O‘zbekiston prezidenti 19 avgustdagi «Faol tadbirkor» ko‘krak nishonini ta’sis etish to‘g‘risidagi qarorga imzo chekdi.

Ushbu ko‘krak nishoni bilan mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish, innovatsiyalar joriy qilish, soliqlarni o‘z vaqtida to‘lash, mahsulot va xizmatlarni eksport qilish, yetuk mutaxassislar tayyorlash hamda biznesdagi muvaffaqiyatlari va ijtimoiy faolligi bilan barchaga namuna bo‘layotgan tadbirkorlar taqdirlanadi.


«Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni har yili 20 avgust — Tadbirkorlar kuni arafasida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti yoki uning nomidan Senat raisi, Qonunchilik palatasi Spikeri, prezident Administratsiyasi rahbari, bosh vazir, vazirlik, idora va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, shuningdek, bunga vakil qilingan boshqa shaxslar tomonidan tantanali vaziyatda topshiriladi.

«Faol tadbirkor» ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslar haqida har yili «Yilning ilg‘or tadbirkorlari» kitobi chop etib boriladi.

Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyev bu yilgi tadbirkorlar muloqoti oldidan hududlardan 6−8 nafardan, Toshkent shahridan esa 16 nafar, umumiy hisobda 100 nafar tadbirkorni ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

Mukofotlanganlarning to‘liq ro‘yxati.