Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash ishlarining birinchi bosqichi yakunlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘z tizimida korrupsiyaga qarshi standartlarni joriy etayotgan 24 ta tashkilotda eksperiment tariqasida o‘tkazilganini ma’lum qildi.

Baholash natijalariga ko‘ra, 24 ta davlat tashkilotining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligi 0 balldan 100 ballgacha reytingda baholanib, 3 ta tashkilot faoliyat samaradorligi «yaxshi» — 81 balldan 100 ballgacha, 10 ta tashkilot faoliyati «qoniqarli» — 55 balldan 81 ballgacha va 11 ta tashkilotning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati «qoniqarsiz» — 55 balldan past toifalarga ajratildi.


1-guruh — faoliyati «yaxshi» deb topilgan tashkilotlar

  • Davlat bojxona qo‘mitasi;
  • Davlat soliq qo‘mitasi;
  • Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

2-guruh — faoliyati «qoniqarli» deb topilgan tashkilotlar

  • Adliya vazirligi;
  • Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi;
  • Maktabgacha ta’lim vazirligi;
  • Transport vazirligi;
  • Davlat statistika qo‘mitasi;
  • Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi;
  • Davlat aktivlarini boshqarish agentligi;
  • Texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
  • Toshkent shahar hokimligi;
  • Toshkent viloyat hokimligi.

3-guruh — faoliyati «qoniqarsiz» deb topilgan tashkilotlar

  • Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi
  • Xalq ta’limi vazirligi;
  • Qurilish vazirligi;
  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi;
  • Moliya vazirligi;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi;
  • Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi;
  • Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi;
  • Kadastr agentligi;
  • Bo‘ka tumani hokimligi;
  • Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi.

Antikorrupsiya agentligi ta’kidlashicha, «reyting baholash natijalari u yoki bu tashkilot (soha)ni korrupsiyalashgan yoki korrupsiyadan xoli degan fikrni bermaydi».

Baholash davlat tashkilotlari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashishda bir necha tendensiya va uslublardan foydlanib, amalga oshirilayotganini ko‘rsatdi.

Xususan, Davlat bojxona va Soliq qo‘mitalari o‘z tizimidagi barcha korrupsion xavf-xatarlarni baholash va ulardagi xatar omilini minimallashtirish hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmasi faoliyatini barcha tarkibiy va hududiy bo‘linmalarda tashkil etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali tizimini joriy qilgan. Bu, o‘z navbatida, barcha jarayonlarni nazorat qilish mavjud xavflarga tezkorlik bilan munosabat bildirib borish imkonini beradi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, davlat tashkiloti rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murosasiz pozitsiyasi va tashkilot tizimiga, ayniqsa aholi va tadbirkorlar bilan bevosita munosabatga kirishuvchi yo‘nalishlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish orqali korrupsiyaga qarshi kurashish tendensiyasi ham mavjud. Bunga misol sifatida Adliya vazirligi, Davlat bojxona, Soliq va Statistika qo‘mitalarini ko‘rsatish mumkin.

Umuman olganda, baholash natijalari joriy yil «Ijtimoiy fikr» Respublika jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan korrupsiyaning tarqalganlik darajasini jamoatchilik ongida idrok etilishini baholashga qaratilgan so‘rov natijalari bilan hamohang ekanligini ko‘rsatdi.

Xususan, so‘rovnoma natijalariga ko‘ra aholi tomonidan eng korrupsiyalashgan yo‘nalishlar sifatida qayd etilgan sog‘liqni saqlash, kadastr, oliy ta’lim sohalariga javobgar bo‘lgan Sog‘liqni saqlash vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati «E-Anticor.uz» elektron platformasiga kiritilgan ma’lumotlarni tahlil qilish va ekspertlar fikriga ko‘ra qoniqarsiz deb topildi.

Bu esa, korrupsiyaning tarqalganlik darajasini pasaytirish avvalambor, tashkilotda uning oldini olish uchun qo‘llanilayotgan preventiv mexanizmlarga bevosita bog‘liq ekanligini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ta’kidlanishicha, «E-Anticor.uz» elektron platformasiga ayrim hujjatlar yoki qilingan ishlar kiritilmagan yoki noto‘g‘ri kiritilganligi oqibatida tashkilotlarga tegishli ballar berilmasligining oldini olish maqsadida reytingning dastlabki natijalari tashkilotlarga taqdim qilingan, ularning fikr va e’tirozlariga asosan yakuniy reyting shakllantirilgan.

Baholash yakunlari bo‘yicha:

  • «yaxshi» deb baholangan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi;
  • «qoniqarli» deb baholangan davlat tashkilotlariga ularning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar kiritiladi;
  • «qoniqarsiz» deb baholangan davlat tashkilotlarida korrupsiyaga qarshi kurashishda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqiladi va ijrosi ta’minlash yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari har chorakda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning yig‘ilishlarida eshitib boriladi.

Reyting baholash natijalari Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashiga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur reyting baholash tizimi yil yakuniga ko‘ra barcha davlat idoralari va tashkilotlari faoliyati bo‘yicha amalga oshiriladi.