Joriy yilning birinchi yarmida davlat xizmatlari ko‘rsatilishi sohasida jami 72 717 ta qonun buzilish holati aniqlandi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot kotib Sevara O‘rinboyeva.

Bunda ayrim davlat idoralari davlat xizmatlarini vaqtida ko‘rsatmay, fuqarolarni sarson qilgan, ularning murojaatlarini e’tiborsiz qoldirgan.

Shundan, 56 059 ta holatda xizmat ko‘rsatishda muddat buzilgan. 7012 ta holatda idora vakillari ortiqcha hujjat talab qilgan. 4522 tasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat xizmati ko‘rsatish talablari buzilgan.

Shuningdek, xizmat ko‘rsatishni asossiz rad etish bo‘yicha 1245 ta holat aniqlangan. Yana 10 tasida vakolatli organning qonuniy talabi bajarilmagan hamda 3869 ta boshqa turdagi qonun buzilishlar sodir bo‘lgan.

Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan vakolatli idoralarga 476 ta taqdimnoma kiritildi, 114 ta profilaktik suhbat o‘tkazildi hamda 720 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi, deyiladi matbuot kotibi xabarida.

Qo‘llanilgan ta’sir choralari natijasida 496 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ulardan 10 nafar shaxs egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Shuningdek 720 nafar shaxsga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llangan.