28 iyul kuni hukumatning 411-sonli qarori bilan O‘rta va o‘rta maxsus professional ta’lim muassasalarida sirtqi hamda kechki ta’limni tashkil etish tartibi nizomi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, sirtqi va kechki ta’limga ️sirtqi va kechki shaklda — boshlang‘ich professional, kasb-hunar kolleji, umumiy o‘rta (11-sinf negizida) yoki o‘rta maxsus ma’lumot to‘g‘risidagi tegishli hujjatga ega o‘quvchilar qabul qilinadi.

Ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya (lar) berishning sirtqi va kechki shaklida — o‘quvchilar bir kasb yoki mutaxassislik doirasida ikkinchi va undan keyingi kvalifikatsiya (lar)ni egallash uchun tegishli kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha professional ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjat taqdim etishi kerak.

Ularga o‘quvchilik guvohnomasi bepul beriladi. O‘quv semestri yakunigacha sirtqi ta’limda mustaqil, shu jumladan, masofadan turib ta’lim olish mumkin.

Kechki ta’limda esa o‘qish odatda kunduzgi smenadan keyingi vaqtda auditoriya mashg‘ulotlari (ma’ruza, amaliy, laboratoriya) shaklida hamda o‘quvchilarni asosiy ish joyidan ajralmagan holda mustaqil, shu jumladan, masofadan turib o‘qitish shaklida amalga oshiriladi.

Kechki ta’limda o‘qish (kunduzgi ta’limdan farqli ravishda) bir haftada, odatda, 4−5 kun bo‘ladi va haftalik o‘quv soati hajmi 20 soatdan oshmaydi.

Sirtqi ta’lim o‘quvchilariga o‘quv sessiyasida ishtirok etishi, bitiruvchi bosqich o‘quvchilariga yakuniy davlat attestatsiyalaridan o‘tishi, bitiruv malakaviy ishini himoya qilishi uchun ishlab turgan joyidan kamida 30 kalendar kunlik o‘rtacha oylik maoshi saqlangan qo‘shimcha ta’til beriladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tartiblar Adliya vazirligining yuridik texnikumlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.