Joriy yilning yozida rossiyalik sayyohlar asosan mamlakat hududidagi kurort zonalarda dam olishni afzal ko‘rishdi. Eng ko‘p turist tashrif buyuradigan joy sifatida Dog‘iston, Kamchatka va Oltoy qayd etildi. Bu haqda «Russkiy standart» banki tadqiqotiga tayanib, TASS nashri xabar bermoqda.

«Sayohatlar oqimi bo‘yicha ikkinchi o‘rinni MDH davlatlari egalladi. Ushbu davlatlarga sayohat qilishning yuqori talabi shakllanishida kurort zonalari va attraksionlarga yetib borish uchun transport qulayligi, shuningdek aholining turli qatlamlari imkoniyatlarini hisobga olgan holda yanada qulay narx siyosatining mavjudligi muhim rol o‘ynaydi», deyiladi tadqiqotda.

Qayd etilishicha, rossiyalik sayyoh o‘rtacha hisobda O‘zbekistonda 6,8 ming rubl (1,2 mln so‘m), Qirg‘izistonda 2 ming rubl (363 ming so‘m), Qozog‘istonda esa 10 000 rubl (1,8 mln so‘m) sarflagan.

Shuningdek, transport qiyinchiliklariga qaramay rus sayyohlari orasida Turkiyaning dengiz kurortlari va Maldiv orollariga bo‘lgan qiziqish yuqoriligicha qolmoqda. Isroil, Gretsiya va Tailand ham sayohat uchun talab yuqori davlatlar uchligiga kiritilgan.