Jazirama kunlarda hammamiz global isish haqda ko‘p o‘ylaymiz, kelajak haqida qayg‘uramiz. Biroq ob-havoning so‘nggi davrlardagi bunday injiqliklarini umumiy qilib «iqlim o‘zgarishi» deb atash to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki ob-havo nafaqat yozgi kunlarda, balki qishda ham o‘z injiqliklarini ko‘rsatmoqda. «Gazeta.uz» sizning e’tiboringizga iqlim o‘zgarishi haqida New York Times’da e’lon qilingan maqolaning tarjimasini havola etadi.

Nima yuz bermoqda? (1-qism)

Global isish bilan bir qatorda, iqlim o‘zgarishi muammosi qatoriga yog‘ingarchiliklarning bir maromda emasligi, gohida quruqchilik bo‘lishi, gohida esa birdan yog‘ingarchiliklar ko‘payib hududlarni suv bosishi ham kiradi. Aslida iqlim o‘zgarishlarining sababi nimada? Keling, bir boshdan, hozirgi davrdagi holatni tahlil qilishdan boshlaymiz.

Yer sayyorasidagi o‘rtacha harorat qanchaga ko‘tarildi?

1 °C dan ozgina ko‘proqqa - bu aslida siz tasavvur qilayotgandan-da yomonroq ko‘rsatkich. 1980 yildan, ya’ni ma’lumotlar global darajada qayd etilish boshlangandan beri va 2017 yil holatiga ko‘ra, solishtiradigan bo‘lsak, Yer sayyorasining harorati 1 °C ga oshgan. Bu raqam sezilarli emasdek ko‘rinishi mumkin, ammo unga sayyora yuzasidagi o‘rtacha ko‘rsatkich sifatida qaraydigan bo‘lsak, o‘zgarish katta ekanligini, oqibatda muzliklar eriyotganini va dengizlar darajasining keskin ko‘tarilayotganini ko‘rishimiz mumkin. Agar issiqxona gazlarining tarqalishi to‘xtamasa, olimlar Yer sayyorasi o‘rtacha haroratining 4 °C ga oshishini prognoz qilishmoqda. Bu esa quruqlikning katta qismini inson hayoti uchun yaroqsiz holga keltirib qo‘yadi.

Issiqxona effekti o‘zi nima va u iqlimga qanday ta’sir qiladi?

Bunga ishonish qiyin, lekin insoniyat issiqxona effekti haqida bir asrdan ko‘proq vaqt davomida xabardor. XIX asrda olimlar ayrim gazlarning Yerdan chiqadigan issiqlikni ushlab turishini va ularning yordamisiz bu issiqlik koinotga chiqib ketishini aniqlashdi. Bu jarayonda asosiy rolni karbonat angidrid o‘ynaydi: usiz sayyora muzlagan cho‘lga aylangan bo‘lar edi. 1896 yilda issiqxona gazlari konsentratsiyasining oshishi sababli sayyoradagi haroratning oshishi haqida ilk bor bashorat qilingan. Bugungi kunda ularning atmosferadagi soni sanoat inqilobidan oldingi davrga nisbatan 43% ga oshdi va Yerning o‘rtacha harorati olimlar bashorat qilgan qiymatgacha oshdi.

Atmosferadagi karbonat angidrid konsentratsiyasining oshayotgani uchun aynan inson javobgar deya ta’kidlash mumkinmi?

Albatta. Sanoat issiqxona gazlari tarqalishining ulushini aniqlash uchun radioaktiv nurlanishdan foydalanilgan tadqiqotlar kabi ishonchli dalillar mavjud. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, ortiqcha gaz inson faoliyatining natijasidir. Karbonat angidrid darajasi har doim tabiiy ravishda ko‘tarilgan va tushib ketgan, ammo bu o‘zgarishlar minglab yillar davom etgan. Geologlarning ta’kidlashicha, odamlar iqtisodiy faoliyat davomida karbonat angidridni atmosferaga tabiatdan ko‘ra ko‘proq intensiv ravishda chiqaradi.

