O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 21 iyul kuni «Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori (396-son) qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligi matbuot kotibi.

Qaror bilan normativ-huquqiy hujjatlarni «tartibga soluvchi gilotina» usuli orqali tizimlashtirish natijasida 422 ta hukumat qarori o‘z kuchini yo‘qotdi.

O‘z kuchini yo‘qotgan hujjatlarning 90 foizi (331 ta)ni yaxlit qarorlar, 10 foizi (91 ta)ni esa hujjatlarning ayrim bandlari tashkil qiladi.

Mazkur hujjatlarning bekor qilinishiga quyidagilar asos bo‘lgani ta’kidlandi:

  • ️keyinroq qabul qilingan hujjatlar bilan bir xil normalarning mavjudligi;
  • ️normalarning keyinroq qabul qilingan hujjatlar normalariga zid kelib qolganligi;
  • ️qarorlarning qabul qilinishiga asos bo‘lgan yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjatlarining bekor qilinganligi natijasida o‘z dolzarbligini yo‘qotganligi;
  • ️qarorlar bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan boshqa qarorlarning o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganligi;
  • ️qarorlarda belgilangan bir martalik, vaqtinchalik bajarilishi lozim bo‘lgan topshiriqlarning ijrosi ta’minlanganligi.

Hujjat Adliya vazirligi tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.