O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston hukumatini xalqaro hamjamiyatining asosiy talablariga rioya etishga chaqirdi. Bu haqda Toshkent shahrida o‘tayotgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy taraqqiyot” xalqaro konferensiyasi ishtirokchilariga yo‘llangan murojaatda qayd etilgan, deb xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

“Biz Afg‘onistonning hozirgi hukumatini terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari oldini olish va ularga qarshi kurashish, barcha xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzish uchun o‘zining qat’iy irodasini namoyon etib, keskin choralar ko‘rishga chaqiramiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bu muvaqqat hukumatga ishonchning mustahkamlanishiga olib keladi, Afg‘oniston uchun yon atrofdagi davlatlar va xalqaro hamjamiyat bilan do‘stlik, yaqin qo‘shnichilik va o‘zaro foydali hamkorlik muhitida barqaror taraqqiy etish bo‘yicha aniq istiqbollarni ochadi”, — deyiladi davlat rahbari murojaatida.

Mazkur xalqaro konferensiyada 20 dan ortiq mamlakatdan 100 dan ortiq delegatsiyalar, BMT, Yevropa Ittifoqi, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti va boshqalar qatnashmoqda. Afg‘oniston muvaqqat hukumati delegatsiyasini tashqi ishlar vaziri v.b. Amirxon Muttaqiy boshchiligida ishtirok etayapti.

Davlat rahbari shuningdek, mazkur konferensiya Afg‘onistonning yangi hukumati bilan afg‘on xalqi va butun xalqaro hamjamiyat manfaatlarini har tomonlama hisobga olishga asoslangan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy fikr almashish uchun imkon yaratadi deb ishonch bildirdi.

“O‘zbek va afg‘on xalqlari ming yil davomida yonma-yon yashab keladi. Bizni umumiy va madaniy tarixiy qadriyatlar, din va buyuk ajdodlarimizning merosi birlashtirib turadi”, — deyiladi davlat rahbari murojaatida.

Foto: O‘zbekiston TIV matbuot xizmati.

“Ta'kidlash kerakki, Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa, O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi. Shu sababli o‘zining yangi tarixida ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar inqirozga duch kelayotgan Afg‘onistonga nisbatan e’tibor susayib borayotgani xavotir uyg‘otmasdan qolmaydi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Aminmizki, jahon hamjamiyati bugun 90 yillardagi holatlarni takrorlamaydi, — dedi prezident. — Ularni chetlab o‘ta oladi va maqsadga albatta erishish lozim. Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatni yanada yomonlashuviga olib kelishi muqarrar. Shu bois bunday holatga yo‘l qo‘ymaslik muhimdir. Chunki, gap millionlab insonlarning taqdiri haqida bormoqda”.

Ta’kidlanishicha, hozirgi paytda Afg‘oniston muvaqqat hukumati mamlakatda tinchlikni qaror topdirish bo‘yicha muayyan qadamlar qo‘ymoqda. Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar, xalqaro hamjamiyat bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga harakat qilmoqda.

“Biz bu say-harakatlarni rag‘batlantirishimiz va qo‘llab quvvatlashimiz zarur, — dedi O‘zbekiston yetakchisi. — Shu bilan birga, davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson ayniqsa xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lib qolmoqda”.

Qayd etilishicha, yaqinda BMT bosh assambleyasi tomonidan qabul qilingan Janubiy va Markaziy Osiyo o‘rtasidag o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya ham Afg‘onistonda tinchlikni saqlash, xalqaro xavfsizlikni ta’minlash uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega ekanini tasdiqladi.

“Biz bugun — xalqaro hamjamiyat Afg‘oniston xalqi bilan birdamlikni namoyon etishimiz zarur. O‘z sa’y-harakatlarimizni mamlakatni tinch, barqaror afg‘on o‘lkasiga, terrorizm, urush va narkotiklardan holi mamlakatga aylantirish uchun poydevor yaratishga safarbar qilishimiz lozim”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Afg‘oniston iqtisodiyotini qayta tiklash vazifasi bizning umumiy ustuvor yo‘nalishimizga aylanishi zarur. Ayni shunday qarash jafokash afg‘on zaminida mustahkam tinchlik o‘rnatishning muhim sharti hisoblanadi. Bu yo‘nalish mamlakatning xususan mintaqalararo iqtisodiy jarayoniga integratsiyalashuvini, infratuzilmalarga doir va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga oladi”, — deya yakunlandi prezident murojaati.