So‘nggi yillarda o‘zbekistonliklar o‘zlari uchun sayohat qilish mumkin bo‘lgan qulay va arzon mamlakatlar sifatida asosan uch mamlakat — Gruziya, Turkiya hamda Ozarbayjonni tanlashmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida ayni shu uch mamlakatga sayohat qilgan va qilishni rejalashtirayotgan insonlarni ko‘p uchratish mumkin.

«Gazeta.uz» oxirgi yillarda o‘zbekistonliklar orasida Gruziyaga qiziqish nega ortib borayotgani bilan qiziqdi va ushbu mamlakatga sayohat qilgan insonlarning fikrlarini so‘radi.

«Gruziyada davlat jamiyat farovonligi uchun nima kerak bo‘lsa hammasini qilib bo‘libdi»

Jurnalist Madina Nurman 2022 yilning iyun oyida Gruziyaga sayohat qildi. U «Gazeta.uz» bilan suhbat davomida mamlakat uni nimasi bilan hayron qoldirgani, qaysi jihatlari e’tiborga molikligi va O‘zbekiston turizm salohiyatini qanday oshirish lozimligi haqida gapirib berdi.

O‘zbekistonliklarning so‘nggi yillarda Gruziyaga sayohatga qiziqishiga avvalo u yerga borib, turistik sharoitni ko‘rsata olgan o‘zimizning bloger va jurnalistlar sababchi. Keyingi navbatda, albatta, ko‘p yillardan Turkiyaga borib dam olib yurganlar o‘zi uchun yangi davlat kashf etishni xohlagani bo‘lsa kerak.

Foto: Madina Nurmanning shaxsiy arxividan.

Gruziya meni koloriti, an’ana va raqslari, ya’ni madaniyati, shuningdek kurort shaharlari, tog‘lari hamda oshxonasi bilan doim qiziqtirgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarini ko‘rib, qiziqishim yanada ortdi. Bolalikda gruzin filmlarini tomosha qilganimda ham bu yerga borish istagi tug‘ilgan edi. Ayniqsa, «Mimino»dan keyin. Qolaversa, oilamizdagi kattalarning barchasi yoshligida bu yerda bo‘lishgan. Shu sabab borishga qaror qilgan edim va bordim ham.

Gruziyada aeroport ostonasidan chiqiboq bu go‘zal va madaniyati o‘ta boy davlat shaharlarini aylanib chiqishim uchun ajratgan 6 kunim juda kamligini his qildim.

Gruziya o‘zligini saqlab qolgan kamsonli davlatlardan biri. U zamonaviylashish bilan birga qadimiy tarixining nafasi kelib turuvchi binolari, maskanlarini buzib yoki tanib bo‘lmas darajada o‘zgartirib yubormagan. U yerda zamonaviy dunyo va yoshlar ko‘rmagan tarix yonma-yon yashaydi. Odamlar Gruziyaga global dunyoning istalgan davlatida topiladigan yangi binolarni emas, aynan tarixining nafasi, avloddan-avlodga o‘zgarmay o‘tib kelayotgan gastronomik olamini his etish uchun oqib boradi.


Foto: Madina Nurmanning shaxsiy arxividan.

Keyin, Gruziyada sayyohlar uchun katta qulayliklar bor. Bu pul ayirboshlash shaxobchalarining ommabopligi, turistik firmalarning professional ishlashi, shaharlarida politsiya vakillari turistlarni bezovta qilavermasligi, bir so‘z bilan aytganda butun boshli mamlakat aynan turizm bilan nafas olishga intilishi, infratuzilmasining moslashganlik darajasi.

Gruziyada tungi hayot ma’lum me’yor va chegaralarga ega, o‘sha chet davlatlaridek politsiya nazoratida, qoidalar bilan tartibga solingan, asosiysi turistlar manfaati uchun mahalliy aholining tinchini buzmaydigan tarzda bo‘lishi kerak. Masalan, Tbilisida bo‘lganimizda brodvey ko‘chasida hayot kechki 18:00 dan tongi 04:00 gacha qaynashini aytishdi. Har qadamda politsiya vakillari nazorat qilib yurganini ko‘rdik.


