Termiz shahrida O‘zbekiston va Tojikistonning «Hamdo‘stlik-2022» qo‘shma harbiy mashg‘ulotlari boshlandi, deya xabar berdi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.


4 avgust kuni bo‘lgan o‘quv mashg‘ulotlarining ochilish marosimida O‘zbekiston Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi qo‘mondoni, general-mayor Zaynobiddin Iminov hamda Tojikiston Qurolli Kuchlari bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari, general-mayor Egamzod Sharof Xudoyberdi so‘zga chiqdi.


Marosimdan so‘ng O‘zbekiston harbiylari Termiz poligonida ko‘rgazmali mashqlar o‘tkazdi, unda Tojikiston harbiylari ham ishtirok etdi.

Mashqlar jarayonida harbiylar yaqin masofada jang olib borish, yaradorlarni evakuatsiya qilish, shartli dushman hujumini qaytarish kabi amaliy mashg‘ulotlarda qatnashdi. Ushbu mashqlarni kuzatish jarayonida tojikistonlik harbiylar ham o‘zlarini sinab ko‘rishdi. Sport musobaqalarida ikki davlat harbiylari ham ishtirok etdi.