Nega insonlar iqlim o‘zgarishi faktini rad etishadi?

Asosiy sabab — ideologiya. Ba’zi konservatorlar bozorga asoslangan iqlim o‘zgarishi siyosatini muhokama qilish o‘rniga, ilmiy dalillarga qarshi chiqish orqali global isishni inkor qilmoqdalar.

AQShning sobiq prezidenti Tramp bir necha bor olimlar jamoatchilikni aldash uchun butun dunyo bo‘ylab yolg‘on o‘ylab topilayotganini yoki global isish Amerika sanoatini beqarorlashtirish uchun Xitoy tomonidan o‘ylab topilganini ta’kidlagan. Skeptiklarning argumentlari shu qadar shubhali bo‘lib qoldiki, hatto neft va ko‘mir ishlab chiqaruvchi kompaniyalar ham bunday munozaralardan o‘zlarini chetlab o‘tishdi, vaholanki, ularning ba’zilari hali ham shunday qarashdagi siyosatchilarning saylov kampaniyasini moliyalashtirmoqda.

Oqibatlari qanday bo‘ladi? (2-qism)

Biz duch kelgan muammo qanchalik katta?

Ahvolimiz chatoq. Olimlarning ta’kidlashicha, yaqin 25−30 yil ichida iqlim yanada issiqlashadi va ob-havo sharoiti keskinlashadi. Marjon qoyalari va boshqa zaif yashash joylari allaqachon yo‘q bo‘lib keta boshladi. Atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilari nazoratsiz ravishda tarqalishda davom etsa, olimlar buning uzoq muddatli jiddiy oqibatlarga olib kelishidan qo‘rqishmoqda: bular, dunyo tartibining buzilishi, keng ko‘lamli migratsiya, Yer tarixidagi o‘simliklar va hayvonlarning oltinchi ommaviy yo‘q bo‘lib ketishining tezlashishi, muzliklar erishi, dengiz sathining ko‘tarilishi va dunyoning qirg‘oqbo‘yi shaharlarining ko‘p qismini suv bosishi kabi oqibatlardir. Ushbu xavflarni keltirib chiqaradigan gazlar hozirdan o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda va bu bizning avlodimiz uchun oldimizda turgan chuqur axloqiy savollar borasida bosh qotirish uchun bir imkoniyatdir.

Iqlim o‘zgarishi meni havotirga solishi kerakmi?

Siz o‘z avlodlaringizni himoya qila oladigan darajada boymisiz? Achchiq haqiqat shundan iboratki, odamlar, ba’zida buni sezmagan holda, allaqachon iqlim o‘zgarishi oqibatlarini boshdan kechirishmoqda. Misol uchun, dengiz sathining ko‘tarilishi sababli «Sendi» to‘foni vaqtida Nyu-York va Nyu-Jersining 83 000 ga yaqin aholisi zarar ko‘rdi, olimlarning fikricha, barqaror iqlim sharoitida bu holat sodir bo‘lmagan bo‘lar edi. O‘n minglab odamlar allaqachon global isish tufayli kuchaygan issiqlik to‘lqinlari oqibatida nobud bo‘lmoqda. Dunyo bo‘ylab siyosiy vaziyatni beqarorlashtirgan qochqinlar oqimi — qisman iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq. Albatta, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarda bo‘lgani kabi birinchi va eng og‘ir zarbani kambag‘allar qabul qilib oladi.

Dengizlar sathi qanchalik ko‘tarilishi mumkin?

«Qanchalik o‘sishi» emas, qanchalik tez o‘sishi ahamiyatliroq. Dengiz sathi keskin sur’atlarda ko‘tarilmoqda va hozirda har 100 yilda 0,3 metr tezlik bilan ko‘tarilmoqda, bu hukumatlar va mulk egalarini qirg‘oq eroziyasiga qarshi kurashish uchun o‘nlab milliard dollar sarflashga majbur qilmoqda. Ammo bu tendensiya o‘zgarmasa, bunday o‘sish oqibatlarini nazorat qilish mumkin, deydi ekspertlar.