Foto: Madina Nurmanning shaxsiy arxividan.

Gruziyada yashab, odam shahar infratuzilmasi aynan odamlar uchun mo‘ljallab tuzilganini his qiladi. Biz borgan Tbilisida ham, Batumida ham har qadamda chiqindi urnalari, yo‘l ko‘rsatkichlari, elektron xizmat ko‘rsatish avtomatlari, nogironlar uchun yaratilgan sharoitlar, transport tizimining qulayligi, umuman bir odamga kerakli hamma narsa borligini ko‘rdik. Atrof-muhitga bo‘lgan g‘amxo‘rlikning yuqori darajasini his etdik. Bir so‘z bilan juda havas qildik. Davlat jamiyat farovonligi uchun nima kerak bo‘lsa hammasini qilib bo‘libdi, degan xulosa qildik.

Foto: Madina Nurmanning shaxsiy arxividan.

O‘ylashimcha, O‘zbekiston o‘zining turizm salohiyatini rivojlantirishi uchun avvalo turizm sohasi mutaxassislari borib, turli mamlakatlardagi infratuzilmani o‘rganib kelishi lozim. O‘rganganda ham haqiqiy oddiy sayyohlardek piyoda kezishi, his etishi ham kerak. Quruq hisobotlar-u, va’dalar bilan ish bitmaydi. Soha vakillari xaqiqiysiga ishlashi kerak bo‘ladi. Lozim topishsa o‘sha Turkiya, Gruziya, Singapur, Malayziya, yana odamlarimiz ko‘p boradigan davlatlardan hech bo‘lmasa bir nafardan qimmatli kadrlarni olib kelib tajriba o‘rganish kerak. Sayyohlar uchun elementar imkoniyatlar, infratuzilmani yaratish kerak. Faqat festival va tadbirlar bilan ish bitmaydi, bular infratuzilmadan keyingi bosqich bo‘lishi kerak aslida.

«Gruzinlar mamlakatida kafe-restoranlari zo‘rligi, dengiz bo‘yida joylashgani, tabiati ajoyibligi sabab ham turizm bilan shug‘ullanishadi»

PR mutaxassis Bobur Abidov 2021 va 2022 yillari Gruziyaning Tbilisi hamda Batumi shaharlarida bo‘lgan. U «Gazeta.uz» bilan suhbatda ushbu mamlakatning turizm salohiyati, tungi hayoti, O‘zbekistonning hozirdagi va kelajakda turizm bo‘yicha qilishi kerak bo‘lgan ishlari haqida gapirdi.

O‘zbekistonliklar Gruziyaga sayohatga borishni tanlashi, menimcha, mamlakatning dengiz bo‘yida dam olishning eng arzon variantlaridan biri ekanligida. Ya’ni Gruziyani Turkiyadan ham arzonroq deyishadi. O‘zim Turkiyada bo‘lmaganman, Gruziyada chindan ham ancha arzonchilik. Yana bir tomoni, u yerning ovqatlari, insonlarining muomalasi o‘zbeklarnikiga o‘xshaydi, ijara, transport haqlari ham anchagina arzon. Asosiy sabablaridan birini shunda deb o‘ylayman.

Foto: Bobur Abidovning shaxsiy arxividan.

Gruziyaga borishimning sabablaridan biri, do‘stlarim u yerga borishgan va tavsiya qilishgan edi. Oilam bilan sayohat qilganim uchun ham arzonroq variant, mablag‘imizni yetkazishni o‘ylagandik. O‘zi biz mustaqil sayohat qilishga o‘rganganmiz, masalan, mehmonxonalarda ham turmaymiz, turli platformalar orqali ijara uylarini topamiz, o‘zimiz marshrutlar tuzamiz. Gruziyaga ikkinchi marta borganda ijaraga avtomobil olib, Tbilisidan Batumiga avtomobilda bordik. Bu o‘zimiz uchun ancha qulay.

