O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat rahbarlari joriy yil iyun oyida Toshkent shahrida o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv yakunida erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini ko‘rib chiqdilar.

Suhbat avvalida Tojikiston prezidenti O‘zbekiston rahbarining Qoraqalpog‘istonda barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo, transport va sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Toshkent va Dushanbe shaharlari o‘rtasida yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgani, Zarafshon daryosida Yavan GESi qurilishi loyihasi bo‘yicha amaliy ishlar boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi yuzasidan fikr almashildi.

Tojikiston rahbari matbuot xizmati xabariga ko‘ra, prezidentlar mintaqaviy xavfsizlik masalalari, ikki davlatning mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi yuzasidan ham fikr almashgan.