Biroq, xavf shundaki, dengiz sathining ko‘tarilishi davom etaveradi. Yer tarixini o‘rganuvchi olimlar, eng yomon holatda, garchi bu ehtimoldan yiroq bo‘lsa-da, o‘n yil ichida suv yarim metrga ko‘tarilishiga ishonishadi. Ko‘pgina ekspertlarning fikricha, ertaga issiqxona gazlari chiqindilari to‘xtagan taqdirda ham, dengiz sathining 4−6 metrga ko‘tarilishi muqarrar va bu ko‘plab shaharlarni suv bosishi uchun yetarli. Albatta, agar ularni himoya qilish uchun trillionlab dollar sarflanmasa. Bu qancha davom etishi noma’lum. Ammo agar bu shunday davom etsa, u oxir-oqibat 24−30 metrgacha ko‘tarilishi mumkin.

Yaqinda yuz bergan tabiiy ofatlarning iqlim o‘zgarishiga aloqasi bormi?

Ba’zilari — ha. Olimlar issiqlik to‘lqinlarining sababi global isish ekanligi haqida ishonchli dalillarni e’lon qilishdi. Inson chiqindilari tufayli global dengiz sathi ko‘tarilgach, tropik yomg‘irlar va toshqinlar kuchayadi. Global isish Yaqin Sharqdagi qurg‘oqchilikni kuchaytirdi va yaqinda Kaliforniyadagi qurg‘oqchilikka hissa qo‘shgan bo‘lishi mumkin.

Ko‘pgina boshqa holatlarda, bo‘ron kabi tabiat hodisalarining global isish bilan bog‘liqligi aniq yoki bahsli emas. Ammo iqlim tahlilining zamonaviy usullari olimlarga tabiat hodisalari haqidagi bilimlarini doimiy ravishda yaxshilash imkonini beradi.

Nima qilishimiz mumkin? (3-qism)

Muammoning yechimi bormi?

Bor, lekin qarorlar juda sekin qabul qilinmoqda. Insoniyat uzoq vaqt davomida hech qanday chora ko‘rmadi, shuning uchun olimlarning fikriga ko‘ra, hozirda vaziyat umid baxsh etmaydi. Ammo Yer yuzida qazib olinadigan yoqilg‘i bor ekan, harakat qilish uchun hali ham kech emas. Atmosferaning qizishi faqat issiqxona gazlari chiqindilari nolga tushirilganidagina, potensial boshqarilishi mumkin bo‘lgan ko‘rsatkichga keladi. Yaxshi yangilik: avtomobillar uchun yoqilg‘i tejamkorligi standartlari, jiddiy qurilish qoidalari va elektr stansiyalari uchun emissiya chegaralari kabi dasturlar natijasida hozirda ko‘plab mamlakatlarda gaz chiqindilari miqdori kamaymoqda. Ammo mutaxassislar iqlim o‘zgarishining eng yomon oqibatlarini oldini olish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish jarayonini sezilarli darajada tezlashtirish kerak, degan fikrda.

Parij kelishuvi o‘zi nima?

Ko‘plab davlatlar kelajakda gaz chiqindilarini cheklashga kelishib olishdi. 2015 yil dekabr oyida Parij yaqinida muhim kelishuvga erishildi. Kelishuvga ko‘ra, chiqindilarni kamaytirish majburiy emas, va jiddiy oqibatlarning oldini olish uchun va’dalarning o‘zigina yetarli emas. Mamlakatlar umumiy e’lon qilingan maqsadga erishishda o‘z hissalarini oshirishlari uchun shartnoma bir necha yilda bir marta ko‘rib chiqilishi kerak. Donald Tramp 2017 yilda AQSh Parij kelishuvidagi ishtirokini to‘xtatayotganini e’lon qildi. Boshqa davlatlar, AQSh niyatidan qat’i nazar, o‘z maqsadlariga erishish uchun oldinga siljishlarini aytishdi.

