Nukusda bo‘lib turgan prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarda huquqni muhofaza qilish organlari va tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lganligini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriylar va faollar bilan uchrashuv o‘tkazib, vatandoshlarga va Jo‘qorg‘i Kenges deputatlariga murojaat qildi.

«Ilgari xabar qilinganidek, bir guruh shaxslar 2022 yil 1 iyul kuni Nukus shahrida soxta shiorlarni o‘ziga niqob qilib olgan holda, fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning fikrini chalg‘itib, hokimiyat vakillarining qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, tartibsizliklar keltirib chiqardi, mahalliy davlat hokimiyati organlari binolarini egallab olishga urindi», — dedi u.

Ular 2022 yil 2 iyul kuni jamoat tartibini buzishga qaratilgan harakatlarni to‘xtatish haqidagi talablarga quloq solmasdan, respublikaning ma’muriy markazidagi asosiy ko‘chalarda buzg‘unchi harakatlarni davom ettirgani qo‘shimcha qilindi.

«Bundan tashqari, tartibsizliklarda qatnashgan ayrim kimsalar huquq-tartibot organlari xodimlari bilan to‘qnashuvlarni keltirib chiqarishga, qo‘riqlanadigan hududlarga zo‘ravonlik bilan bostirib kirishga urindi, binolarga tosh va turli buyumlar otishdi», — dedi prezident.

«Shahar bo‘ylab yurish davomida ular infratuzilma obyektlariga sezilarli darajada zarar yetkazishdi, — deya so‘zida davom etdi u. — Binolarning oynalarini sindirib, yong‘inlar sodir etishdi. Bir nechta guruhlar qurol-yarog‘larni qo‘lga kiritish maqsadida Nukus shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Milliy gvardiya boshqarmasi binolarini egallashga urinishdi».

«Ushbu kimsalar son jihatiga ko‘ra nisbiy ustunlikdan foydalanib, huquq-tartibot organlari xodimlariga hujum qilishdi, ularni ayovsiz kaltaklab, og‘ir tan jarohatlari yetkazishdi. Ming afsuski, tinch aholi va huquq-tartibot organlari xodimlari orasida qurbonlar bor», — dedi Shavkat Mirziyoyev.