Gruziyaning turizm salohiyati O‘zbekistonnikiga qaraganda ancha rivojlanganining sabablaridan biri, u yerda turli xil yer osti boyliklari yo‘q. Ya’ni, gaz, uran va hokazo kabi boyliklari yo‘q. Ularning asosiy boyligi tabiati, odamlari. Shuning uchun ular o‘zlariga asosiy soha sifatida mehmondo‘stlikni tanlagan. Kafe-restoranlari zo‘rligi, dengiz bo‘yida joylashgani, tabiati ajoyibligi sabab ham turizm bilan shug‘ullanishadi. Juda ko‘p odam shundan pul topib, tirikchiligini o‘tkazishini ham ko‘rdik. Mehmondo‘stlik bizning ham qon-qonimizga singib ketgan. Ammo biz endi bu sohani rivojlantiryapmiz. Umid qilamanki, kelajakda O‘zbekiston ham Gruziyadan qolishmaydigan turizm markaziga aylanadi.


Foto: Bobur Abidovning shaxsiy arxividan.

O‘zbekistonning turizm salohiyatini rivoj topdirish bo‘yicha to‘g‘ri yo‘lda ketyapmiz, deb o‘ylayman. Hozir tezlik bilan Gruziyaning darajasiga chiqishning imkoni yo‘q. Odamlar hozir turizm sohasida ishlab, sayyohlarga xizmat ko‘rsatib, yaxshi pul topish mumkinligini tushunyapti. Bu yerdagi taklif ortib borayotgani sababli turistlar ham ko‘proq kelyapti. Ular ham infratuzilma rivojlanayotganini, mutaxassislar paydo bo‘layotganini tushunyapti.

Gruziyada tungi klublar ko‘p ekan. Oilamiz bilan kechasi ko‘p ham yurmaganimiz va qo‘limizda yosh farzandimiz borligi uchun tungi klublar qanday ekanligini aytib berolmayman. Lekin Tbilisida ham, Batumida ham shahar markazida yashaganimizda ko‘chalarda qo‘shiqlar yangrayapti, kafelarda musiqalar ovozlari eshitilyapti. U yerda ham Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida joylashgan brodveyga o‘xshash joy bor. Shu joylarda musiqachilar o‘z asarlarini ijro etib, ijodlarini ko‘rsatishyapti.


Foto: Bobur Abidovning shaxsiy arxividan.

Bu kabi narsalar bizga ham kerak. Chunki O‘zbekiston yoshlar mamlakati. Ular ham o‘ynab-kulib, vaqtini chog‘ o‘tkazishlari kerak deb o‘ylayman. Bu birinchi navbatda o‘zimiz uchun, keyin esa turistlar uchun kerak deb o‘ylayman.

Kuzatsangiz O‘zbekistonga asosan keksa turistlar keladi. Ularga ziyorat turizmi ko‘proq qiziq. Yoshlar kelishi uchun esa ularbop narsalarni topish kerak. Masalan, Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq tumanida o‘tkazilgan «Stixiya» festivalidek tadbirlarni ko‘proq o‘tkazish kerak.

Gruzinlar mehmonlariga ochiqko‘ngillik bilan yondoshadi. Ya’ni ularni boricha qabul qiladi. Masalan, kimdir diniy qarashlar doirasida ma’lum mahsulotlarni yemaydi. Ular uchun halol ovqatlar, mahsulotlar ko‘p. Yoki kimdir spirtli ichimlik iste’mol qilsa, ular uchun ham turli takliflar bor. Bizda ham shunga kelinadi, deb o‘ylayman. Toshkentda barcha sharoitlar yaratilgan. Turistlarning maqsadiga qarab, turli viloyatlarimiz, yirik shaharlarimiz va olis qishloqlarimizda ham, tog‘lardagi cho‘l zonalarda ham shunday sharoitlar yaratilsa yaxshi bo‘lardi. Albatta, barchasi qonun doirasida bo‘lishi kerak.