Ekologik toza energiya iqtisodiyotga zarar keltiradimi?

Qayta tiklanadigan energetika sohasida aholi bandligi yuqori sur’atlarda o‘sib bormoqda. Qayta tiklanadigan eng kam energiya manbalariga shamol turbinalari, quyosh panellari, gidroelektrostansiyalar va atom elektr stansiyalari kiradi. Tabiiy gazda ishlaydigan elektr stansiyalari ham ko‘mir yoqadiganlarga qaraganda kamroq gaz chiqindilarini chiqaradi. Qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish qisqa muddatda qimmatga tushishi mumkin, ammo uzoq muddatda barcha investitsiyalar iqlimga yetkazilgan zararni qoplash va havo ifloslanishi bilan bog‘liq kasalliklarni kamaytirish orqali oqlanadi. Qayta tiklanadigan energiya bozorining kengayishi ularning tannarxini pasaytiradi va natijada toza energiya dunyoning bir qancha mamlakatlarida ishlab chiqarilgan «iflos» energiyadan arzonroq bo‘ladi.

Toza energiyaga o‘tish ko‘mir kompaniyalari kabi ayrim sanoat tarmoqlariga zarar yetkazadi, ammo, yangi ish o‘rinlarini ham yaratadi. Misol uchun, AQSh quyosh energetikasi sanoatida hozirda ko‘mir qazib olish sanoatiga nisbatan ikki baravar ko‘proq odam ishlaydi.

Freking yoki toza ko‘mir-chi?

Ikkala texnologiya ham energiyani toza qilishga yordam beradi. Freking — burg‘ulash texnologiyasi bo‘lib, odatdagi gaz qazib olish uchun ortiq yaroqli bo‘lmagan yoki foyda keltirmaydigan bo‘sh turgan quduqlarni «jonlantirish» imkonini berdi. Elektr stansiyalarida ko‘mir o‘rniga gazni yoqish qisqa muddatda chiqindilarni kamaytiradi, garchi gaz hali ham qazib olinadigan yoqilg‘i bo‘lib, uni bosqichma-bosqich to‘xtatish kerak bo‘ladi. Freking ham mahalliy ifloslanishni yuzaga keltirishi mumkin.

«Toza ko‘mir» — bu pechlarda yonish paytida chiqariladigan karbonat angidridni ushlash va uni tuproqqa olib tashlash imkonini beruvchi texnologiyalar to‘plami. «Toza ko‘mir» iqtisodiy jihatdan foydali ekanligi hali isbotlanmagan, biroq ba’zi ekspertlarning fikricha, bu texnologiyalar uzoq muddatli istiqbolda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Elektromobillar haqida nima deyish mumkin?

Savdo darajasi hamma joyda hali ham past, lekin u tez o‘sib bormoqda. Elektromobillar tungi vaqtda elektr tarmog‘idan quvvatlanadi va atrof-muhitni ifloslantirmaydi, kunduzi shahar bo‘ylab harakatlanadi. Ular yonuvchi dvigatelli transport vositalariga qaraganda ancha samaralidir va hatto qayta zaryadlash uchun zarur bo‘lgan elektr energiyasi ko‘mir yoqishdan kelib chiqqan taqdirda ham taraqqiyotga xizmat qiladi. Albatta, elektr transport vositalari toza energiya bilan zaryadlangandagina bebaho bo‘ladi. Elektrotexnika sanoati shu qadar tez rivojlanmoqdaki, ba’zi mamlakatlar 2030 yildan boshlab ichki yonuv dvigatelli avtomobillarni sotishni taqiqlashni muhokama qilmoqda.

