4 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Qobiliyatni aniqlash, o‘qitish, ishini yaxshi yo‘lga qo‘yishga o‘rgatadigan yaxlit tizim bo‘lmagani uchun, ayrim rahbar kadrlar berilgan vazifalarni eplay olmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Misol uchun, o‘tgan 6 oyda bilim va ko‘nikmalari yetishmagani bois, 37 nafar tuman va shahar hokimlari almashtirildi.

Umuman, mas’ul lavozimlarda o‘tirgan rahbarlarni tanlash, tayyorlash va motivatsiya berish yo‘lga qo‘yilmagani ijrodagi oqsoqliklarning asosiy sabablaridan biri bo‘lmoqda.

Davlat idoralariga ishga qabul qilishning ochiq-oshkora tizimi joriy etiladi

So‘rovlarda ishtirok etgan 50 ming aholining 19 ming nafari (yoki 38 foizi) davlat tizimiga ishga kirishda shaffoflikni oshirish lozim, degan fikrni bildirgan.

Shu munosabat bilan yil yakunigacha:

  • barcha vakant lavozimlar ochiq yagona elektron platformaga joylashtiriladi;
  • bo‘sh lavozimga tanlovda ishtirok etish uchun hozirgi kunda talab etilayotgan 16 ta hujjat so‘ralmaydi, barcha jarayonlar elektron shaklga o‘tkaziladi;
  • ochiq tanlov orqali nomzodning bilimi, tajribasi va salohiyati aniqlanadi.

Ushbu tizim tajriba tariqasida Samarqand viloyati va Davlat soliq qo‘mitasida sinovdan o‘tkazildi. Samarqand viloyati hokimi va DSQ raisi yangi tizim orqali qanday natijalarga erishgani haqida axborot berdi. Ularning hisobotini tinglab, davlat rahbari yil yakunigacha ishga qabul qilishning ochiq tanlov tizimini barcha idoralarda joriy qilish topshirig‘ini berdi.

Buning uchun, ikki oy muddatda oliygohlar diplomlari va mehnat daftarchalarini mavjud elektron bazaga to‘liq kiritib, uni tanlov elektron platformasiga integratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Yil yakuniga qadar 4 mingta bo‘sh lavozimga tanlov o‘tkazish topshirildi.

“Har bir vazirlik va hokimlik kadrlar tanlashni oliygohlardan boshlashi zarur. Bu tajribani tizimli yo‘lga qo‘yish uchun har bir vazir va viloyat hokimi bir oy muddatda yosh mutaxassislarni tanlash dasturini e’lon qiladi. Dastur doirasida oliygohlarning bitiruvchi kurslarida o‘qiyotgan qobiliyatli yoshlar saralanib, vazirlik va hokimlik tizimida stajirovka o‘taydi va o‘qishni tamomlagach, tanlov asosida ishga qabul qilinadi”, — dedi prezident.

Bunda, nafaqat mahalliy oliygoh talabalari, balki nufuzli xorijiy oliygohlarda o‘qiyotgan yoshlarimiz ham qamrab olinadi.

“Mahalladan — respublikagacha” tamoyili

Prezident davlat idoralarida “mahalladan — respublikagacha” tamoyili asosida kadrlarni o‘stirish tizimi joriy qilinishini ta’kidladi.

“Biz davlat xizmatini mahallaga tushirish bo‘yicha katta islohotlarni boshladik. Har bir mahallada — rais, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlardan iborat yaxlit tizim yaratildi”, — dedi u.

Bundan buyon, rahbarlik lavozimlariga nomzodlar mahallada odamlar bilan ishlagan, ularning muammosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hal qilgan kadrlar orasidan tanlab olinadi.

Shuning uchun, 1 noyabrdan:

  • eski namunadagi “obyektivka"dan voz kechilib, ilg‘or IT-texnologiyalar asosida xodimning malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tiladi;
  • xodimni baholashda qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘lishi shart.

“Oddiy qilib aytganda, rahbarlikka tasodifan kelib qolishning oldi olinadi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Tuman yoki shahar darajasidagi rahbarlik uchun Salohiyatli kadrlar rezervi tuziladi:

  • unga nomzodlar faqat mahallalardagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan tanlab olinadi;
  • ular uchun maqsadli malaka oshirish kurslari tashkil etiladi;
  • ushbu yoshlar kamida bir oy vazirlik va hokimliklarda ish o‘rganib, malaka oshiradi;
  • xorijiy mutaxassislar bilan birga, ularning shaxsiy fazilatlari, psixologik holati tahlil qilinib, rahbarlik ko‘nikmalari shakllantiriladi.

“Ya'ni, kompetensiyasiga qarab, bilim va ko‘nikma yetmaganlarni o‘qitamiz, tajriba yetishmasa o‘rgatamiz”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga yil yakuniga qadar Salohiyatli kadrlar rezervi uchun hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilari orasidan 1 ming nafar nomzodni tanlab, takliflar kiritish topshirildi.

“Kuni kecha yarim yil yakuni bo‘yicha yaxshi natija ko‘rsatgan 65 nafar hokim yordamchisi va 40 nafar yoshlar yetakchilarini Salohiyatli kadrlar rezerviga o‘zim tanlab oldim”, — dedi davlat rahbari.

Uch oy muddatda “100 ta ilg‘or yetakchilar” dasturini boshlash vazifasi qo‘yildi. Dastur doirasida davlat xizmatchilari, faol tadbirkorlar, xorijdagi vatandoshlar orasidan har ikki yilda 100 nafar salohiyatli yosh kadrlar tanlab olinadi.

Ular uchun alohida o‘quv dasturlari ishlab chiqilib, xorijda stajirovka o‘tash tizimi joriy etiladi. O‘qitish yakuni bilan ushbu kadrlar davlat tizimidagi nufuzli lavozimlarga nomzod bo‘ladi. Bunday dastur Birlashgan Arab Amirliklarida ijobiy natijalarini ko‘rsatgani ta’kidlandi.