Gruziyada dengizni ko‘rish, havoni his qilish yoqimli. Qolgan jihatlari o‘zimizga xos. Misol uchun, Yandeks Taksi orqali taksi chaqirdim, unga O‘zbekistondan olgan viza-kartam orqali to‘lov qildim. Zamonaviy inson uchun chegaralar katta ahamiyatga ega emas.


Foto: Bobur Abidovning shaxsiy arxividan.

O‘tgan yili Tbilisiga birinchi marta borganimda u yer ko‘proq yoqqandi. O‘zining faol hayoti, odamlarning tempi bilan. Batumida esa hayot biroz boshqacha. U yerda odamlar biroz kech uyg‘onadi, dengiz bo‘yiga borib sport bilan shug‘ullanadi, restoranda ovqatlanadi, aylanib yuradi.

Gruziyaning O‘zbekistondan farqi qanday? Masalan, bizda erta tongda issiq non topa olasiz, do‘konlar ertaroq ochiladi. Nafaqat markaz, turli tumanlarda ham. Gruzinlar esa savdoni kechroq boshlashar ekan. Iqlimida ham farq bor. Gruziyada namlik yuqoriligi uchun terlab ketadi odam. Ovqatlari sal achchiqroq. Bu narsaga Farg‘ona vodiysidan kelganlar ko‘proq mosroq bo‘lsa kerak. Sababi vodiyda ham achchiq ovqat ko‘proq iste’mol qilishadi.

Gruziyaga borganda bir necha marta osh tayyorladim. O‘sha paytda zirani topishda qiynaldim. Ularda zirani maydalab sotishar ekan. Bir rus ayol topishimga yordam berdi.


Foto: Bobur Abidovning shaxsiy arxividan.

Hozir O‘zbekistonda mehmonxonalar, kafelar ko‘paymoqda, xizmat ko‘rsatish sohasi ingliz tili bo‘yicha rivojlanyapti. Biz avvaldan borib yuradigan kafelarda ham yangilanishlar ko‘paymoqda. Umid qilamanki, 5 yildan keyin hozirgidan ancha ko‘proq kafe va mehmonxonalar bo‘ladi. Arzon bo‘lsa yanada yaxshi. Shuningdek, ijara uylarini turli platformalar orqali berish ham, taksi sohasida ham o‘sish bo‘ladi.

«Media sohasida ishlaydigan insonlarga Gruziyaga juda ko‘p odam ketayotgandek bo‘lib tuyuladi»

PR-mutaxassis, Venkon Digital reklama agentligi asoschilaridan biri Abror Ismoilov so‘nggi yillarda bir necha bor Gruziyaga tashrif buyurgani, ushbu mamlakatda turizm avvaldan rivojlangani, lekin O‘zbekistonda sayyohlar borishi mumkin bo‘lgan joylar Gruziyadan ancha ko‘p ekani haqida gapirdi.

So‘nggi yillarda Gruziyaga qiziqish ortishining sabablaridan biri bu — PR, ya’ni ko‘pchilik blogerlar borib, bu mamlakatni ko‘rayotganligi va arzon ekanligini aytayotganligi tufayli. Lekin Gruziya umuman olganda arzon emas, to‘g‘ri Yevropa bilan solishtirganda arzonroq, ammo Turkiyada ham deyarli bir xil narx. Menimcha, ko‘proq gruzin fuqarolari rus tilini tushunishi, ushbu mamlakatning taomlari, madaniyati, chiroyli joylari va dengiz borligi odamlarni jalb qilyapti.


Foto: Abror Ismoilovning shaxsiy arxividan.

Gruziyaga birinchi marta borganimizda O‘zbekistonning chiroyli varianti deb o‘ylagan edik. U yerga borsangiz mamlakat juda rivojlanib ketmaganini ko‘rishingiz mumkin. Qashshoqlar ko‘p, o‘zining aravasini zo‘rg‘a tortib ketayotgan davlat. Lekin u yerdagi qonun-qoidalarning, davlat organlarining ishlashi, jamiyatning pozitsiyasiga havas qilib borganmiz va qanday ishlashini ko‘rganmiz. Xuddi O‘zbekistonga o‘xshagan joy, yevropacha yashash tarzi, lekin to‘liq Yevropa ham deb bo‘lmaydi, lekin shu bilan birga O‘zbekistonga ham o‘xshamaydi.