Uglerod solig‘i, uglerod sotish va uglerod kompensatsiyasi nima?

Bu faqat ifloslanishdan kelib chiqqan harajatlarni aniqlash shartlari xolos. Inson faoliyati natijasida chiqariladigan issiqxona gazlari odatda qisqacha «uglerod emissiyasi» deb ataladi. Buning sababi shundaki, ikkita asosiy gaz, karbonat angidrid va metan tarkibida uglerod mavjud. Ba’zi boshqa ifloslantiruvchi moddalar, hatto ular tarkibida uglerod bo‘lmasa ham, soliqlar va kvotalarga tortiladi. Soliqlar, uglerod uchun kvotalarni sotish va kompensatsiyalar haqida eshitganingizda, shuni bilingki, bu iqtisodchilar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishda muhim qadam deb hisoblaydigan emissiya narxini belgilash usullaridan bir nechtasidir.

Iqlim o‘zgarishi meni qo‘rqitmoqda. Vaziyatga shaxsan qanday ta’sir qilishim mumkin?

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, muammoni faqat keng ko‘lamli kollektiv harakatlar bilan hal qilish mumkin. Butun shtatlar va davlatlar energiya sanoatini toza, mavjud bo‘lgan barcha usullardan foydalangan holda va juda tez ishlashga qaror qilishlari kerak. Shunday ekan, siz o‘z qonuniy huquqingizdan foydalangan holda qilishingiz mumkin bo‘lgan eng muhim ish: muammo haqida ochiq-oydin gapirish va o‘zgarishlarni talab qilishdir.

O‘zingiz sababli yuzaga kelayotgan uglerod zararini kamaytirishning oddiy usullari mavjud, bu sizga, shuningdek, pulni tejash imkonini ham beradi. Kundalik hayotda elektr energiyasidan oqilona foydalanish mumkin: buning uchun inttelektual termostat o‘rnatish lozim, yorug‘lik lampalarini energiyani tejaydigan lampalar bilan almashtiring, xonadan chiqayotganda chiroqlarni o‘chiring. Bundan tashqari, boshqa odamlarga qo‘shilib, jamoat transportidan foydalanish orqali ham qisqaroq masofalarga yetib borishingiz va shu bilan mashinangizdan chiqadigan zararni kamaytirishingiz mumkin. Nihoyat, o‘zining iste’mol qiladigan oziq-ovqat miqdorini, ayniqsa go‘sht iste’molini kamaytirishingiz mumkin.

Yiliga bir yoki ikkita samolyot orqali parvozdan voz kechish, umumiy jihatdan olib qaraganda, zararlarni kamaytirishi mumkin. Agar imkon qadar ko‘proq hissa qo‘shmoqchi bo‘lsangiz, elektr yoki gibrid avtomobil sotib oling yoki uyingizda quyosh panellarini o‘rnating. Agar siz yashayotgan mamlakat raqobatbardosh elektr energiyasi bozoriga ega bo‘lsa, 100% «yashil» energiyaga o‘tish o‘zingizning qo‘lingizda.

Yetakchi korporatsiyalar, jumladan, avtomobil zavodlari kabi yirik sanoat korxonalari o‘z faoliyatida davomida toza energiyadan foydalanishni boshlashdi. Kompaniyalarning siyosatiga e’tibor bering, ularning uglerod zararini kamaytirishga harakat qilayotganlarni qo‘llab-quvvatlang va boshqa kompaniyalarga siz ulardan xuddi shunday narsani kutayotganingizni bildiring.

Bu qadamlar kichik bo‘lib tuyulishi mumkin, ammo bular sizning muammo haqidagi xabardorligingizni oshiradi va atrofingizdagilarni bundan xabardor bo‘lishga undaydi. Aslida, do‘stlaringiz va oilangiz bilan iqlim o‘zgarishini muhokama qilishingiz siz qo‘shishingiz mumkin bo‘lgan eng mazmunli hissalardan biridir.