Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Janar Akayev hukumatdan O‘sh aeroportidagi vaziyatni yaxshilash va O‘zbekistondan tranzit yo‘lovchilar uchun qulayroq sharoit yaratishni so‘radi. Bu haqda deputat Facebook tarmog‘ida yozdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy taksichilarning O‘zbekiston fuqarolariga munosabati odamni tushkunlikka tushiradi. Shuningdek, u chegaradagi «Do‘stlik» nazorat punktidagi sharoitlar yaxshi emasligini ta’kidladi.

Qirg‘iziston parlamenti allaqachon bu masalani ko‘targan, ammo mas’ul shaxslar bu borada boshqa choralar ko‘rishmagan, dedi u.

«Biz birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolarini fuqaro, qo‘shni, xalq deb bilishimiz kerak, ular O‘shdan o‘zlariga xush kelgani uchun uchib o‘tishayotgani yo‘q. Shunda chipta 150 dollarga arzonroq bo‘ladi. Kambag‘al oilalar uchun bu juda katta miqdor. Bu odamlardan pul o‘g‘irlashga yo‘l qo‘yish mumkin emas. Bu ularda Qirg‘izistonga nisbatan nafrat uyg‘otadi. Agar ikkala davlat ham o‘tishni qiyinlashtirsa, prezidentlarimiz gapirgan xalqlar do‘stligi qayerda qoldi?», — deb yozadi deputat.

Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir yo‘lovchi xalqaro reyslar uchun 15 dollar to‘laydi. O‘sh aeroporti orqali har oy minglab odamlar uchib o‘tadi va ulardan millionlab dollar daromad Qirg‘iziston g‘aznasida qoladi.

Janar Akayev terminalni kengaytirish, yo‘lovchilar va yuklarni tashish va ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sharoitlarni yaxshilashni taklif qildi. Deputat o‘z murojaatini Vazirlar Mahkamasi rahbari Oqilbek Japarovga yo‘lladi.

«Azattыk» radiosining xabar berishicha, ayrim O‘zbekiston fuqarolari O‘shdagi taksi haydovchilarining xatti-harakatlari yuzasidan Qirg‘iziston hukumatiga shikoyat qilgan. 2 avgust kuni Telegram tarmog‘ida tarqalgan murojaatda taksichilar Rossiyadan O‘shga uchib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini majburan mashinaga o‘tqazib, chegaragacha 5−6 km yo‘l uchun 500 som (65 ming o‘zbek so‘mi) va har bir yo‘lovchi uchun undan ham ko‘proq pul to‘lashga majburlashayotgani aytiladi.

Militsiya ma’lumotlariga ko‘ra, ularga avvalroq ijtimoiy tarmoqlar orqali bu haqda 14 ta murojaat kelib tushgan. Hozirda ulardan 7 nafari bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda, birorta ham ish yakuniga yetmagan, chunki ariza berganlar huquqni muhofaza qilish organlariga ko‘rsatma berishdan bosh tortmoqda. «Xorijiy fuqarolar taksi haydovchilarining huquqbuzarliklarini tasdiqlovchi faktlarni taqdim etishmagan. Buni isbotlashning iloji bo‘lmaganligi sababli, oddiy so‘zlar sifatida qabul qilinadi. Shuning uchun biz tushuntirish ishlari bilan cheklanishimiz mumkin xolos», − dedi «Azattыk» bilan suhbatda O‘sh viloyati ichki ishlar boshqarmasi matbuot kotibi Jenish Ashirbayev.