Gruziyaga ko‘p odam borayotgani haqidagi gap-so‘zlarga qo‘shila olmayman. Chunki u yerga juda ko‘p odam bormayapti. Media sohasida ishlaydigan insonlarga Gruziyaga juda ko‘p odam ketayotgandek bo‘lib tuyuladi. Chunki har ikki tanishimizdan biri «Gruziyadaman», deydi, sababi «Gruziya muvaffaqiyatga qanday erishdi?» kitobining reklamasidan keyin boshlanib ketgan PR-aksiya media sohasidagi odamlarni jalb qilyapti. Turkiyaga boradigan odamlarning soni Gruziyaga boradigan odamlarning sonidan o‘n barobar ko‘proq. Batumi va Tbilisiga haftasiga ikki martadan samolyot bor. Turkiyaga kuniga uch yoki to‘rt marta samolyot bor va hammasi to‘la, bo‘sh chipta topish qiyin. Antaliyaga-ku chipta deyarli yo‘q, narx qimmat, lekin shunda ham odamlar olyapti. Gruziyaga ham narx shunday, Turkiya bilan narx deyarli bir xil.


Foto: Abror Ismoilovning shaxsiy arxividan.

SSSR davridan buyon Gruziyada turizm madaniyati rivojlanib kelgan. O‘zbekistonda unday emas, bizda yaqinda boshlandi. Lekin turistik salohiyat haqida gapirganda, Gruziya bilan solishtirganimda, O‘zbekiston lokatsiyalar bo‘yicha ancha zo‘r. Shunchaki, Gruziyada ob-havo yaxshi, ko‘kalamzorlashtirilgan, daraxtlar va suvning ko‘pligi, dengiz borligi, madaniyati ham uyg‘unlashgan. Gruziyadagi Suxumi juda katta turistlar boradigan joy, Qora dengizning bo‘yida joylashgan.

O‘zbekistonda tarixiy obidalardan tashqari turizm salohiyatini rivojlantirish uchun avvalo turizm haqiqatan ham pul olib kelishini odamlar bilishi, tushunishi kerak. Ikkinchidan, infratuzilma rivojlangan bo‘lishi kerak.


Foto: Abror Ismoilovning shaxsiy arxividan.

Gruziyada tunda hayot to‘xtamaydi. Tbilisida tungi soat ikki yoki uchlarda ko‘chaga chiqsangiz odamlar yurgan, bar, restoranlar ochiq bo‘ladi. Transport yuradi, hamma yerda chiroq bor, qishmi, yozmi farqi yo‘q. Ko‘chaning o‘zida gruzinlarning o‘zi nimadirlar qilib yurgan bo‘ladi, qo‘shiq aytadi, o‘ynaydi. Va bu narsa ko‘plab yoshlarni jalb qiladi. Siz soat ikkida ham, uchda ham ko‘chaga chiqsangiz hamma joy ochiq va doimiy ishlayotgan bo‘ladi. Siz o‘zingizni xavfsiz his qilasiz, chunki hamma odamlar kunduzi qanday yurgan bo‘lsa kechqurun ham shunday yurgan bo‘ladi.

Besh yildan keyin O‘zbekistonda turizm salohiyati, o‘ylashimcha, zo‘r bo‘ladi. Yaxshi ishlar qilinyapti, agar shu turizm sohasida ishlaydigan odamlarning o‘ylagan niyatlari amalga oshsa, zo‘r bo‘ladi. Lekin jamiyatning o‘zi ham shu darajaga yetishi kerak. Aytganimday, o‘ylab topilgan chegaralar o‘zi yo‘q bo‘lib ketishi kerak. Besh yildan so‘ng dengizni ko‘rgan o‘zbekistonliklar soni besh millioncha yoki hozirgidan besh baravar ortsa kerak.

«Gazeta.uz» tez kunlarda ushbu materialning 2-qismini e’tiboringizga havola qiladi.