Prezidentning Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan ikki kunlik davlat tashrifi davomida Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikda yangi markaz tashkil etish taklifi muhokama etildi.

Oliy va o‘rta mahsus ta’lim vazirligining xabar berishicha, universitet delegatsiyasi Toshkentda oktabr oyida bo‘lib o‘tadigan InnoWeek-2022 innovatsion g‘oyalar haftaligiga tashrif buyurganida, markaz tashkil etish masalasi batafsil muhokama etiladi.

Jahon universitetlaridagi ta’lim sifatlari tahlili bilan shug‘ullanuvchi World University Rangkings tashkiloti xulosasiga ko‘ra, bu yil Arab va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi oliy o‘quv yurtlari o‘tgan yilga nisbatan ancha yuqori ko‘rsatkichlar qayd etdi. Xususan, Saudiya Arabistonining Qirol Abdulaziz nomidagi universiteti Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mintaqalari ichida ushbu reytingda liderlik qilayotgan Quddus universitetiga yaqinlashib oldi hamda mintaqada ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Ma’lumot o‘rnida, Qirol Abdulaziz universiteti 1967 yilda Jidda shahrida Red Sea developerlik kompaniyasi tomonidan xususiy universitet sifatida tashkil etilgan. Keyinchalik, 1974 yilda u davlat universitetiga aylantirildi. 2021 yilda Times Higher Education dunyo universtitetlari reytingida arab universitetlari orasida birinchi o‘rinni egalladi. Universitet dunyoviy ta’limga yo‘naltirilgan bo‘lib, muhandislik, iqtisod va menejment, huquq, tibbiyot va boshqa fakultetlar mavjud.