘lish ixtiyoriy, joriy yil uchun obuna narxi esa 8000 so‘mni tashkil etadi. Bu 2020 yilga qaraganda 1200 so‘mga arzonroq.

Kundalik.com — raqamli ta’lim platformasi bo‘lib, o‘qituvchilar uchun onlayn rejimda darslarni rejalashtirish, dars ishlanmalarini tuzish, o‘quvchilarning davomati va yutuqlarini jurnal hamda kundalikning elektron shakllarida yuritish imkonini yaratadi. Uning yordamida statistik hisobotlar avtomatik tarzda yuritiladi va qo‘lda yozish shart emasligi bois vaqt behuda sarflashning oldi olinadi.

Mazkur tizim O‘zbekistonning ichki internet tarmog‘i — Tas-ix hududida joylashganligi sababli platforma bilan ishlashda uyali aloqa operatorlari orqali foydalaniladigan internet-trafik sarflanmaydi. Shu bilan birga tizim internet tarmog‘i yetib borgan va yaxshi aloqa sifati ta’minlangan hududlardagi maktablargagina joriy qilingan.

Tabiiyki, internet aloqasi mavjud bo‘lmagan (masalan, tog‘li qishloqlar) hududlardagi maktablar an’naviy kundalik daftarlaridan foydalanishi davom etmoqda.

Kundalik tizimiga obuna majburiymi?

Kundalik.com tizimiga obuna bo‘lish ota-onalar uchun ixtiyoriy sanaladi. Foydalanuvchilar to‘g‘risidagi barcha ma’lumotlar «O‘zbektelekom» serverlarida saqlanadi. Bu esa o‘quv jarayonlariga aloqador barcha ishtirokchilarning shaxsiy ma’lumotlari ishonchli himoyada ekanligini anglatadi.

Mazkur tizimning afzalliklari shundaki, bu orqali, avvalo, o‘qituvchining vaqti tejaladi, ularga elektron jurnaldan foydalanish bepul taqdim etiladi. Misol sifatida aytish lozimki, qator rivojlangan mamlakatlar o‘qituvchilari buning yordamida har chorakda 20 soatdan ortiq ish vaqtini tejaydi. Mazkur tejalgan vaqtni esa o‘qituvchi bolalar bilan ijodiy shug‘ullanishga yoki qo‘shimcha o‘quv materiallarini o‘zlashtirishga sarflashi mumkin.

Tizimga a’zo bo‘lish narxi qancha?

Kundalik.com loyihasi to‘liq investitsiya mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, dasturiy mahsulotni yaratish, uni maktablarga joriy etish, saqlash va rivojlantirish uchun budjet mablag‘lari sarflanmaydi.

Mazkur elektron kundalikning narxi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi hamda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan qog‘oz kundalik narxiga mos tarzda belgilangan hamda yildan yilga arzonlashtirilib borilmoqda.

Xususan, 2020 yilda uning yillik obuna narxi (365 kun) 9200 so‘m etib belgilangan bo‘lsa, 2021 yilda bu ko‘rsatkich 8600 so‘mni, 2022 yilda 8000 so‘mni tashkil etmoqda.

Ota-onalar uchun qanday qulayliklari bor?

Kundalik.com tizimi ota-onalar uchun onlayn tarzda quyidagi qulayliklarni yaratadi. Jumladan:

  • farzandlarining darsga qatnashayotgani;
  • darsni qay darajada o‘zlashtirib borayotgani;
  • ertangi kungi uy vazifalari xususida tezkor ma’lumotlarga ega bo‘lishi mumkin.