5 iyul kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Suhbat avvalida Rossiya prezidenti davlat rahbari tomonidan Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan qat’iy choralarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

O‘zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘tgan yil noyabr oyida Moskva shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuvda erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Ikki tomonlama muloqotlar va o‘zaro almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan o‘zaro savdo hajmi 35 foizga oshdi. Yirik investitsiya loyihalari va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlari davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Mintaqa kun tartibidagi masalalar yuzasidan ham fikr almashildi, bo‘lajak tadbirlar rejasi, shu jumladan Samarqand shahrida o‘tkaziladigan SHHT Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasidagi tadbirlar ko‘rib chiqildi.